Barcha harakat - fuqarolarning xavfsizligi uchun!
Namangan viloyati IIB YHXB xodimlari tomonidan yo‘llarda xavfsizlikni ta'minlash, piyodalar va haydovchilarni harakat madaniyatiga o‘rgatish, namunali harakat ishtirokchilari sonini oshirish va shu orqali YTHlarni oldini olish maqsadida har kuni hududlarda uchrashuv va targ‘ibot tadbirlari o‘tkazib kelinmoqda. Xususan, Namangan shahri, Norin, Chust, Mingbuloq, Uychi tumanlarida o‘tkazilgan tadbirlarda ham xodimlar tomonidan haydovchilarga belgilangan tartibda chetga chiqmaslik, o‘zi va o‘zgalar hayotiga befarq bo‘lmaslik, harakat davomida boshqa harakat ishtirokchilarini hurmat qilish va tartibli harakatni yo‘lga qo‘yish borasida tushuntirish ishlari olib borildi.
MFY faollari ham jalb etilgan uchrashuvlarda ularga o‘z hududlaridagi avtomashinaga ega bo‘lgan fuqarolar bilan lozim bo‘lsa uyma-uy yurib harakat xavfsizligini targ‘ib etish, avtohalokatlarni oldini olishdagi targ‘ibotlarda faol ishtirok etishga chaqirildi.
Bundan tashqari “Qamchiq” dovonidan harakatlanuvchi haydovchilar bilan ham suhbat o‘tkazilib, unda hushyor holda harakatlanish, harakat vaqtida charchoqni his qilganda darhol avtomashinani to‘xtatib mizg‘ib olish, texnik nosoz bo‘lgan transport vositasini boshqarmaslik yuzasidan yo‘riqnomalar berildi.
Shuningdek, YPX inspektorlaridan tashkil topgan maxsus guruhlar tomonidan shahar va tuman hududlarining avtomobil qatnov yo‘li bo‘yida joylashgan maktablarda bolalarning yo‘llarda xavfsiz o‘tishlari uchun har kuni erta tongdan xizmat yo‘lga qo‘yilgan.
Joylarda avtohalokatlarni oldini olishga qaratilgan reyd va targ‘ibot tadbirlari davom etmoqda.
Namangan viloyati IIB Axborot xizmati