Aholi tinchligi va xavfsizligini ta'minlashdagi hamkorlik samarali natija kafolatidir.
Yurtimizda jamoat tartibini saqlash va fuqarolar xavfsizligini ta'minlashda ichki ishlar organlari hamda jamoatchilik vakillari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik muhim ahamiyatga ega.
Bu boradagi ishlar Ichki ishlar vazirligi rahbariyati tomonidan alohida nazoratga olinib, “mahallabay” va “fuqarobay” ishlash tizimi ham samarali yo‘lga qo‘yilgan.
Xususan joriy yilning 31 iyul' kuni Ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari tashabbusi bilan Namangan viloyati IIB Patrul'-post xizmati va jamoat tartibini saqlash boshqarmasida Namangan shahri hududida tungi xizmatga jalb etilgan IIO shaxsiy tarkibi, barcha MFY raislari hamda boshqa hamkor tashkilot va idoralar vakillari ishtirokida yo‘riqnoma o‘tkazildi.
Unda shahar hududida kuch-vositalarni to‘g‘ri taqsimlash, jinoyatchilik holati og‘ir mahallalarda nazoratni yanada kuchaytirish orqali sodir etilayotgan jinoyatlarga qarshi kurashish, ayniqsa, tungi vaqtlarda uyushmagan yoshlar tomonidan sodir etilishi mumkin bo‘lgan jinoyatlarning barvaqt oldini olish, fuqarolar xavfsizligini ta'minlash, ularning hayoti, sog‘lig‘i va mol-mulkini jinoiy tajovuzlardan himoya qilish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.
Bunda, mahalla oqsoqollari va faollari tomonidan yoshlarni qonunga itoatkorlik hamda Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalashda o‘zlarining ko‘p yillik ijobiy tajribalaridan foydalangan holda ichki ishlar organlariga yelkadosh bo‘lishlari haqida alohida to‘xtatilib o‘tildi.
Shu bilan birga, ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan xizmat vaqtida fuqarolar bilan xushmuomalada bo‘lish, qonunchilik va xizmat intizomiga qat'iy rioya qilish lozimligi ta'kidlandi.
Bu tajribani viloyatning boshqa hududlarida ham tatbiq etish orqali fuqarolarimizni ertangi kunga bo‘lgan ishonchini oshirish va ularni rozi qilish asosiy maqsadimiz ekanligi yana bir bor eslatib o‘tildi.
Namangan viloyati IIB Axborot xizmati