25 Oktyabr 2023 yil 1526

Namangan viloyati IIB boshlig‘i, polkovnik Sh.X.Aliyevning “25-oktyabr — Ichki ishlar organlari xodimlari kuni” bayrami munosabati bilan soha xodimlari va faxriylariga yo‘llagan bayram tabrigi

Hurmatli Ichki ishlar organlari xodimlari!

Qadrli faxriylar!

Avvalo, Siz azizlarni 25-oktyabr – Ichki ishlar organlari xodimlari kuni bayrami bilan samimiy tabriklayman.

O‘zining hayotini fuqarolar tinchligi va osoyishtaligi yo‘liga fido qilib, huquq va erkinlikni ishonchli himoya qilish, jamiyatimizda qonun ustuvorligini taʼminlashdek sharafli va masʼuliyatli ishga bag‘ishlab kelayotgan mard va jasur xodimlar, aziz faxriylarimiz hamda xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan hamkasblarimizning oila aʼzolarini samimiy tabriklab, barcha ezgu tilaklar amalga oshishini tilayman.

O‘tgan davr mobaynida barcha sohalar kabi, ichki ishlar organlarida ham tizimli islohotlar amalga oshirilib, xalq manfaatlariga xizmat qiladigan, zamonaviy moddiy texnik vositalar bilan taʼminlangan, yuksak bilim va professional ko‘nikmalarga ega vatanparvar kadrlarni o‘zida jamlagan, eng asosiysi, mamlakatimizdagi tinchlik va osoyishtalikning kafolati bo‘la oladigan yangi tizim yaratildi.

Hurmatli Prezidentimiz ichki ishlar organlari xodimlarining kasb bayrami munosabati bilan yo‘llagan tabriklarida, tizim faoliyatiga yuksak baho berib, Yangi O‘zbekiston sharoitida “Barcha islohot va o‘zgarishlar – inson qadrini yuksaltirish uchun” degan ezgu tamoyilga sodiq qolgan holda, shu yo‘lda boshlagan ishlarimizni yangi bosqichga ko‘tarib, bu borada o‘tgan davrda jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida yaratilgan mustahkam huquqiy bazaga tayanamiz – deya taʼkidlaganlar.

Shu bois bugun, oldimizga qo‘yilgan vazifalarni yuksak darajada bajarishimiz uchun har bir ichki ishlar organi xodimi fidoyilik, vatanparvarlik bilan bor kuch va g‘ayratini safarbar etishi lozim.

Qadrli hamkasblar, aziz faxriylar!

Fursatdan foydalanib, Yangi O‘zbekistonning mustahkam va barqaror rivojlanishida qo‘shayotgan hissangizda muvaffaqiyatlar tilayman.

Yurtimizda jamoat xavfsizligini taʼminlash, huquq-tartibotni mustahkamlashdek masʼuliyatli va sharafli xizmatlaringizda zafarlar yor bo‘lsin.

Hamisha yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo bo‘lsin!


Shuxrat Aliyev, polkovnik

Namangan viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig'i


Text to speech