2 Yanvar 2021 yil 1476

Tadbirkorning murojaatiga Namangan viloyati IIBning rasmiy munosabati

Ijtimoiy tarmoqlarda “OILANG BILAN QO‘ShIB, YO‘Q QILAMIZ DEYIShDI!” – NAMANGANDA TADBIRKORNING HAYoTI XAVF OSTIDA” sarlavhasi bilan joylashtirilgan Chortoq shahar, “A.Navoiy” MFYda yashovchi Usmanov Malikjon Mahmudovichning videomurojaati yuzasidan Namangan viloyati IIBning rasmiy ma'lumoti.

Murojaat yuzasidan olib borilgan o‘rganishlar natijasida quyidagilar aniqlandi:

Chortoq tumani, “Navoiy” MFYda yashovchi fuqaro M.X. tuman IIBga ariza bilan murojaat qilib, unda, 2020 yil aprel'-may oylari davomida tanishi fuqaro M.M.Usmanov unga Namangan shahri, “Dashtbog‘” MFY, G‘irvonsoy ko‘chasi, 11-uyda joylashgan “Rover mars” MChJ qurilish ishlari uchun pul kerakligini, avtomashina bersa sotib qurilishga sarflashini va barcha pullarini 05.07.2020 yilda qaytarishligini aytib, undan 10.500 AQSh dollariga “Kobal't” rusumli, 9.200 AQSh dollariga “Neksiya-3” rusumli va 30.000 AQSh dollariga 2 dona “Malibu-2” rusumli transport vositalarini olib, o‘zgalarga sotib yuborib, jami 49.700 AQSh dollari pullarini bermasdan, ehtiyojlariga sarflab yuborganligini ma'lum qilib, pul mablag‘larini undirishni so‘ragan.

Shuningdek, Chortoq tuman, “Mustaqillik shox” ko‘chasida yashovchi F.J ham IIBga ariza bilan murojaat qilib, unda 2019 yil 20 dekabr' kuni Chortoq tumanida yashovchi tanishlari M.Dehqonbaev, M.Usmanov va Sh.Usubjanovlar 1 oy muddatda qaytarib berish sharti bilan 20.000 AQSh dollari pul mablag‘larini olib, hozirga qadar qaytarib bermasdan kelayotganliklarini ma'lum qilib, pul mablag‘larini undirishda amaliy yordam so‘ragan.

Mazkur holat yuzasidan Chortoq tuman IIB huzuridagi TB tomonidan 08.12.2020 yilda M.Usmanovga nisbatan JKning 168-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha viloyat IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Fuqaro M.Usmanovning ijtimoiy tarmoqlar orqali yo‘llagan murojaatida ko‘rsatilgan barcha holatlar tegishli tergov harakatlarini o‘tkazish yo‘li bilan o‘rganilib, huquqiy baho berilishi ta'minlanadi.

Namangan viloyat IIB tomonidan fuqarolarning har bir murojaatlari yuzasidan xolisona va to‘laqonli tekshiruvlar o‘tkazib, qonuniy qarorlar qabul qilinishi rahbariyatning aloxida nazoratida ekanligini hamda aholi uchun ochiq va shaffofligini eslatib o‘tamiz.

 

Namangan viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech