5 Avgust 2025 yil 223

Pop tuman prokurori va IIB boshlig‘ining tuman aholisiga murojaati

Aziz  yurtdoshlar,  tumanimiz axolisi!

Muhtaram Prezidentimizning tashabbuslari va bevosita rahbarliklarida barcha sohalarda misli ko‘rilmagan islohotlar  amalga  oshirilmoqda.  

Mamlakatimizda yuz berayotgan shiddatli o‘zgarishlarga, aholining turmush darajasi keskin o‘sib borayotganiga har birimiz  birdek  guvoh  ham  bo‘lmoqdamiz. Prezidentimiz ana shu yangilanish, o‘zgarishlar samarador bo‘lishining kafolati sifatida mamlakatda tinchlik va osoyishtalikni taʼminlash, buning uchun jinoyatchilikka qarshi kurashish tizimini tubdan yaxshilashni davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri darajasiga ko‘tardilar.

Zero, bu islohotlarning samarasi barcha sohalarda qonun talablariga so‘zsiz rioya etishga, jinoyatchilik kabi illatning   oldini   olishga   bevosita   bog‘liqdir.

Aziz Pop ahli!

O‘zbek vatandoshimizmi, chet ellik tadbirkor, sarmoyador bo‘ladimi, barcha - barcha, viloyatimizda xususan tumanimizda tinch va osuda, munosib  hayot sharoitlari bilan taminlangan, uning hayoti har qanday jinoiy tajovuz va tahdidlardan kafolatli himoyalangan bo‘lishi shart.

Qonun ustuvorligini taʼminlamasdan, bu vazifaga erishib bo‘lmaydi.

“Yangi O‘zbekiston”da huquqbuzarlik va jinoyatchilikka qarshi kurashish ana shunday umummilliy dolzarb vazifaga aylantirildi.

Tumandagi kriminogen vaziyat biznes muhitiga katta tasir ko‘rsatadi, uning o‘ziga xos, alohida yondashuv talab etadigan xususiyatlari bor.

Tumanimizda tinchlik va osoyishtalikni taʼminlashning yangi mexanizmlari joriy etilayapti.

Bu ishlarimiz kundalik hayotda ham ko‘rinayapti, jinoyatlar uchun jazo muqarrarligini taminlash vazifasi qanchalik muhim bo‘lsa, ularni keltirib chiqarayotgan sabab va omillarini bartaraf qilish ham birdek muhimdir.

Shu bois, tumanning 77 maxallasidagi har bir ko‘chasida, mahallasida, bozorida, istirohat bog‘ida, jamoat joyida xavfsiz muhitni yaratish choralari ko‘rilayapti.

Qadrli yurtdoshlar!

O‘zlaringga maʼlumki tumanimizdagi Chodak, Chorkesar, Qo‘shminor va boshqa maxalla xududlariga viloyatimiz hamda respublikamizni boshqa mintaqlaridan yoz mavsumida dam oluvchilar oqimi yildan-yilga ko‘paymoqda, bu holat tumanimizning "Tashrif qog'ozi"ga aylanib ulgurdi.

Tumanimizda barcha soxada olib borilayotgan samarali ishlar natijasida investitsiya muxiti rang barangligi oshmoqda va investorlar qiziqishini oshirmoqda.

O‘tgan yilgi dam olish mavsumida tumanimiz xududiga 10 dan ortiq davlatlar va Respublikamizning turli viloyatlaridan 1mln dan oshiq sayyohlar tashrif buyurganini ko‘rishimiz mumkin.

Bu xizmat ko‘rsatish sohalarini takomillashishiga va shu orqali tumanimiz byudjetiga tushayotgan mablag‘larni oshishiga olib kelmoqda.

Aziz vatandoshlar!

Biz jinoyatchilikni jilovlashdek katta maqsadlarni o‘z oldimizga qo‘yganmiz.

Prezidentimizning joriy yil 3-yanvardagi mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirishga qaratilgan 1 - sonli qarorlari asosida jinoyatlarning sabablarini “mahallabay” va “sohabay” muhokama qilish tartibi, mahallalarni kriminogen darajasidan kelib chiqib toifalash tizimi, “mahalla yettiligi” instituti, “ijtimoiy profilaktika” tamoyili asosida huquqbuzarliklarning samarali profilaktikasini amalga oshirish orqali aholida xavfsizlik hissini shakllantirish borasida qator chora -tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Qarorga muvofiq har bir mahallada huquqbuzarlikning erta oldini olish, kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha yangi mexanizm joriy etildi, mening rahbarligimda tuman prokuraturasida idoralararo muvofiqlashtiruvchi  shtab  faoliyati  yo‘lga  qo‘yildi.

Qaror ijrosi doirasida tumandagi 77 ta mahallaning kriminogen vaziyati og‘ir 10 tasiga masʼul rahbarlar nomma-nom biriktirildi.

Barcha mahallalarning choraklik manzilli chora - tadbirlar “yo‘l xaritalari” ishlab chiqildi.

“Yo‘l xaritalari” ijrosi yuzasidan yil boshidan mahallalardagi aholi gavjum joylarga 200 ta, ko‘p qavatli uylarning hovlisiga 3600 gradus aylanuvchi 15 ta, mahallalarning asosiy kirish-chiqish joylariga 65 ta, bozor va savdo markazlariga yuzni va avtomobil raqamini tanib oluvchi 10 ta, jami bo‘lib 290 ga yaqin kameralar, ko‘p qavatli uylarning eshiklariga 65 dan ortiq domofonlar, uylarning kirish yo‘laklariga 55 dan ortiq tashvish tugmalari o‘rnatildi, 45 ta savdo muassasalari va qariyb 623 ta xonadonlar tezkor  qo‘riqlovga  olindi.

Mahallalarda fuqarolarni ogohlikka chaqiruvchi “Hudud kamera nazoratida!”, “Obyekt qo‘riqlovda!” hamda “Xonadon qo‘riqlovda!” kabi jami 885 ga yaqin stikerlar joylashtirildi, mahallalarda 30 ta “namunaviy xavfsiz ko‘cha” hamda 60 ta “namunaviy xavfsiz yo‘lak” tashkil etildi, ichki yo‘llar va ko‘chalar 214 ta yoritish vositalari bilan taʼminlandi.

Albatta bu natija beryapti.

Misol uchun, yil boshidan beri tumanda o‘rnatilgan kameralar yordamida qochuvda yurgan 4 nafar, jazodan bo‘yin tovlab kelgan probatsiya hisobidagi 2 nafar jinoyatchilar. Shuningdek, bedarak yo‘qolgan 2 nafar shaxslar topilib, 18 ta jinoyatlar “issiq izi”dan fosh etildi.

Amalga oshirilgan chora - tadbirlar natijasida “qizil” toifada qolgan 6 ta mahallalarning 3 tasida kriminogen vaziyat saqlanmoqda.

Davlat rahbarining Qaroriga asosan hududlarda kriminogen vaziyat hamda jinoyatchilikni oldini olish bo‘yicha kunlik so‘rov va o‘rganishlarni yo‘lga qo‘ydik.

Bunda, kriminogen vaziyati og‘ir mahallalarning jinoyat o‘choqlari joyida o‘rganilmoqda, misol uchun, tuman mahallalarida sodir etilgan 64 ta oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar sabablari tahlil qilinib, tegishli prokuror taʼsir choralari qo‘llanildi. Eʼtibor berishingizni istardim. Bu ishlar bir kunlik yoki bir martalik hisobot uchun qilinayotgan ishlar emas.

Tuman maxallalarida sodir etilgan jinoyatlar xususiyatini inobatga olgan holda, 3 - chorak uchun yo‘l xaritalarni ham ishlab chiqildi.

Tumanda jinoyatchilikni oldini olish, korrupsiyaviy holatlarni bartaraf etish bo‘yicha kuchaytirilgan ish tartibini  joriy  etdik.

Bu borada farmoyish qabul qilib, barcha tezkor xodimlarni 77  ta  mahallalarga  nomma – nom  biriktirdik.

Har bir sohaga doir targ‘ibot ishlari bo‘yicha uslubiy qo‘llanmalar  ishlab  chiqdik  va  tarqatdik.

Endilikda, biriktirilgan xodimlarimiz jinoyatlarning omil va sabablarini o‘rganishdan tashqari o‘sha hududda  amaliy  tadbirlarni  ham  o‘tkazadi.

Biz endilikda muammoning tub negizigacha yetib borib, “mahalla  prokurori”  degan  yondashuv  bilan  ishlaymiz.

Endi eʼtiboringizni huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olish bo‘yicha dastlabki bajarilgan ishlar va  tahlillarning natijalariga qaratsam.  

Birinchi, jinoyatchilikka qarshi kurashish faoliyati samaradorligini oshirishda sohaviy nazorat kuchaytirildi.

Joriy yilning o‘tgan 3 - choragida 62 ta o‘rganishlar o‘tkazilib, 104 nafar shaxslarning buzilgan huquqlari tiklandi. Bu ishlar muntazam davom etadi.

Ikkinchi, huquqni muhofaza qiluvchi organlar ham, aholi ham ko‘proq eʼtibor berishi lozim  bo‘lgan hamkorlik kuchaytirilishi kerak bo‘lgan bir nechta jinoiy omillarga diqqat qaratmoqchiman.

Shiddat bilan rivojlanayotgan yurtimizda insonlar ko‘proq pul topish bilan birga, noqonuniy boylik orttirishning yangi yo‘llarini  ham  o‘ylab  topmoqdalar.

Keyingi vaqtlarda firibgarlik va o‘g‘rilik jinoyati oshayotgani  ham  bunga  yaqqol  misol  bo‘ladi.

Firibgarlik va o‘g‘rilik jinoyatlari aksariyat hollarda axborot texnologiyalari va internet ijtimoiy tarmoqlari orqali  sodir  etilayotganligi  tashvishli  holdir.

So‘nggi vaqtlarda O‘zbekiston huquq idoralari ilgari duch kelmagan kiber makondagi jinoyatlar salmog‘i ortishi anchagina tashkiliy choralar ko‘rishni taqozo etdi.

Maʼlumot uchun, tumanimizdagi jinoyatlarning 38 foizini axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarni tashkil etmoqda.

Misol uchun, joriy yilning o‘tgan davrida birgina plastik kartalardan pul mablag‘larini yechib olish holatlari yuzasidan 52 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Kiber makonda sodir etilgan jinoyatlarning 32 tasi yoki 34 foizi firibgarlik hamda 32 tasi yoki 69,2 foizi o‘g‘rilikni tashkil qilgan.

So‘nggi yillarda bu toifadagi jinoyatlar, bir necha baravarga ko‘paydi.

Ilgari bunday jinoyatlarga qarshi ishlaydigan tizim bo‘lmagan. Shu sababli, aholimizdan firibgarlik qurboni bo‘lmaslik uchun, internet ijtimoiy tarmoqlari orqali kelayotgan turli xil feyk xabarlardan ehtiyot bo‘lishlarini hamda bank kartalari va hisob raqamlari to‘g‘risidagi maʼlumotlarni sir saqlashni so‘rab qolamiz.

Aziz tumandoshlar!

Shu o‘rinda, kriminogen vaziyatga taʼsir ko‘rsatuvchi jinoyatlarning ayrim turlari borasida ham gapirmoqchiman.

Aytish kerakki, yilning dastlabki 7 oyi yakuniga ko‘ra, mast holda (6-3), Ishlamaydiganlar (8-4), kamaygan bo‘lsada Ayollar jinoyati (7-8) yoshlar (26-38), muqaddam sudlanganlar (5-10) mast holda (0-1), ishsizlar (0-4), guruhlar (2-3), voyaga yetmaganlar (4-7) ga jinoyatilari esa biroz oshgan.

Xususan, oila va turmushda sodir etilgan huquqbuzar -liklarga oilaviy - maishiy muammolar asosiy sabab bo‘lganligi aniqlandi.

Shu sababli notinch, ajrim yoqasidagi oilalarning mavjud muammolarini bartaraf etish bo‘yicha boshqa idoralar va keng jamoatchilikni jalb qildik.

Natijada, o‘tkazilgan o‘rganishlarda kriminogen vaziyati og‘ir mahallalarda 389 ta ijtimoiy ko‘makka muhtoj xotin-qizlar aniqlanib, ularning muammolarini hal qilish bo‘yicha 362 ta choralar ko‘rildi.

Ushbu jarayondan muqaddam sudlangan va maʼmuriy nazoratdagi shaxslar ham chetda qolmadi.

Ularning 6 nafari kasb-hunarga o‘qitildi, 28 nafarining bandligi taʼminlandi, 19 nafarining ijtimoiy muammolari hal etildi.

Yoshlar o‘rtasidagi jinoyatchilik masalasiga umummillat ishi deb yondashib, barcha birgalikda jon kuydirishi kerak.

Faqat jinoyat uchun jazoni taʼminlash bilan ovora bo‘lib, jinoyatlarning sabab va omillarini ko‘zdan qochirsak oqibati yomon bo‘ladi.

Shu kabi, voyaga yetmaganlar jinoyatiga favqulodda holat sifatida qaralib, ularga taʼlim va tarbiyani berishda majburiyatlarini bajarmagan ota-ona hamda yashash va o‘qish joylaridagi (mahalla yettiligi) mutasaddilarining javobgarligi kuchaytirildi.

Taʼlim muassasalari va jamoat joylarida masʼullar profilaktik (davomat, tig‘ va reyd) tadbirlarida uzoq muddatga ketgan 45 nafar bolalar, tarbiyasi og‘ir 112 nafar bolalar aniqlandi.

Qolaversa, hokimlik va mahalla faollari bilan birgalikda ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan hamda boquvchisini yo‘qotgan bolalarning 35 ta muammosi hal qilindi.

Maktabgacha va maktab taʼlim muassasalarining kirish -chiqish joylariga xavfsizlikni taʼminlovchi 50 ta zamonaviy kameralar o‘rnatildi.

Tahdidlardan yana bittasi, bu yo‘l voyaga yetmaganlar ishtirokida sodir bo‘layotgan yo‘l-transport hodisalaridir.

Bu yo‘nalish bilan bog‘liq jinoyatlarni biz kengroq tahlil  qildik.

Raqamlarga qarasak, ohirgi ikki yilda qariyb 1 ta holatda (2023 y. 1 ta, 2024 y. 0 ta, 2025 y. 0 ta) voyaga yetmaganlar tomonidan yo‘l - transport hodisalari sodir etilgan.

Umuman olganda yo‘l-transport hodisalari oqibatida o‘tgan 2024-yilning o‘zida voyaga yetmaganlarning 1 nafari vafot etgan, 2 nafari esa og‘ir tan  jarohati  olgan.

Joriy yilda esa, 2 nafari tan jarohati olgan.  

Shuning uchun biz bu borada kengqamrovli tadbirlarni belgilab oldik.

Hurmatli ota-onalar!

Yuqoridagilardan kelib chiqib, aziz farzandlaringizni majruh va nogiron bo‘lib qolmasliklari uchun avvalo ularning tarbiyasi va taʼlim olishiga alohida eʼtibor qaratishingizdan umidvormiz.

Hurmatli fuqarolar!

Korrupsiyaga qarshi kurashni kuchaytirish choralari ham ko‘rilmoqda.

Zero, sir emas korrupsiya har bir sohaning rivojiga to‘siq  bo‘lmoqda. 

Shu sababli, korrupsiyaning har qanday ko‘rinishiga barham berish yo‘lida qatʼiy murosasiz kayfiyatni shakllantirish, unga qarshi kurashishda men butun tumanimiz axlidan o‘z hissangizni qo‘shishga chaqiraman.

Barcha tashkilotlar bo‘yicha tahlillar o‘tkazilayapti, mana shu mart oyining o‘zida yuqori idoralarga, aholiga xizmat ko‘rsatish, idoralarning boshqaruv tartibini yaxshilash bilan bogliq 10 dan ortiq takliflar ishlab chiqildi va yuborildi.

Hurmatli fuqarolar!

Juda ko‘p masalalarda ish uslublarimiz o‘zgarishi zarur, buning ustida ishlayapmiz. Prezidentimiz talab qilayotgan,  jinoyatlarning oqibatlari emas, ularning sabablarini, huquqbuzaliklarga imkon beruvchi shart-sharoitlarni bartaraf  qilishni ustuvor vazifa deb xalq bilan birgalikda harakat qilishimiz kerak.

Buning uchun, har bir mahalla, xonadongacha tushib, huquqbuzarlik omillarini aniqlashga eʼtiborimizni kuchaytiramiz, jinoyat sodir etgan va bunga moyilligi bor fuqarolar bilan uchrashuvlar o‘tkazib, “fuqarobay” ish tizimini joriy qilamiz.

Huquqbuzarlik va jinoyatga sabab bo‘layotgan oilaviy, ijtimoiy, moddiy va psixologik muammolarni hal qilishga, har bir fuqaroda “jinoyatchilikka qarshi immunitet”ni bolalikdan shakllantirishga alohida eʼtibor qaratamiz.

Aziz hamyurtlar!

Jinoyatlarga qarshi kurashda prokuratura organlari, ko‘mak va hamkorlikda jinoyatlarning har qanday ko‘rinishiga chek qo‘yishga kafolat beradi.

Shunday ekan aholi va keng jamoatchilikni jinoyatlarni oldini olishga hamda ularni bartaraf etishga faol hamkorlikka chaqiramiz.

Zero, sodir etilayotgan jinoyatlarni fosh etilishi va oldi olinishida xalqimizdan masʼuliyat, tashabbuskorlik hamda  daxldorlik  hissi  bilan  yondoshishni  so‘rayman.

Shuni yana bir bor alohida qayd etamanki, jinoyatning har qanday ko‘rinishiga tezkor ravishda munosabat bildirishga, jinoyatga qo‘l urganlarga nisbatan jazoning muqarrar taʼminlanishiga   shaxsan   kafolat   beraman.

Barchamiz jinoyatdan holi yangi O‘zbekiston uchun birlashaylik!!!

Eʼtiboringiz uchun rahmat!

Pop tuman prokurori X.Rapiqov va tuman IIB boshlig‘i O.Jabborov

Text to speech