11 Iyul 2023 yil 1048

Orzulari oʻziga yoʻldosh

Keksalar duoga qoʻl ochganlarida tinchlik va xotirjamlikni bersin, deyishadi. Bu neʼmatni saqlash uchun tunu kun oʻz oromidan kechib, zimmasiga katta masʼuliyatni olgan sharafli kasb egalari — osoyishtalik posbonlarining jamiyatni illatlardan tozalash, jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida olib borayotgan ishlari tahsinga loyiq.

Namangan viloyati IIB JTSB Patrul post xizmati batalyoni xodimlarining faoliyati haqida ana shunday iliq fikrlarni aytish mumkin. Xususan, joriy yilning oʻtgan davrida xodimlar tomonidan 7 nafar rasmiy, 11 nafar norasmiy qidiruvdagi shaxslar ushlangan. Shuningdek, 2 nafar bedarak yoʻqolgan shaxs aniqlanib, 24 ta jinoyat fosh etilgan.

Viloyat IIB JTSB Ommaviy madaniy tadbirlarni oʻtkazishda xavfsizlikni taʼminlash otryadi inspektori, katta serjant Elyor Saidburxonovning ham yuqoridagi koʻrsatkichlarda alohida hissasi bor.

Mart oyining boshlarida katta serjant Elyor Saidburxonovga Toʻraqoʻrgʻon tumanida yashovchi fuqaro qoʻshnisi N. M.ning oʻz xonadoni tomida nasha oʻsimligini oʻstirayotganligi haqidagi xabarni yetkazdi. Zudlik bilan xodim hudud profilaktika inspektori bilan bogʻlanib, aytilgan joyga yetib bordi. Xodimlarning xonadoniga toʻsatdan kirib kelishini kutmagan fuqaroning rangi oqarib ketadi. Ichki ishlar organlari xodimlari fursatni boy bermay, hovli yonboshidagi narvon oldiga yoʻnaldilar.

N. M. uyning narigi tarafidagi ustunlar orqali tomga chiqdi, lekin nashalarni koʻzdan yiroqqa olib qoʻyishga ulgura olmadi.

Jinoyatlar haqidagi xabarlardan ogoh boʻlish uchun atrofdagilar bilan ham doʻstona munosabat oʻrnatish zarur, deya izohlaydi katta serjant Elyorbek Saidburxonov mulohazalarini bayon etib. Odamlarda masʼuliyat, boʻlayotgan voqeliklarga daxldorlik tuygʻusini uygʻotish lozim. Jinoyat sodir etayotgan odamlar haqidagi xabarni ichki ishlar organlariga maʼlum qilish navbatdagi jinoyatlarning oldini oladi. Chunki bu kabi illatlarga birgalikda kurashmasak, u ildiz otishi muqarrar.

Shu oʻrinda aytish lozimki, E. Saidburxonov tomonidan joriy yil boshidan buyon 3 nafar qidiruvdagi shaxs ushlangan va 2 ta jinoyat fosh etilgan.

Xodimlarimiz orasida Elyorbek alohida fazilatlari bilan ajralib turadi, deydi viloyat IIB JTSB PPXB komandiri, podpolkovnik Kozimbek Mirzayev. Tashabbuskor, oʻz ishiga masʼuliyatli. Izlanishdan erinmaydi. Uning yil boshidan buyon uch marotaba vazirlik va viloyat Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan taqdirlangani ham xizmat vazifasiga vijdonan yondashganining natijasidir.

Albatta, bunday eʼtirof va ragʻbatlar Elyor Saidburxonovning shijoatini yanada oshirmoqda. U oʻz oldiga katta maqsadlar qoʻygan. IIV Akademiyasining sirtqi boʻlimiga hujjatlarini topshirgan. Sport boʻyicha sinovlardan muvaffaqiyatli oʻtdi. Navbatdagi sinovlarga tayyorgarlik koʻrmoqda. Ikki oʻgʻlini Vatanga munosib farzand etib tarbiyalash esa uning ota sifatidagi orzusi.

Yaxshi niyatlari yoʻlida olgʻa intilayotgan qahramonimizga omadlar tilab qolamiz.

Gulchehra BUVAMIRZAYEVA, “Postda” muxbiri.
Namangan viloyati.

Text to speech