4 Iyun 2025 yil 172

Norin tuman prokurorining tuman aholisiga murojaati

Aziz yurtdoshlar, tumanimiz mehmonlari!

 

Muhtaram Prezidentimizning tashabbuslari va bevosita rahbarligida barcha sohalarda misli koʻrilmagan islohotlar  amalga  oshirilmoqda.

Mamlakatimizda yuz berayotgan shiddatli oʻzgarishlarga, aholining turmush darajasi keskin oʻsib borayotganiga har birimiz birdek guvoh ham boʻlmoqdamiz.

Prezidentimiz ana shu yangilanish, oʻzgarishlar samarador boʻlishining kafolati sifatida mamlakatda tinchlik va osoyishtalikni taʼminlash, buning uchun jinoyatchilikka qarshi kurashish tizimini tubdan yaxshilashni davlat siyosatining eng ustuvor yoʻnalishlaridan biri darajasiga koʻtardilar.

Zero, bu islohotlarning samarasi barcha sohalarda qonun talablariga soʻzsiz rioya etishga, jinoyatchilik kabi illatning oldini olishga bevosita bogʻliqdir.

 

Aziz Norin tuman ahli!

 

“Yangi Oʻzbekiston”da huquqbuzarlik va jinoyatchilikka qarshi kurashish ana shunday umummilliy dolzarb vazifaga aylantirildi.

Norin tumanidagi kriminogen vaziyat biznes muhitiga katta tasir koʻrsatadi, uning oʻziga xos, alohida yondashuv talab etadigan xususiyatlari bor.

Tumanimizda tinchlik va osoyishtalikni taʼminlashning yangi mexanizmlari joriy etilayapti.

Bu ishlarimiz kundalik hayotda ham koʻrinayapti, jinoyatlar uchun jazo muqarrarligini taminlash vazifasi qanchalik muhim boʻlsa, ularni keltirib chiqarayotgan sabab va omillarini bartaraf qilish ham birdek muhimdir.

Shu bois, tumanning har bir koʻchasida, mahallasida, bozorida, istirohat bogʻida, jamoat joyida xavfsiz muhitni yaratish choralari koʻrilayapti.

 

Qadrli yurtdoshlar !

 

Biz jinoyatchilikni jilovlashdek katta maqsadlarni oʻz oldimizga qoʻyganmiz.

2025-yil 3-yanvardagi “2025-yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 1-son Qarori asosida jinoyatlarning sabablarini “mahallabay” va “sohabay” muhokama qilish tartibi, mahallalarni kriminogen darajasida toifalash tizimi, “mahalla yettiligi” instituti, “ijtimoiy profilaktika” tamoyili asosida huquqbuzarliklarning samarali profilaktikasini amalga oshirish orqali aholida xavfsizlik hissini shakllantirish borasida qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Qarorga muvofiq har bir mahallada huquqbuzarlikning erta oldini olish, kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish boʻyicha yangi mexanizm joriy etildi, mening rahbarligimda tuman prokuraturasida idoralararo muvofiqlashtiruvchi shtab faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

Qaror ijrosi doirasida kriminogen vaziyati ogʻir mahallalarga masʼul rahbarlar nomma-nom biriktirilgan.

Barcha tuman va mahallalarning choraklik manzilli chora-tadbirlar “yoʻl xaritalari” ishlab chiqildi.

“Yoʻl xaritasi” ijrosi yuzasidan yil boshidan mahallalardagi aholi gavjum joylarga 200 ta, koʻp qavatli uylarning hovlisiga 55 ta, mahallalarning asosiy kirish-chiqish joylariga 61 ta, bozor va savdo markazlariga 22 ta, kameralar, koʻp qavatli uylarning eshiklariga 16 dan ortiq tashvish tugmalari oʻrnatildi, 350 ta xonadonlar tezkor qoʻriqlovga olindi.

Mahallalarda fuqarolarni ogohlikka chaqiruvchi “Hudud kamera nazoratida!”, “Obyekt qoʻriqlovda!” hamda “Xonadon qoʻriqlovda!” kabi jami 330 ga yaqin stikerlar joylashtirildi, mahallalarda 43 ta “namunaviy xavfsiz koʻcha” hamda 62 ta “namunaviy xavfsiz yoʻlak” tashkil etildi, ichki yoʻllar va koʻchalar yoritish vositalari bilan taʼminlandi.

Qarorga asosan hududlarda kriminogen vaziyat hamda jinoyatchilikni oldini olish boʻyicha kunlik soʻrov va oʻrganishlarni yoʻlga qoʻydik.

Bunda, kriminogen vaziyati ogʻir mahallalarning jinoyat oʻchoqlari joyida oʻrganilmoqda, misol uchun, tuman mahallalarida sodir etilgan 17 ta oldini olish mumkin boʻlgan jinoyatlar sabablari tahlil qilinib, tegishli prokuror taʼsir choralari qoʻllanildi.

Hududlarda sodir etilgan jinoyatlar xususiyatini inobatga olgan holda,
2-chorak uchun yoʻl xaritalarni ham ishlab chiqildi.

Tumanda jinoyatchilikni oldini olish, korrupsiyaviy holatlarni bartaraf etish boʻyicha kuchaytirilgan ish tartibini joriy etdik.

Bu borada viloyat prokurori farmoyishi qabul qilib, barcha tezkor xodimlar 57 ta mahallalarga nomma-nom biriktirildi.

Har bir sohaga doir targʻibot ishlari boʻyicha uslubiy qoʻllanmalar ishlab chiqilib, tarqatildi.

Endilikda, biriktirilgan xodimlarimiz jinoyatlarning omil va sabablarini oʻrganishdan tashqari oʻsha hududda amaliy tadbirlarni ham oʻtkazadi.

Biz endilikda muammoning tub negizigacha yetib borib, “mahalla  prokurori”  degan yondashuv bilan ishlaymiz.

Endi eʼtiboringizni huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olish boʻyicha dastlabki bajarilgan ishlar va tahlillarning natijalariga qaratsam.

Birinchi, jinoyatchilikka qarshi kurashish faoliyati samaradorligini oshirishda sohaviy nazorat kuchaytirildi.

Joriy yilning 1-choragida 25 ta oʻrganishlar oʻtkazilib, 314 nafar shaxslarning buzilgan huquqlari tiklandi. Bu ishlar muntazam davom etadi.

Ikkinchi, huquqni muhofaza qiluvchi organlar ham, aholi ham koʻproq eʼtibor berishi lozim  boʻlgan hamkorlik kuchaytirilishi kerak boʻlgan bir nechta jinoiy omillarga diqqat qaratmoqchiman.

Shiddat bilan rivojlanayotgan yurtimizda insonlar koʻproq pul topish bilan birga, noqonuniy boylik orttirishning yangi yoʻllarini ham oʻylab topmoqdalar.

Keyingi vaqtlarda firibgarlik va oʻgʻrilik jinoyati oshayotgani ham bunga yaqqol misol boʻladi.

Firibgarlik va oʻgʻrilik jinoyatlari aksariyat hollarda axborot texnologiyalari va internet ijtimoiy tarmoqlari orqali sodir etilayotganligi tashvishli holdir.

Soʻnggi vaqtlarda Oʻzbekiston huquq idoralari ilgari duch kelmagan kiber makondagi jinoyatlar salmogʻi ortishi anchagina tashkiliy choralar koʻrishni taqozo etdi.

Maʼlumot uchun, joriy yilning oʻtgan davrida birgina plastik kartalardan pul mablagʻlarini yechib olish holatlari yuzasidan 55 ta jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.

Kiber makonda sodir etilgan jinoyatlarning 24 tasi firibgarlik tashkil qilgan.

Soʻnggi yillarda bu toifadagi jinoyatlar, bir necha baravarga koʻpaydi.

Ilgari bunday jinoyatlarga qarshi ishlaydigan tizim boʻlmagan. Shu sababli, aholimizdan firibgarlik qurboni boʻlmaslik uchun, internet ijtimoiy tarmoqlari orqali kelayotgan turli xil fyeyk xabarlardan ehtiyot boʻlishlarini hamda bank kartalari va hisob raqamlari toʻgʻrisidagi   maʼlumotlarni sir saqlashni soʻrab qolamiz.

 

Aziz tumandoshlar!

 

Shu oʻrinda, kriminogen vaziyatga taʼsir koʻrsatuvchi jinoyatlarning ayrim turlari borasida ham gapirmoqchiman.

Aytish kerakki, yilning dastlabki 5 oyi yakuniga koʻra, yoshlar (54-4), ayollar (20-0), ishsizlar (5-0), mast holda (5-4), muqaddam sudlanganlar (13-0) guruhlar (17-6) jinoyatini kamaytirishga erishilgan.

Xususan, oila va turmushda sodir etilgan huquqbuzarliklarga oilaviy-maishiy muammolar asosiy sabab boʻlganligi aniqlandi.

Shu sababli notinch, ajrim yoqasidagi oilalarning mavjud muammolarini bartaraf etish boʻyicha boshqa idoralar va keng jamoatchilikni jalb qildik.

Natijada, oʻtkazilgan oʻrganishlarda kriminogen vaziyati ogʻir mahallalarda 186 ta ijtimoiy koʻmakka muhtoj xotin-qizlar aniqlanib, ularning muammolarini hal qilish boʻyicha 220 ta choralar koʻrildi.

Ushbu jarayondan muqaddam sudlangan va maʼmuriy nazoratdagi shaxslar ham chetda qolmadi.

Ularning 4 nafarining bandligi taʼminlandi, 6 nafarining ijtimoiy muammolari hal etildi.

Yoshlar oʻrtasidagi jinoyatchilik masalasiga umummillat ishi deb yondashib, barcha birgalikda jon kuydirishi kerak.

Faqat jinoyat uchun jazoni taʼminlash bilan ovora boʻlib, jinoyatlarning sabab va omillarini koʻzdan qochirsak oqibati yomon boʻladi.

Shu kabi, voyaga yetmaganlar jinoyatiga favqulodda holat sifatida qaralib, ularga taʼlim va tarbiyani berishda majburiyatlarini bajarmagan ota-ona hamda yashash va oʻqish joylaridagi (mahalla yettiligi) mutasaddilarining javobgarligi kuchaytirildi.

Taʼlim muassasalari va jamoat joylarida masʼullar profilaktik (davomat, tigʻ va reyd) tadbirlarida uzoq muddatga ketgan 92 nafar bolalar, muntazam dars qoldiruvchi 9 nafar, tarbiyasi ogʻir 15 nafar oʻquvchilar aniqlandi. Ularning 33 nafari maktablarga qaytarildi.

Maktabgacha va maktab taʼlim muassasalarining kirish-chiqish joylariga xavfsizlikni taʼminlovchi 20 ta zamonaviy kameralar oʻrnatildi.

 

Hurmatli fuqarolar!

 

Juda koʻp masalalarda ish uslublarimiz oʻzgarishi zarur, buning ustida ishlayapmiz. Prezidentimiz talab qilayotgan, jinoyatlarning oqibatlari emas, ularning sabablarini, huquqbuzaliklarga imkon beruvchi shart-sharoitlarni bartaraf qilishni ustuvor vazifa deb xalq bilan birgalikda harakat qilishimiz kerak.

Buning uchun, har bir mahalla, xonadongacha tushib, huquqbuzarlik omillarini aniqlashga eʼtiborimizni kuchaytiramiz, jinoyat sodir etgan va bunga moyilligi bor fuqarolar bilan uchrashuvlar oʻtkazib, “fuqarobay” ish tizimini joriy qilamiz.

Huquqbuzarlik va jinoyatga sabab boʻlayotgan oilaviy, ijtimoiy, moddiy va psixologik muammolarni hal qilishga, har bir fuqaroda “jinoyatchilikka qarshi immunitet”ni bolalikdan shakllantirishga alohida eʼtibor qaratamiz.

 

Aziz hamyurtlar!

 

Jinoyatlarga qarshi kurashda prokuratura organlari, koʻmak va hamkorlikda jinoyatlarning har qanday koʻrinishiga chek qoʻyishga kafolat beradi.

Shunday ekan aholi va keng jamoatchilikni jinoyatlarni oldini olishga hamda ularni bartaraf etishga faol hamkorlikka chaqiramiz.

Shuni yana bir bor alohida qayd etamanki, jinoyatning har qanday koʻrinishiga tezkor ravishda munosabat bildirishga, jinoyatga qoʻl urganlarga nisbatan jazoning muqarrar taʼminlanishiga shaxsan kafolat beraman.

 

Eʼtiboringiz uchun rahmat!

Text to speech