5 Avgust 2025 yil 389

Norin tuman prokurorining tuman aholisiga murojaati

Aziz tumandoshlar, tumanimiz mehmonlari!

Muhtaram Prezidentimizning bevosita rahbarligida barcha sohalarda misli ko‘rilmagan islohotlar  amalga  oshirilmoqda.  

Prezidentimiz ana shu yangilanish, o‘zgarishlar samarador bo‘lishining kafolati sifatida mamlakatda tinchlik va osoyishtalikni taʼminlash, buning uchun jinoyatchilikka qarshi kurashish tizimini tubdan yaxshilashni davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri darajasiga ko‘tardilar.

Zero, bu islohotlarning samarasi barcha sohalarda qonun talablariga so‘zsiz rioya etishga, jinoyatchilik va korrupsiya kabi illatning oldini olishga bevosita bog‘liqdir.

Aziz Norin tuman ahli!

Vatandoshimizmi, chet ellik tadbirkormi, sarmoyador bo‘ladimi, barcha - barcha, O‘zbekistonimizda tinch va osuda, munosib  hayot sharoitlari bilan taminlangan, uning hayoti har qanday jinoiy tajovuz va tahdidlardan kafolatli himoyalangan bo‘lishi shart.

Qonun ustuvorligini taʼminlamasdan, bu vazifaga erishib bo‘lmaydi.

“Yangi O‘zbekiston”da huquqbuzarlik va jinoyatchilikka qarshi kurashish ana shunday umummilliy dolzarb vazifaga aylantirildi.

Shu sababli, tumanimizda tinchlik va osoyishtalikni taʼminlashning yangi mexanizmlari  joriy etilyapti.

Albatta, bu ishlarimiz kundalik hayotda ham ko‘rinayapti.

Jinoyatlar uchun jazo muqarrarligini taminlash vazifasi qanchalik muhim bo‘lsa, ularni keltirib chiqarayotgan sabab va omillarini bartaraf qilish ham birdek muhimdir.

Shu bois, tumanning har bir ko‘chasida, mahallasida, bozorida, jamoat joyida xavfsiz muhitni yaratish choralari ko‘rilayapti.

Qadrli yurtdoshlar!

Prezidentimizning 2025 yil 3-yanvardagi mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yana-da oshirishga qaratilgan 1 - sonli qarorlari asosida jinoyatlarning sabablarini “mahallabay” va “sohabay” muhokama qilish tartibi, mahallalarni kriminogen darajasida toifalash tizimi, “mahalla yettiligi” instituti, “ijtimoiy profilaktika” tamoyili asosida huquqbuzarliklarning samarali profilaktikasini amalga oshirish orqali aholimizda xavfsizlik hissini shakllantirish borasida qator chora -tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Qarorga muvofiq har bir mahallada huquqbuzarlikning erta oldini olish, kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha yangi mexanizm joriy etildi, rahbarligimda tuman prokuraturasida idoralararo muvofiqlashtiruvchi shtab  faoliyati  yo‘lga qo‘yildi.

Qaror ijrosi doirasida tumandagi jami 57 ta mahallaning kriminogen vaziyati og‘ir 5 tasiga masʼul rahbarlar nomma - nom biriktirildi.

Tuman va mahallalarning barchasida choraklik manzilli chora - tadbirlar “yo‘l xaritalari” ishlab chiqildi.

“Yo‘l xaritalari” ijrosi yuzasidan yil boshidan mahallalardagi aholi gavjum joylarga 212 ta, ko‘p qavatli uylarning hovlisiga 3600 gradus aylanuvchi 6 ta, mahallalarning asosiy kirish - chiqish joylariga 70 ta, bozor va savdo markazlariga yuzni va avtomobil raqamini tanib oluvchi 13 ta, jami bo‘lib 301 ga yaqin kameralar, ko‘p qavatli uylarning eshiklariga 41 dan ortiq domofonlar, uylarning kirish yo‘laklariga 17 dan ortiq tashvish tugmalari o‘rnatildi, 401 ta savdo muassasalari va xonadonlar tezkor  qo‘riqlovga  olindi.

Xonadon qo‘riqlovda!” kabi jami 710 ga yaqin stikerlar joylashtirildi, mahallalarda 45 ta “namunaviy xavfsiz ko‘cha” hamda 110 ta “namunaviy xavfsiz yo‘lak” tashkil etildi, ichki yo‘llar va ko‘chalar 182 ga yaqin yoritish vositalari bilan taʼminlandi.

Albatta bu natija beryapti.

Amalga oshirilgan chora - tadbirlar natijasida “qizil” toifada qolgan 5 ta mahallalarning 2 tasida yoki 40 foizida kriminogen vaziyat saqlanmoqda.

Davlat rahbarining Qaroriga asosan hududlarda kriminogen vaziyat hamda jinoyatchilikni oldini olish bo‘yicha kunlik so‘rov va o‘rganishlarni yo‘lga qo‘ydik.

Bunda, kriminogen vaziyati og‘ir mahallalarning jinoyat o‘choqlari joyida o‘rganilmoqda, misol uchun, tuman mahallalarida sodir etilgan 35 ta oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar sabablari tahlil qilinib, tegishli prokuror taʼsir choralari qo‘llanildi.

Eʼtibor berishingizni istardim. Bu ishlar bir kunlik yoki bir martalik hisobot uchun qilinayotgan ishlar emas.

Hududlarda sodir etilgan jinoyatlar xususiyatini inobatga olgan holda, 3 - chorak uchun yo‘l xaritalarni ham ishlab chiqildi va ijroga qaratdik.

Endilikda, masʼul xodimlar jinoyatlarning omil va sabablarini o‘rganishdan tashqari o‘sha hududda  amaliy  tadbirlarni  ham  o‘tkazadi.

Aziz tumandoshlar!

Shu o‘rinda, shu kriminogen vaziyatga taʼsir ko‘rsatuvchi jinoyatlarning ayrim turlari borasida ham gapirmoqchiman.

Aytish kerakki, yilning dastlabki 6 oyi yakuniga ko‘ra, Qasddan og‘ir tan jarohati yetkazish (2-5), qotillik (0-1), nomusga tegish (1-2), transport vositasini olib qochish (0-1) oshib ketgan.

Yoshlar (17-5), muqaddam sudlanganlar (4-0), mast holda (7-5), ayollar (3-1) va ishsizlar (1-0) jinoyatini kamaytirishga erishgan bo‘lsak-da, voyaga yetmaganlar tomonidan (1-2) jinoyati esa biroz oshgan.

Yoshlar o‘rtasidagi jinoyatchilik masalasiga umummillat ishi, kelajak taqdiri sifatida birgalikda jon kuydirishi kerak.

Faqat jinoyat uchun jazoni taʼminlash bilan ovora bo‘lib, jinoyatlarning sabab va omillarini ko‘zdan qochirsak oqibati yomon bo‘ladi.

Shu kabi, voyaga yetmaganlar jinoyatiga favqulodda holat sifatida qaralib, ularga taʼlim va tarbiyani berishda majburiyatlarini bajarmagan ota-ona hamda yashash va o‘qish joylaridagi (mahalla yettiligi) mutasaddilarining javobgarligi kuchaytirildi.

Taʼlim muassasalari va jamoat joylarida masʼullar profilaktik (davomat, tig‘ va reyd) tadbirlarida muntazam dars qoldiruvchi 6 nafar, tarbiyasi og‘ir 4 nafar o‘quvchilar aniqlandi. Ularning 75 nafari maktablarga qaytarildi.

Maktabgacha va maktab taʼlim muassasalarining kirish -chiqish joylariga xavfsizlikni taʼminlovchi 44 ta zamonaviy kameralar o‘rnatildi.

Hurmatli ota-onalar!

Yuqoridagilardan kelib chiqib, aziz farzandlaringizni avvalo ularning tarbiyasi, taʼlim olishiga va kelajagiga alohida eʼtibor qaratishingizdan umidvormiz.

Aziz tumanimiz ahli!

Jinoyatlar va korrupsiyaga qarshi kurashda prokuratura organlari, ko‘mak va hamkorlikda jinoyatlarning har qanday ko‘rinishiga chek   qo‘yishga  kafolat  beradi.

Shunday ekan aholi va keng jamoatchilikni jinoyatlarni oldini olishga hamda ularni bartaraf etishga faol hamkorlikka  chaqiramiz.

Ayniqsa, ommaviy axborot vositalari vakillari bilan doim hamkorlikda ishlashga tayyormiz.

Barchamiz jinoyatdan holi yangi O‘zbekiston uchun  birlashaylik!!!

Eʼtiboringiz uchun rahmat!

Norin tuman prokurori A.A.Turg‘unov

Text to speech