Namangan viloyati IIB rahbariyati tomonidan Davlatobod tumanida aholi osoyishtaligini taʼminlashdagi tungi xizmat faoliyati o‘rganildi
Aholi osoyishtaligini taʼminlash, jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda huquqbuzarliklar profilaktikasi yo‘nalishida ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan kunu tun tizimli xizmat tashkil etilmoqda. Ushbu jarayonlar boshqarma rahbariyati tomonidan doimiy nazoratga olinib, amalga oshirilayotgan ishlar holati muntazam o‘rganilmoqda. Bunday o‘rganishlar xizmat faoliyati samaradorligini oshirish, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish hamda tizim faoliyatini yanada takomillashtirishga xizmat qilmoqda.
Davlatobod tumanida o‘tkazilgan o‘rganish ishlari davomida tungi xizmatga jalb etilgan xodimlarning faoliyati, ularning xizmat intizomi va ijtimoiy soha obyektlari faoliyati atroflicha ko‘zdan kechirildi.
Dastlab, “To‘quvchi”, “Mustaqillik”, “Navbahor” va “Porloq” mahallalariga xizmat ko‘rsatuvchi 3-son “Huquq-tartibot maskani” faoliyati o‘rganilib, mahallalarda tungi osoyishtalikni taʼminlashga jalb etilgan xodimlarga yo‘riqnoma o‘tkazildi. Unda hududlarda osoyishtalikni saqlash, xavfsiz muhitni mustahkamlash, xizmatni xushyorlik bilan olib borish va jamoat xavfsizligini taʼminlash yuzasidan aniq ko‘rsatmalar berildi.
Shuningdek, tumandagi 1-markaziy qozonxona faoliyati bilan tanishildi. Mutaxassislarning axborotlari tinglanib, ushbu obyektning kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik darajasi va texnik holati o‘rganildi. Mavsumni betalafot o‘tkazish, issiqlik taʼminotini barqaror ushlab turish va texnik xavfsizlikni kuchaytirish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi.
Bundan tashqari, hududdagi 24 soat davomida faoliyat yurituvchi savdo shahobchalari xodimlari bilan suhbat o‘tkazilib, ularning xavfsizlik chora-tadbirlari ko‘rib chiqildi hamda jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish borasida amaliy tavsiyalar berildi.
Bu kabi o‘rganishlar viloyat IIB rahbariyati tomonidan tizimli ravishda davom ettirilmoqda.
Namangan viloyati IIB Axborot xizmati