8 Mart 2024 yil 7177

Namangan viloyati IIB boshlig‘i polkovnik Aliyev Shuxrat Xasanovichning “8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni” munosabati bilan bayram tabrigi

Qadrli opa-singillar!

Latofatli, dilbar qizlar!

Ushbu qutlug‘ sana – “Xalqaro xotin-qizlar kuni” bayrami munosabati bilan safimizda bo‘lgan barcha ayol xodimalarni va faxriylarimizni samimiy tabriklayman.

Hech kimga sir emas, ayol zoti haqida, uning qanday tengsiz latofat va nafosat sohibasi, ezgulik va fidoyilik ramzi, xonadonlarimizning fayzu-farishtasi ekani haqida tariximizda ulug‘ mutafakkirlar, shoir va allomalar qancha-qancha dil so‘zlarini bayon etganlar.

Shu o‘rinda, bugun o‘zining fidokorona mehnati, erishgan ulkan yutuqlari, davlat va jamoat ishlaridagi faol ishtiroki, ibratli fazilatlari bilan xalqimizning o‘rtasida obro‘-eʼtibor qozongan opa-singillarimizning nomlarini hurmat bilan tilga olamiz.

Bahorning ilk bayrami munosabati bilan Sizdek fidoyi va mehribon hamkasblarimizga shuni alohida taʼkidlamoqchimanki, Siz har jabhada ilg‘or, tashabbuskor, oqila va ibratlisiz.

Biz yurtimizdagi har bir ayol timsolida avvalo buyuk Ona siymosini ko‘ramiz. Shu bois “Avvalo onangizga va yana bir bor onangizga yaxshilik qiling” degan muborak hadisga amal qilib, mo‘tabar onalarimiz, qadrli opa-singillarimiz, dilbar qizlarimizga eʼtibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatishni insoniy burchimiz deb bilamiz.

Shuni alohida taʼkidlab o‘tishim joizki, mamlakatimiz ijtimoiy – siyosiy hayotining barcha sohalarida bo‘lgani kabi ichki ishlar organlari tizimida ham minglab opa–singillarimiz samarali mehnat qilishmoqda.

Ular biz bilan bir safda el – yurt tinchligi va osoyishtaligini taʼminlash, jinoyatchilikning oldini olishda chinakam jasorat namunasini ko‘rsatib kelmoqdalar.

Shu kabi jasorat ko‘rsatib, biz bilan bir safda xizmat qilayotgan ayol xodimalarimizdan 8 nafari Ichki ishlar vazirining buyrug‘i bilan taqdirlandi.

Shu bilan birga, kuni kecha Buxoro shahrida o‘tkazilgan 3-Respublika ayollar forumida ishtirok etgan viloyat IIB jamoasini faxrli ikkinchi o‘rinni egallagani, qolaversa, “Fidoyi ayol xodima” ko‘rik tanlovida Xotira Jaloldinova, “Eng yaxshi kitobxon xodima” ko‘rik tanlovida Dilrabo Ergasheva hamda “Zakovat” intellektual musobaqasida Zuxra Karimova, Aziza To‘xtasinova, Nigora Norboyeva, Odinabonu Nurmamatova va Raxima Jo‘raboyevalar faxrli uchinchi o‘rinni egallagani ayol xodimalarimizga bo‘lgan ishonchimiz, faxr va g‘ururimizni oshirdi.

Aziz va muhtarama nafosat sohibalari!

Sizlarni 8-mart – “Xalqaro xotin-qizlar kuni” bilan yana bir bor chin qalbimdan qutlab, barchangizga sihat-salomatlik, oilalaringizga tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka, shu bilan birga yurtimizda tinchlik va osoyishtalikni saqlash, yosh avlodni barkamol etib tarbiyalash, jonajon vatanimiz taraqqiyoti va nufuzini oshirish yo‘lida olib borayotgan mashaqqatli va sharafli ishlaringizga ulkan zafarlar tilayman.

Mening tilagim va niyatim bitta – oilangiz, farzandlaringiz el-yurtimiz baxtiga hamisha sog‘-omon bo‘lsin!

Doimo xalqimiz, Vatanimizning yuksak mehri va ardog‘ida bo‘lish hammangizga nasib etsin.

Umringiz uzoq, baxtingiz ziyoda va bayramingiz muborak bo‘lsin!

Shuxrat Aliyev, polkovnik

Namangan viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i

Text to speech