30 Iyun 2025 yil 106

Namangan tuman prokurorining tuman aholisiga murojaati

Aziz  yurtdoshlar,  tumanimiz mehmonlari!

Muhtaram Prezidentimizning tashabbuslari va bevosita rahbarligida barcha sohalarda misli ko‘rilmagan islohotlar  amalga  oshirilmoqda.  

Mamlakatimizda yuz berayotgan shiddatli o‘zgarishlarga, aholining turmush darajasi keskin o‘sib borayotganiga har birimiz  birdek  guvoh  ham  bo‘lmoqdamiz.

Prezidentimiz ana shu yangilanish, o‘zgarishlar samarador bo‘lishining kafolati sifatida mamlakatda tinchlik va osoyishtalikni taʼminlash, buning uchun jinoyatchilikka qarshi kurashish tizimini tubdan yaxshilashni davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri darajasiga ko‘tardilar.

Zero, bu islohotlarning samarasi barcha sohalarda qonun talablariga so‘zsiz rioya etishga, jinoyatchilik kabi illatning   oldini   olishga   bevosita   bog‘liqdir.

Aziz Namangan tuman ahli!

O‘zbek vatandoshimizmi, chet ellik tadbirkor, sarmoyador bo‘ladimi, barcha - barcha, O‘zbekistonimizda tinch va osuda, munosib  hayot sharoitlari bilan taminlangan, uning hayoti har qanday jinoiy tajovuz va tahdidlardan kafolatli himoyalangan bo‘lishi shart.

Qonun ustuvorligini taʼminlamasdan, bu vazifaga erishib bo‘lmaydi.

“Yangi O‘zbekiston”da huquqbuzarlik va jinoyatchilikka qarshi kurashish ana shunday umummilliy dolzarb vazifaga aylantirildi.

Namangan tumanidagi kriminogen vaziyat biznes muhitiga katta tasir ko‘rsatadi, uning o‘ziga xos, alohida yondashuv talab etadigan xususiyatlari bor.

Tumanimizda tinchlik va osoyishtalikni taʼminlashning yangi mexanizmlari joriy etilyapti.

Bu ishlarimiz kundalik hayotda ham ko‘rinyapti, jinoyatlar uchun jazo muqarrarligini taʼminlash vazifasi qanchalik muhim bo‘lsa, ularni keltirib chiqarayotgan sabab va omillarini bartaraf qilish ham birdek muhimdir.

Shu bois, tumanning har bir ko‘chasida, mahallasida, bozorida, istirohat bog‘ida, jamoat joyida xavfsiz muhitni yaratish choralari ko‘rilyapti.

Qadrli yurtdoshlar!

Biz jinoyatchilikni jilovlashdek katta maqsadlarni o‘z oldimizga qo‘yganmiz.

Prezidentimizning 2025 yil 3-yanvardagi mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yana-da oshirishga qaratilgan 1 - sonli qarorlari asosida jinoyatlarning sabablarini “mahallabay” va “sohabay” muhokama qilish tartibi, mahallalarni kriminogen darajasida toifalash tizimi, “mahalla yettiligi” instituti, “ijtimoiy profilaktika” tamoyili asosida huquqbuzarliklarning samarali profilaktikasini amalga oshirish orqali aholida xavfsizlik hissini shakllantirish borasida qator chora -tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Qarorga muvofiq har bir mahallada huquqbuzarlikning erta oldini olish, kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha yangi mexanizm joriy etildi, mening rahbarligimda tuman prokuraturasida idoralararo muvofiqlashtiruvchi  shtab  faoliyati yo‘lga  qo‘yildi.

Qaror ijrosi doirasida tumandagi jami 53 ta mahallaning kriminogen vaziyati og‘ir 6 tasiga masʼul rahbarlar nomma - nom biriktirilgan.

Barcha tuman va mahallalarning choraklik manzilli chora - tadbirlar “yo‘l xaritalari” ishlab chiqildi.

“Yo‘l xaritalari” ijrosi yuzasidan yil boshidan mahallalardagi aholi gavjum joylarga 201 ta, ko‘p qavatli uylarning hovlisiga 3600 gradus aylanuvchi 7 ta, mahallalarning asosiy kirish - chiqish joylariga 71 ta, bozor va savdo markazlariga yuzni va avtomobil raqamini tanib oluvchi 2 ta, jami bo‘lib 281 ga yaqin kameralar, ko‘p qavatli uylarning eshiklariga 35 dan ortiq domofonlar, uylarning kirish yo‘laklariga 20 dan ortiq tashvish tugmalari o‘rnatildi, 66 ta savdo muassasalari va qariyb 368  ta  xonadonlar  tezkor  qo‘riqlovga  olindi.

Mahallalarda fuqarolarni ogohlikka chaqiruvchi “Hudud kamera nazoratida!”, “Obyekt qo‘riqlovda!” hamda “Xonadon qo‘riqlovda!” kabi jami 370 ga yaqin stikerlar joylashtirildi, mahallalarda 35 ta “namunaviy xavfsiz ko‘cha” hamda 81 ta “namunaviy xavfsiz yo‘lak” tashkil etildi, ichki yo‘llar va ko‘chalar 214 ta yoritish vositalari bilan taʼminlandi.

Albatta bu natija beryapti.

Misol uchun, yil boshidan beri tumanda o‘rnatilgan kameralar yordamida qochuvda yurgan 3 nafar, jazodan bo‘yin tovlab kelgan Probatsiya hisobidagi 1 nafar jinoyatchilar hamda olib qochilgan 2 ta transport vositalari ushlandi. Shuningdek, bedarak yo‘qolgan 2 nafar shaxslar topilib, 6 ta jinoyatlar “issiq izi”dan fosh etildi.

Amalga oshirilgan chora - tadbirlar natijasida “qizil” toifada qolgan 6 ta mahallalarning 5 tasida kriminogen vaziyat saqlanmoqda.

Davlat rahbarining Qaroriga asosan hududlarda kriminogen vaziyat hamda jinoyatchilikni oldini olish bo‘yicha kunlik so‘rov va o‘rganishlarni yo‘lga qo‘ydik.

Bunda, kriminogen vaziyati og‘ir mahallalarning jinoyat o‘choqlari joyida o‘rganilmoqda, misol uchun, tuman mahallalarida sodir etilgan 53 ta oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar sabablari tahlil qilinib, tegishli prokuror taʼsir choralari qo‘llanildi.

Eʼtibor berishingizni istardim. Bu ishlar bir kunlik yoki bir martalik hisobot uchun qilinayotgan ishlar emas.

Hududlarda sodir etilgan jinoyatlar xususiyatini inobatga olgan holda, 2 - chorak uchun yo‘l xaritalarni ham ishlab chiqilib, ijrosi taʼminlanmoqda.

Tumanda jinoyatchilikni oldini olish, korrupsiyaviy holatlarni bartaraf etish bo‘yicha kuchaytirilgan ish tartibini  joriy  etdik.

Bu borada viloyat prokurori farmoyishi qabul qilib, barcha tezkor xodimlar 53  ta  mahallalarga  nomma – nom  biriktirildi.

Har bir sohaga doir targ‘ibot ishlari bo‘yicha uslubiy qo‘llanmalar  ishlab  chiqilib,  tarqatildi.

Endilikda, biriktirilgan xodimlarimiz jinoyat -larning omil va sabablarini o‘rganishdan tashqari o‘sha hududda  amaliy  tadbirlarni  ham  o‘tkazadi.

Biz endilikda muammoning tub negizigacha yetib borib, “mahalla  prokurori”  degan  yondashuv  bilan  ishlaymiz.

Endi eʼtiboringizni huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olish bo‘yicha dastlabki bajarilgan ishlar va  tahlillarning natijalariga qaratsam.  

Birinchi, jinoyatchilikka qarshi kurashish faoliyati samaradorligini oshirishda sohaviy nazorat kuchaytirildi.

Joriy yilning 5 oyida 47 ta o‘rganishlar o‘tkazilib, 515 nafar shaxslarning buzilgan huquqlari tiklandi. Bu ishlar muntazam davom etadi.

Ikkinchi, huquqni muhofaza qiluvchi organlar ham, aholi ham ko‘proq eʼtibor berishi lozim  bo‘lgan hamkorlik kuchaytirilishi kerak bo‘lgan bir nechta jinoiy omillarga diqqat  qaratmoqchiman.

Shiddat bilan rivojlanayotgan yurtimizda insonlar ko‘proq pul topish bilan birga, noqonuniy boylik orttirishning yangi yo‘llarini  ham  o‘ylab  topmoqdalar.

Keyingi vaqtlarda firibgarlik va o‘g‘rilik jinoyati oshayotgani  ham  bunga  yaqqol  misol  bo‘ladi.

Firibgarlik va o‘g‘rilik jinoyatlari aksariyat hollarda axborot texnologiyalari va internet ijtimoiy tarmoqlari orqali  sodir  etilayotganligi  tashvishli  holdir.

So‘nggi vaqtlarda O‘zbekiston huquq idoralari ilgari duch kelmagan kiber makondagi jinoyatlar salmog‘i ortishi anchagina tashkiliy choralar ko‘rishni taqozo etdi.

Maʼlumot uchun, tumandagi jinoyatlarning 47,9 foizini axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarni tashkil etmoqda.  Misol uchun, joriy yilning o‘tgan davrida birgina plastik kartalardan pul mablag‘larini yechib olish holatlari yuzasidan 92 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

kiber makonda sodir etilgan jinoyatlarning 41 tasi yoki 44,6 foizi firibgarlik hamda 48 tasi yoki 52,2 foizi o‘g‘rilikni tashkil qilgan.

So‘nggi yillarda bu toifadagi jinoyatlar, bir necha baravarga ko‘paydi.

Ilgari bunday jinoyatlarga qarshi ishlaydigan tizim bo‘lmagan. Shu sababli, aholimizdan firibgarlik qurboni bo‘lmaslik uchun, internet ijtimoiy tarmoqlari orqali kelayotgan turli xil feyk xabarlardan ehtiyot bo‘lishlarini hamda bank kartalari va hisob raqamlari to‘g‘risidagi   maʼlumotlarni   sir   saqlashni  so‘rab   qolamiz.

Aziz tumandoshlar!

Shu o‘rinda, kriminogen vaziyatga taʼsir ko‘rsatuvchi jinoyatlarning ayrim turlari borasida ham gapirmoqchiman.

Aytish kerakki, yilning dastlabki 5 oyi yakuniga ko‘ra, yoshlar (20-11), ayollar (5-2), ishsizlar (4-2), mast holda ( 4-1), muqaddam sudlanganlar (5-0) jinoyatini kamaytirishga erishgan bo‘lsakda, guruhlar (6-6) jinoyati teng ko‘rsatgichda qolgan, voyaga yetmaganlar (5-7) jinoyati esa biroz oshgan.

Xususan, oila va turmushda sodir etilgan huquqbuzarliklarga oilaviy - maishiy muammolar asosiy sabab bo‘lganligi aniqlandi.

Shu sababli notinch, ajrim yoqasidagi oilalarning mavjud muammolarini bartaraf etish bo‘yicha boshqa idoralar va keng jamoatchilikni jalb qildik.

Natijada, o‘tkazilgan o‘rganishlarda kriminogen vaziyati og‘ir mahallalarda 281 ta ijtimoiy ko‘makka muhtoj xotin-qizlar aniqlanib, ularning muammolarini hal qilish bo‘yicha 231 ta choralar ko‘rildi.

Bulardan tashqari, 2.542 nafar ishsizlardan 1.587 nafari ishga joylashtirildi, 582 nafari kasbga o‘qitildi, 373 nafari esa, kasbga yo‘naltirildi.

Ushbu jarayondan muqaddam sudlangan va maʼmuriy nazoratdagi shaxslar ham chetda qolmadi.

Ularning 3 nafari kasb-hunarga o‘qitildi, 4 nafarining bandligi taʼminlandi, 6 nafarining ijtimoiy muammolari hal etildi.

Yoshlar o‘rtasidagi jinoyatchilik masalasiga umummillat ishi deb yondashib, barcha birgalikda jon kuydirishi kerak.

Faqat jinoyat uchun jazoni taʼminlash bilan ovora bo‘lib, jinoyatlarning sabab va omillarini ko‘zdan qochirsak oqibati yomon bo‘ladi.

Shu kabi, voyaga yetmaganlar jinoyatiga favqulodda holat sifatida qaralib, ularga taʼlim va tarbiyani berishda majburiyatlarini bajarmagan ota-ona hamda yashash va o‘qish joylaridagi (mahalla yettiligi) mutasaddilarining javobgarligi kuchaytirildi.

Taʼlim muassasalari va jamoat joylarida masʼullar profilaktik (davomat, tig‘ va reyd) tadbirlarida uzoq muddatga ketgan 57 nafar bolalar, muntazam dars qoldiruvchi 31 nafar, tarbiyasi og‘ir 82 nafar o‘quvchilar aniqlandi. Ularning 151 nafari maktablarga qaytarildi.

Qolaversa, hokimlik va mahalla faollari bilan birgalikda ota-ona qarmog‘idan mahrum bo‘lgan hamda boquvchisini yo‘qotgan bolalarning 31 ta muammosi hal qilindi.

Maktabgacha va maktab taʼlim muassasalarining kirish-chiqish joylariga xavfsizlikni taʼminlovchi 23 ta zamonaviy kameralar o‘rnatildi.

Tahdidlardan yana bittasi, bu voyaga yetmaganlar ishtirokida sodir bo‘layotgan yo‘l-transport hodisalaridir.

Bu yo‘nalish bilan bog‘liq jinoyatlarni biz kengroq tahlil  qildik.

Raqamlarga qarasak, ohirgi ikki yilda qariyb 40 ta holatda (2023 y. 18 ta, 2024 y. 16 ta, 2025 y. 6 ta) voyaga yetmaganlar transport vositalarini olib qochib, yo‘l - transport hodisalari sodir etilgan.

Umuman olganda yo‘l-transport hodisalari oqibatida o‘tgan 2024 yilning o‘zida voyaga yetmaganlarning 2 nafari og‘ir tan  jarohati  olgan.

Shuning uchun biz bu borada keng qamrovli tadbirlarni belgilab oldik.

Hurmatli ota-onalar!

Yuqoridagilardan kelib chiqib, aziz farzandlaringizni majruh va nogiron bo‘lib qolmasliklari uchun avvalo ularning tarbiyasi va taʼlim olishiga alohida eʼtibor qaratishingizdan umidvormiz.

Hurmatli fuqarolar!

Korrupsiyaga qarshi kurashni kuchaytirish choralari ham ko‘rilmoqda.

Zero, sir emas korrupsiya har bir sohaning rivojiga to‘siq  bo‘lmoqda. 

Shu sababli, korrupsiyaning har qanday ko‘rinishiga barham berish yo‘lida qatʼiy murosasiz kayfiyatni shakllantirish, unga qarshi kurashishda men butun Namangan axlidan o‘z hissangizni qo‘shishga chaqiraman.

Barcha tashkilotlar bo‘yicha tahlillar o‘tkazilyapti, mana shu davrda yuqori idoralarga, hukumatga, aholiga xizmat ko‘rsatish, idoralarning boshqaruv tartibini yaxshilash bilan bog‘liq 16 ta takliflar ishlab chiqildi.

Hurmatli fuqarolar!

Juda ko‘p masalalarda ish uslublarimiz o‘zgarishi zarur, buning ustida ishlayapmiz. Prezidentimiz talab qilayotgan,  jinoyatlarning oqibatlari emas, ularning sabablarini, huquqbuzarliklarga imkon beruvchi shart-sharoitlarni bartaraf  qilishni ustuvor vazifa deb xalq bilan birgalikda harakat qilishimiz kerak.

Buning uchun, har bir mahalla, xonadongacha tushib, huquqbuzarlik omillarini aniqlashga eʼtiborimizni kuchaytiramiz, jinoyat sodir etgan va bunga moyilligi bor fuqarolar bilan uchrashuvlar o‘tkazib, “fuqarobay” ish tizimini joriy qilamiz.

Huquqbuzarlik va jinoyatga sabab bo‘layotgan oilaviy, ijtimoiy, moddiy va psixologik muammolarni hal qilishga, har bir fuqaroda “jinoyatchilikka qarshi immunitet”ni bolalikdan shakllantirishga alohida eʼtibor qaratamiz.

 Aziz hamyurtlar!

Jinoyatlarga qarshi kurashda prokuratura organlari, ko‘mak va hamkorlikda jinoyatlarning har qanday ko‘rinishiga chek   qo‘yishga  kafolat  beradi.

Shunday ekan aholi va keng jamoatchilikni jinoyatlarni oldini olishga hamda ularni bartaraf etishga faol hamkorlikka  chaqiramiz.

Zero, sodir etilayotgan jinoyatlarni fosh etilishi va oldi  olinishida xalqimizdan masʼuliyat, tashabbuskorlik hamda  daxldorlik  hissi  bilan  yondoshishni  so‘rayman.

Shuni yana bir bor alohida qayd etamanki, jinoyatning har qanday ko‘rinishiga tezkor ravishda munosabat bildirishga, jinoyatga qo‘l urganlarga nisbatan jazoning muqarrar taʼminlanishiga   shaxsan   kafolat   beraman.

Barchamiz  jinoyatdan  holi  yangi  O‘zbekiston  uchun  birlashaylik!!!

Namangan tuman prokurori X.Sh.Shuxratjonov

Text to speech