Namangan shahar hokimligida O‘zbekiston Respublikasining “Sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirish instituti takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonuni mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi
Seminarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining o‘rinbosari Ikrom Muslimov, Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov, sudyalar, Namangan viloyati hokimligi, davlat xavfsizlik xizmati, viloyat prokuraturasi, ichki ishlar, adliya, bojxona, milliy gvardiya boshqarmalari xodimlari, bosh prokuratura huzuridagi majburiy ijro byurosi, departament vakillari, advokatlar hamda Namangan davlat universitetining yuridik fakulteti talabalari ishtirok etdilar.
Tadbirda Oliy sud raisining o‘rinbosari Ikrom Muslimov joriy yilning 27-sentyabrida davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan Qonun bilan amaliyotga kiritilayotgan yangiliklar va ularning ahamiyati xususida batafsil maʼlumot berdi. Xususan, endilikda sudlar tomonidan birinchi instansiyada ko‘rilgan ishlarni viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarda apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida qayta ko‘rib chiqish vakolati berilayotgani, apellyatsiya yoki kassatsiya instansiyasining qarori ustidan shikoyat (protest) berish masalasida yangi institut – sud ishlarini taftish tartibida ko‘rib chiqish amaliyoti joriy etilayotgani taʼkidlandi.
Shuningdek, amaliyotga kiritilayotgan yangilikka asosan taraflarning xohishiga ko‘ra, sud qarori ustidan o‘n kunlik muddatda apellyatsiya tartibida shikoyat (protest) berilishi, ushbu muddat o‘tgandan so‘ng kassatsiya tartibida shikoyat (protest) keltirilishi mumkinligi belgilab qo‘yilayotgani aytib o‘tildi. Mazkur tartib taraflarning sud qarorlari ustidan shikoyat (protest) keltirish huquqi orqali odil sudlovga erishish imkoniyatini kengaytirishga xizmat qilishi alohida taʼkidlandi.
Ochiq muloqot tarzida o‘tgan seminarda huquqni muhofaza qiluvchi idora vakillari, advokatlar qonunchilikka kiritilgan o‘zgartirishlar yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildilar. O‘zaro savol-javoblar tarzida kechgan muloqotlarda qonunning amaldagi ijrosini taʼminlash borasidagi masalalar ham muhokama qilindi.
2024-yilning 1-yanvaridan kuchga kiradigan mazkur o‘zgarishlar odil sudlov samaradorligini yana-da oshirishda, sudlarda fuqarolarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilinishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Namangan viloyati IIB Axborot xizmati