Mingbuloq tumani prokurorining tuman aholisiga murojaati
Assalomu alaykum hurmatli tumanimiz fuqarolari, aziz yurtdoshlar!
Prezidentimizning joriy yil 3-yanvardagi “2025-yilda respublika
mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini
olish tizimi samaradorligini yanada oshirish boʻyicha chora-tadbirlar
toʻgʻrisida” PQ–1-son qarori mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish boʻyicha
mutlaqo yangicha ishlash tizimi boʻldi.
Barcha darajadagi rahbarlarga “Har bir mahallada huquqbuzarliklarning
barvaqt oldini olish” ustuvor vazifa etib belgilandi.
Mahalla–tuman darajasida “yoʻl xarita”lar ishlab chiqilib, ijroga
qaratildi.
Qaror talablaridan kelib chiqib, 2024-yilda kriminogen vaziyati ogʻir deb
topilgan va qizil hudud boʻlgan 5 ta mahallalarga manzilli chora-tadbirlarini
belgilagan holda mahalla–tuman–viloyat darajasidagi hokim, prokuror, soliq,
Milliy gvardiya, Ichki ishlar (5-nafar) masʼul rahbarlar
biriktirilib, sohaviy javobgarligi yuklatildi.
Ijtimoiy profilaktika yoʻnalishi boʻyicha:
Taʼkidlash joizki soʻngi yillarda mahallalarda jinoyatchilikni barvaqt
oldini olish, mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish masalasiga alohida etibor
qaratilmoqda.
Mahallalarda mavjud muammolarning joyida manzilli hal etilishi uchun
ijtimoiy profilaktika tizimi yoʻlga qoʻyildi.
Xususan, Mingbuloq tumanida profilaktika inspektorlari tomonidan
huquqbuzarlik sodir etish yoki undan jabrlanish ehtimoli yuqori boʻlgan 1.622
nafar shaxslarga xulosalar berilib, mavjud muammolarini mahalla yettiligi
tomonidan hal etilishi taʼminlanmoqda.
Bugungi kunda ijtimoiy profilaktik tadbirlari amalga oshirilishi oʻzining
ijobiy natijasini berib, jinoyat sodir etilishini oldini olishga samarali
xizmat qilmoqda.
Tumanimizdagi 40 ta mahallalardan 2025-yil 4 oyi davomida 29 tasida jinoyatlar sodir etilishiga yoʻl qoʻyilmadi,
8 ta mahallalar sariq, 3 ta mahallalar qizil toifaga kiritildi.
Hurmatli yurtdoshlar,
Jinoyatlarning eng koʻp sodir etilayotgan turlari, uning kelib chiqish
sabab va omillariga toʻhtalib oʻtsam.
Oʻgʻirlik jinoyati boʻyicha:
Joriy yilda tuman hududida 10 ta oʻgʻirlik jinoyatlari qayd etildi.
Mazkur jinoyatlar,
-3 tasi xonadonlarda,
-2 tasi savdo yoki hizmat koʻrsatish obyektlarida,
-1 tasi avtomashinalarda,
-1 tasi xayvon oʻgʻirligi,
-3 tasi boshqa turdagi oʻgʻirliklarni tashkil qilgan.
Bundan koʻrinmoqdaki, oʻgʻirlik jinoyatini kelib chiqishiga oʻzimiz ham
befarq ekanligimiz, shaxsiy mulklarimizga ehtiyot boʻlmasligimiz oqibatida
jinoyatchilarga sharoit yaratib berilayotganligi yaqqol nomoyon boʻlmoqda.
Firibgarlik jinoyati boʻyicha:
Joriy yilda tuman hududida 1 ta firibgarlik jinoyati qayd etildi.
Ushbu jinoyatlar fuqarolar oson va tez daromad topishga intilishlari,
uy-joy, avtomashina va boshqa mulklarini oldi-sotdisida xuquqiy hujjatlarsiz
munosabatlarga kirishishlari oqibatida sodir etilmoqda.
Yuqoridagi holatlardan koʻrinmoqdagi, fuqarola-rimizning oʻzlari bila
turib firibgarlik qurboniga aylanmoqdalar.
Koʻcha va jamoat joylardagi jinoyatlar boʻyicha:
Joriy yilning 4 oyi davomida tumanda bezorilik jinoyatlari sodir
etilishiga yoʻl qoʻyilmadi.
Lekin eʼtibor qaratadigan boʻlsak, jamoat joylarida fuqarolar sovuq
qurolni olib yurish holatlari koʻplab uchramoqda.
Oʻtkazilgan “Tigʻ” tadbirlar jarayonida 23 ta holatlarda fuqarolar tigʻli
jismlarni yonlarida olib yurganliklari aniqlanib, tegishli tartibda choralar
koʻrilgan.
Shu oʻrinda, sovuq qurol sifatida foydalanishi mumkin boʻlgan ashyolarni
jamoat joylarida ochiq holda olib yurish, Oʻzbekiston Respublikasi maʼmuriy
javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksi (1852) moddalarida taqiqlangan.
Giyohvandlik boʻyicha
Muhim yoʻnalishlardan biri giyohvandlik va psixotrop moddalarning
noqonuniy muomalasiga qarshi kurashishdir.
Tumanda hamkor tashkilotlari bilan birgalikda giyohvandlik illatiga qarshi
kurashish va uni yoshlar orasida keng tarqalishini oldini olish boʻyicha bir
qator tadbirlarni amalga oshirmoqdamiz.
Olib borilgan tadbirlar natijasida joriy yilning 4 oyi davomida 7 ta
jinoiy holatlar aniqlanib, 629,05 gram. dan ortiq giyohvandlik moddalarning
noqonuniy muomilasiga chek qoʻyildi.
Mazkur holatlar boʻyicha 7 nafar shaxslarga nisbatan jazo muqarrarligi
taʼminlandi.
Aniqlangan giyohvandlik moddalar muomilaga chiqqanida 600 nafardan ortiq
fuqarolar zaharlanishi mumkin edi.
Albatta bir narsani unutmasligimiz kerak, talab boʻlmasa taklif ham
boʻlmaydi.
Barchamiz bunga masʼul boʻlib, jamiyatimizda giyohvandlik vabosini oldini
olish bilan shugʻullanmasak, kelajak avlod taqdiriga befarq boʻlgan boʻlamiz.
Bu illatga qarshi barchamiz birgalikda kurashimiz shart va lozim deb
hisoblayman.
Kiber jinoyati boʻyicha:
Bugungi rivojlangan davrda Axborot texnologiyalari yordamida sodir
etiladigan jinoyatlar (yaʼni kiber jinoyatlar) keskin ortib bormoqda.
Bu turdagi jinoyatlarning oʻziga xos tomoni shundaki, jinoyatni sodir
etayotgan shaxs uchun chegara va masofa toʻsqinlik qilmaydi, jinoyatchi qisqa
fursatda oʻnlab, hatto yuzlab fuqarolarni jabrlanuvchiga aylantiradi.
Joriy yilda bu yoʻnalishdagi jinoyatlar umumiy sodir etilgan
jinoyatlarning 62 foizini (28 ta) tashkil etmoqda.
Mazkur jinoyatlarning 52 foizi (48 tasi) plastik kartalardan mablagʻlarini
27 tasi oʻgʻirlik holatda va 21 tasi firibgarlik yoʻli bilan talon- toroj
qilgan.
51 foizi plastik karta maʼlumotlarini berilganligi uchun, 21 foizi
ijtimoiy tarmoqda mablagʻlarni koʻpaytirib berishda aldanish, 8 foizi esa
onlayn savdo bilan shugʻullanish orqali sodir etilgan.
Achinarlisi, aksariyat holatlarda fuqarolarning oʻzlari jinoyatchilarga
osongina aldanib qolib, plastik karta kodini oddiy holda aytib qoʻyish orqali
mablagʻlarni topshirishmoqda.
Shu oʻrinda, ayrim fuqarolarimiz, ijtimoiy tarmoqlar orqali tez va qisqa
fursatda boyish ilinjida boʻlayotganliklari ham tashvishli holdir.
Buning oqibatida oʻzlari jinoyat qurboniga aylanmoqdalar.
Hurmatli fuqarolar, plastik karta raqamini jinoyatchining aldoviga kirib
oshkor qilishingiz, ishonuvchanligingiz, tezroq boylik orttirishga boʻlgan
qiziqishingiz bu turdagi jinoyatlarning salmogʻini keskin ortib ketishiga sabab
boʻlmoqda.
Shu boisdan ushbu jinoyatlarni oldini olishda,
-birinchidan, plastik karta raqamlarini oshkor qilmaslik,
-ikkinchidan, telefon orqali aloqaga chiqqan har qanday shaxsning soʻziga
ishonmaslik lozim boʻladi.
Yoʻl-transport hodisalari boʻyicha:
Yoʻllarda harakat xavfsizligini taʼminlash masalasi ham muhim ahamiyat
kasb etmoqda.
Tuman hududida oʻtgan yoʻllar uzunligi 107 km. boʻlib, shundan 58 km.
mahalliy ahamiyatga ega va 49 km. ichki xoʻjalik yoʻllarini tashkil etadi.
Yoʻllarda 3 ta tezlikni oʻlchaydigan radar va 4 ta qoida buzarliklarni
aniqlaydigan foto va video qayd etish kamerasi oʻrnatilgan.
Yoʻl-transport hodisalari 42,8 foizga yoki (7/3 -4 ta) kamaygan boʻlsada,
lekin bolalar bilan bogʻliq holatlar 100,0 foizga ortib ketgan (0/1ta).
Mazkur hodisalarda 1 nafar fuqarolar vafot etgan.
Yoʻl-transport hodisalarining oldini olish maqsadida mutasaddi
tashkilotlar bilan hamkorlikda yoʻl infratuzilmasini yaxshilash choralari
koʻrildi, muntazam ravishda profilaktik tadbirlar olib borildi.
Lekin, bugungi kunda haydovchilik va huquqiy madaniyatini yetarli deb
boʻlmaydi.
Ayrim haydovchilar yoʻl harakati qoidalariga amal qilmasliklari,
mensimasdan transport vositalarini boshqarishlari, ayrim hollarda esa
ota-onalarning oʻzlari voyaga yetmagan farzandlariga transport vositasini
boshqarishlariga imkon berayotganliklari ogʻir oqibatli yoʻl-transport
hodisalarini keltirib chiqarmoqda.
Eng achinarlisi, ayrim fuqarolar moddiy manfaat evaziga voyaga yetmagan
maktab oʻquvchilariga oʻzlarining transport vositalarini boshqarish uchun
ijaraga berishlari oqibatida mudhish hodisalar kelib chiqmoqda.
Yuqoridagi holatlarni oldini olish borasida YHXB tizimi hodimlari
tomonidan profilaktik tadbirlar keng olib borilishi taʼminlanmoqda.
Voyaga yetmaganlar boʻyicha:
Bugungi kunda, tumandagi
-50 ta maktablarda 24.018 nafar,
-2 ta kasb-xunar maktablarida 856 nafar jami 24.874 nafar oʻquvchilar
taʼlim olmoqdalar.
Voyaga yetmaganlarni barkamol inson boʻlib tarbiyalanishlari, davlatimiz
siyosatining eng muxim ustuvor yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi.
Taʼlim muassalari bilan hamkorlikda bir qator ishlar amalga oshirildi.
Lekin, olib borilayotgan ishlar samaradorligi yetarli darajada
boʻlmaganligi bois, voyaga yetmaganlar tomonidan jinoyatlar sodir etilishiga
yoʻl qoʻyib kelinmoqda.
Jumladan:
4 oy mobaynida voyaga
yetmaganlar tomonidan 3 ta jinoyat sodir etilib (1/3) 2 taga ortib ketishiga
yoʻl qoʻyilgan.
Voyaga yetmaganlar tomonidan
- 2 ta oʻgʻirlik,
- 1 ta shaxsga doir maʼlumotlar toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzish
jinoyatlari sodir etilgan.
Aksariyat oʻquvchilar oʻzlari bilan birga tigʻli jismlarni olib yurishni
odat qilib olganlar.
Oʻtkazilgan tadbirlar davomida oʻquvchilardan 28 dona oʻtkir tigʻli
buyumlar olingan.
Oʻquvchilarni nazorat qilinmasligi oqibatida dars mashgʻulotlariga
qatnashmaslik holatlariga yoʻl qoʻyib kelinayotganligi “Davomat” tadbirlarida
maʼlum boʻlgan.
Hurmatli tumanimiz fuqarolari,
Hurmatli Prezidentimizning 2025-yil 18-mart kungi “Ichki ishlar
organlarining voyaga yetmaganlar oʻrtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi
faoliyatini tashkil etish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi
PQ-110-son qarorlari qabul qilindi.
Mazkur qaror bilan taʼlim muassasalarida oʻquvchilar bilan “Maktab –
mahalla – oila” tamoyili asosida ishlash tizimi joriy etilib bunda,
oʻquvchilar oʻrtasida qonunbuzilish va boshqa koʻrinishdagi hulq
ogʻishlariga qarshi immunitetni shakllantirish, psixologik ishlash
mexanizmlarini yoʻlga qoʻyish, oʻquvchilarda Vatanga sadoqat hissini
shakllantirish, maktablarda doimiy ravishda davomatni tekshirish, oʻquvchilarni
kasbga yoʻnaltirish kabi vazifalar yuklatildi.
Aziz tumanimiz ahli,
Voyaga yetmagan farzandlarimizning maʼnaviy- maʼrifiy saviyasini oshirish,
bilim olishlari uchun munosib sharoit yaratish, vatanparvarlik ruhida
tarbiyalash hamda boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish masalalarini
birgalikda amalga oshirib, manzilli ishlarni tashkil etsak, oldimizga qoʻygan
maqsadimizga erishamiz.
Yoshlar boʻyicha:
Xabaringiz bor, oʻtgan davr mobaynida Prezidentimiz tomonlaridan doimiy
ravishda yoshlarga katta eʼtibor qaratilib, ularni vatanparvarlik ruhida
tarbiyalashda barchamizning oldimizga katta masʼuliyatni yuklamoqdalar.
Bugungi kunda tumanimiz aholisining 22,8 foizi yoki 31.102 nafarini
yoshlar tashkil qiladi.
Joriy yilning 4 oyida yoshlar tomonidan 5 ta jinoyatlar sodir etilib,
oʻtgan yilning shu davriga nisbatan (4-5) 1 taga oshib ketgan.
Yoshlar tomonidan,
-5 ta oʻgʻirlik jinoyatlari sodir etilgan.
Yoshlar, kelajak poydevori tushunchasi bilan qarab, ularning ezgu niyat va
orzularini roʻyobga chiqarishga barchamiz masʼul ekanligmizni unutmasligimiz
zarur.
Ayollar jinoyati boʻyicha:
Joriy yilning 4 oyi mobaynida xotin-qizlar tomonidan 1 ta (1/1) jinoyatlar
sodir etilgan.
Sodir etilgan 1 ta jinoyatlarda 1 nafar ayollar ishtirok etgan. Ular tomonidan
-1 ta qoʻshmachilik qilish yoki foxishaxona saqlash
jinoyatlari sodir etilganligi tashvishlidir.
Tazyiq va zoʻravonlik:
Soʻngi yillarda xotin-qizlarning faolligini oshirish, gender tengligini
taʼminlash, tazyiq va zoʻravonlikning oldini olish borasida keng koʻlamli
ishlar amalga oshirilmoqda.
Albatta, xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish borasida
asosiy masʼuliyatni ichki ishlar organlar oʻz zimmasiga olgan.
Bugungi kunda tumanda tazyiq va zoʻravonlikka uchragan 53 nafar
xotin-qizlarga himoya orderi berilib, nazoratga olindi.
Tazyiq va zoʻravonliklar,
-47 ta oilada,
-3 ta koʻchalarda,
-1 ta jamoat joylarida,
-2 ta boshqa joylarda sodir etilgan.
Bular shuni anglatadiki, ayrim oilalarda hali ham maʼnaviy ruhiy muhit
nosogʻlomligicha qolmoqda.
Shuni inobatga olib, hamkor tashkilotlar bilan birgalikda nizoli oilalarni
yana bir bor oʻrganib chiqib, ularning muammolarini manzilli hal etish
choralarini koʻrishimiz lozim boʻladi.
Bunda albatta, mahalla masʼullari bilan birgalikda mahallalardagi nuroniy
otaxon va onaxonlar oila-qadriyati tushunchasini barcha yoshlarga singdirish
borasida muhim rol oʻynashlari kerak.
Aziz tumanimiz fuqarolari,
Mingbuloq tumani xududida barchamiz jinoyat sodir etilgandan keyin emas,
uni avvaldan oldini olishga alohida eʼtibor qarataylik.
Bugungi kunda tumanimizdagi barcha mahallalarda profilaktika inspektorlari
bevosita mahalla yettiligi bilan birgalikda kunu-tun xizmat olib bormoqdalar.
Tuman hududida jinoyatchilikka qarshi kurashish, jinoyatlarni barvaqt
oldini olish masalasi faqatgina davlat idoralarining vazifasi emas, balki butun
jamiyatning vazifasi deb qarab, bu masalalarga eʼtiborlik boʻlsak, tuman
hududida jamoat xafsizligi ishonchli taʼminlanib, mahallalarda havfsiz muhit
yaratiladi, bu bilan oldimizga qoʻyilgan maqsadga erishamiz, xalqimiz bizdan
rozi boʻladi.
Mingbuloq tumani prokurori U.Akbarov