30 Iyun 2025 yil
135
Kosonsoy tuman prokurorining tuman aholisiga murojaati
Aziz yurtdoshlar, tumanimiz mehmonlari!
Muhtaram Prezidentimizning tashabbuslari va bevosita rahbarligida barcha sohalarda misli ko‘rilmagan islohotlar amalga oshirilmoqda.
Mamlakatimizda yuz berayotgan shiddatli o‘zgarishlarga, aholining turmush darajasi keskin o‘sib borayotganiga har birimiz birdek guvoh ham bo‘lmoqdamiz.
Prezidentimiz ana shu yangilanish, o‘zgarishlar samarador bo‘lishining kafolati sifatida mamlakatda tinchlik va osoyishtalikni taʼminlash, buning uchun jinoyatchilikka qarshi kurashish tizimini tubdan yaxshilashni davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri darajasiga ko‘tardilar.
Zero, bu islohotlarning samarasi barcha sohalarda qonun talablariga so‘zsiz rioya etishga, jinoyatchilik kabi illatning oldini olishga bevosita bog‘liqdir.
Aziz Kosonsoy tuman ahli!
“Yangi O‘zbekiston”da huquqbuzarlik va jinoyatchilikka qarshi kurashish ana shunday umummilliy dolzarb vazifaga aylantirildi.
Kosonsoy tumanidagi kriminogen vaziyat biznes muhitiga katta taʼsir ko‘rsatadi, uning o‘ziga xos, alohida yondashuv talab etadigan xususiyatlari bor.
Tumanimizda tinchlik va osoyishtalikni taʼminlashning yangi mexanizmlari joriy etilyapti.
Bu ishlarimiz kundalik hayotda ham ko‘rinyapti, jinoyatlar uchun jazo muqarrarligini taʼminlash vazifasi qanchalik muhim bo‘lsa, ularni keltirib chiqarayotgan sabab va omillarini bartaraf qilish ham birdek muhimdir.
Shu bois, tumanning har bir ko‘chasida, mahallasida, bozorida, istirohat bog‘ida, jamoat joyida xavfsiz muhitni yaratish choralari ko‘rilyapti.
Qadrli yurtdoshlar!
Biz jinoyatchilikni jilovlashdek katta maqsadlarni o‘z oldimizga qo‘yganmiz.
2025 yil 3 yanvardagi “2025 yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yana-da oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 1-son Qarori asosida jinoyatlarning sabablarini “mahallabay” va “sohabay” muhokama qilish tartibi, mahallalarni kriminogen darajasida toifalash tizimi, “mahalla yettiligi” instituti, “ijtimoiy profilaktika” tamoyili asosida huquqbuzarliklarning samarali profilaktikasini amalga oshirish orqali aholida xavfsizlik hissini shakllantirish borasida qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Qarorga muvofiq har bir mahallada huquqbuzarlikning erta oldini olish, kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha yangi mexanizm joriy etildi, tuman prokuraturasida idoralararo muvofiqlashtiruvchi shtab faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Qaror ijrosi doirasida 2025 yil 6 oyi yakuniga ko‘ra tumandagi jami 56 ta mahallaning kriminogen vaziyati og‘ir 4 tasiga masʼul rahbarlar nomma-nom biriktirilgan.
Barcha tuman va mahallalarning choraklik manzilli chora-tadbirlar “yo‘l xaritalari” ishlab chiqildi.
“Yo‘l xaritasi” ijrosi yuzasidan yil boshidan mahallalardagi aholi gavjum joylarga 100 ta, ko‘p qavatli uylarning hovlisiga 360 daraja aylanuvchi 3 ta, mahallalarning asosiy kirish-chiqish joylariga 40 ta, bozor va savdo markazlariga yuzni va avtomobil raqamini tanib oluvchi 5 ta, jami bo‘lib 240 ga yaqin kameralar, ko‘p qavatli uylarning eshiklariga 30 dan ortiq domofonlar, uylarning kirish yo‘laklariga 7 dan ortiq tashvish tugmalari o‘rnatildi, 18 ta savdo muassasalari va qariyb 200 ta xonadonlar tezkor qo‘riqlovga olindi.
Mahallalarda fuqarolarni ogohlikka chaqiruvchi “Hudud kamera nazoratida!”, “Obyekt qo‘riqlovda!” hamda “Xonadon qo‘riqlovda!” kabi jami 390 ga yaqin stikerlar joylashtirildi, mahallalarda 24 ta “namunaviy xavfsiz ko‘cha” hamda 60 ta “namunaviy xavfsiz yo‘lak” tashkil etildi, ichki yo‘llar va ko‘chalar 190 ta yoritish vositalari bilan taʼminlandi.
Misol uchun, yil boshidan beri tumanda o‘rnatilgan kameralar yordamida qidiruvda bo‘lgan 1 nafar, jazodan bo‘yin tovlab kelayotgan Probatsiya hisobidagi 2 nafar shaxslar hamda olib qochilgan 1 ta transport vositalari ushlandi. Shuningdek, 8 ta jinoyatlar “issiq izi”dan fosh etildi.
Qarorga asosan hududlarda kriminogen vaziyat hamda jinoyatchilikni oldini olish bo‘yicha kunlik so‘rov va o‘rganishlarni yo‘lga qo‘ydik.
Bunda, kriminogen vaziyati og‘ir mahallalarning jinoyat o‘choqlari joyida o‘rganilmoqda, misol uchun, tuman mahallalarida sodir etilgan oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar sabablari tahlil qilinib, tegishli taʼsir choralari qo‘llanildi.
Hududlarda sodir etilgan jinoyatlar xususiyatini inobatga olgan holda, 3-chorak uchun yo‘l xaritalarni ham ishlab chiqildi.
Shiddat bilan rivojlanayotgan yurtimizda insonlar ko‘proq pul topish bilan birga, noqonuniy boylik orttirishning yangi yo‘llarini ham o‘ylab topmoqdalar.
Keyingi vaqtlarda firibgarlik va o‘g‘rilik jinoyati oshayotgani ham bunga yaqqol misol bo‘ladi.
Firibgarlik va o‘g‘rilik jinoyatlari aksariyat hollarda axborot texnologiyalari va internet ijtimoiy tarmoqlari orqali sodir etilayotganligi tashvishli holdir.
So‘nggi vaqtlarda O‘zbekiston huquq idoralari ilgari duch kelmagan kiber makondagi jinoyatlar salmog‘i ortishi anchagina tashkiliy choralar ko‘rishni taqozo etdi.
Maʼlumot uchun, tumandagi jinoyatlarning 63 foizini axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarni tashkil etmoqda. Misol uchun, joriy yilning o‘tgan davrida birgina plastik kartalardan pul mablag‘larini yechib olish holatlari yuzasidan 170 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Kiber makonda sodir etilgan jinoyatlarning 75 tasi yoki 44,1 foizi firibgarlik hamda 95 tasi yoki 55,9 foizi o‘g‘rilikni tashkil qilgan.
So‘nggi yillarda bu toifadagi jinoyatlar, bir necha baravarga ko‘paydi.
Ilgari bunday jinoyatlarga qarshi ishlaydigan tizim bo‘lmagan. Shu sababli, aholimizdan firibgarlik qurboni bo‘lmaslik uchun, internet ijtimoiy tarmoqlari orqali kelayotgan turli xil feyk xabarlardan ehtiyot bo‘lishlarini hamda bank kartalari va hisob raqamlari to‘g‘risidagi maʼlumotlarni sir saqlashni so‘rab qolamiz.
Aziz tumandoshlar!
Sodir etilgan jinoyatning tahlillar asosida oila va turmushda sodir etilgan huquqbuzarliklarga oilaviy-maishiy muammolar asosiy sabab bo‘lganligi aniqlandi.
Shu sababli notinch, ajrim yoqasidagi oilalarning mavjud muammolarini bartaraf etish bo‘yicha boshqa idoralar va keng jamoatchilikni jalb qildik.
Natijada, o‘tkazilgan o‘rganishlarda kriminogen vaziyati og‘ir mahallalarda 275 ta ijtimoiy ko‘makka muhtoj xotin-qizlar aniqlanib, ularning muammolarini hal qilish bo‘yicha 230 ta choralar ko‘rildi.
Bulardan tashqari, 2.811 nafar ishsizlardan 1.421 nafari ishga joylashtirildi, 585 nafari kasbga o‘qitildi, 379 nafari esa kasbga yo‘naltirildi.
Ushbu jarayondan muqaddam sudlangan va maʼmuriy nazoratdagi shaxslar ham chetda qolmadi.
Ularning 3 nafari kasb-hunarga o‘qitildi, 2 nafarining bandligi taʼminlandi, 7 nafarining ijtimoiy muammolari hal etildi.
Yoshlar o‘rtasidagi jinoyatchilik masalasiga umummillat ishi deb yondashib, barcha birgalikda jon kuydirishi kerak.
Faqat jinoyat uchun jazoni taʼminlash bilan ovora bo‘lib, jinoyatlarning sabab va omillarini ko‘zdan qochirsak oqibati yomon bo‘ladi.
Shu kabi, voyaga yetmaganlar jinoyatiga favqulodda holat sifatida qaralib, ularga taʼlim va tarbiyani berishda majburiyatlarini bajarmagan ota-ona hamda yashash va o‘qish joylaridagi (mahalla yettiligi) mutasaddilarining javobgarligi kuchaytirildi.
Qolaversa, hokimlik va mahalla faollari bilan birgalikda ota-ona qarmog‘idan mahrum bo‘lgan hamda boquvchisini yo‘qotgan bolalarning 32 ta muammosi hal qilindi.
Maktabgacha va maktab taʼlim muassasalarining kirish-chiqish joylariga xavfsizlikni taʼminlovchi 24 ta zamonaviy kameralar o‘rnatildi.
Hurmatli fuqarolar!
Juda ko‘p masalalarda ish uslublarimiz o‘zgarishi zarur, buning ustida ishlayapmiz. Prezidentimiz talab qilayotgan, jinoyatlarning oqibatlari emas, ularning sabablarini, huquqbuzaliklarga imkon beruvchi shart-sharoitlarni bartaraf qilishni ustuvor vazifa deb xalq bilan birgalikda harakat qilishimiz kerak.
Buning uchun, har bir mahalla, xonadongacha tushib, huquqbuzarlik omillarini aniqlashga eʼtiborimizni kuchaytiramiz, jinoyat sodir etgan va bunga moyilligi bor fuqarolar bilan uchrashuvlar o‘tkazib, “fuqarobay” ish tizimini joriy qilamiz.
Huquqbuzarlik va jinoyatga sabab bo‘layotgan oilaviy, ijtimoiy, moddiy va psixologik muammolarni hal qilishga, har bir fuqaroda “jinoyatchilikka qarshi immunitet”ni bolalikdan shakllantirishga alohida eʼtibor qaratamiz.
Aziz hamyurtlar!
Jinoyatlarga qarshi kurashda hamkor tashkilotlar hamda jamoatchilik ko‘magida jinoyatlarning har qanday ko‘rinishiga chek qo‘yishga kafolat beramiz.
Shunday ekan aholi va keng jamoatchilikni jinoyatlarni oldini olishga hamda ularni bartaraf etishga faol hamkorlikka chaqiramiz.
Shuni yana bir bor alohida qayd etamanki, jinoyatning har qanday ko‘rinishiga tezkor ravishda munosabat bildirishga, jinoyatga qo‘l urganlarga nisbatan jazoning muqarrar taʼminlanishiga shaxsan kafolat beraman.
Kosonsoy tuman prokurori K.Askarov