12 May 2025 yil 309

Kosonsoy tuman prokurorining tuman aholisiga murojaati

Hurmatli tumanimiz fuqarolari va mehmonlari!

 

Prezidentimizning joriy yilning 3-yanvardagi “2025-yilda respublika mahallalarida havfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 1-sonli qarori mahallalarda havfsiz muhitni yaratish boʻyicha mutlaqo yangicha ishlash tizimi boʻldi. Mahallalarda mavjud muommolarni joyida manzilli hal etish uchun “Ijtimoiy profilaktika” tizimi yoʻlga qoʻyildi.

Profilaktika inspektorlari tomonidan huquqbuzarlik sodir etish yoki undan jabrlanish ehtimoli yuqori boʻlgan 1 581 nafar shaxslarga xulosalar berib, mavjud muommolari mahalla yettiligi tomonidan ijobiy hal etilib kelinmoqda. Mahalla faollari tomonidan 134 nafar shaxslarning muammolari ijobiy hal etildi.

Bugungi kunda ijtimoiy profilaktik tadbirlar amalga oshirilishi oʻzining ijobiy natijasini berib, jinoyat sodir etilishini barvaqt oldini olishiga samarali xizmat qilmoqda.

Tumanimizda joriy yilning 3 oyi davomida mahalla hududida 27 ta jinoyat sodir etilib, 2 ta (Tagijar va Olmazor) mahallalarini qizil toifaga kirishiga yoʻl qoʻyilgan boʻlsa, 59 ta mahallalarning 49 tasida jinoyatlar sodir etishiga yoʻl qoʻyilmadi.

 

Hurmatli yurtdoshlar!

 

Jinoyatlarning eng koʻp sodir etilayotgan turlari ularning kelib chiqish sabab va huquqlari omillariga toʻxtalib oʻtsam.

Joriy yilning 3 oyi  davomida tuman hududida 9 ta oʻgʻirlik jinoyatlari qayd etilgan, ushbu oʻgʻirliklarning 3 tasi hayvon oʻgʻirligi, 4 tasi xonadon oʻgʻirligini tashkil etadi. Ushbu jinoyatlar tahlil qilinganda hayvon oʻgʻirligi kelib chiqish sababi fuqarolar tomonidan hayvonlarini dalalarga qarovsiz tashlab ketish oqibatida sodir etilgan boʻlsa, xonadon oʻgʻirligi yashash xonodonimizda mavjud boʻlgan mol-mulklarimizni qarovsiz qoldirish, eshiklarni ochiq holatda tashlab ketish va hovli devorlar bilan oʻralmaganligi, oʻralgan devorlarning ayrimalari esa past holatda boʻlganligi sababli sodir etib kelinmoqda. Jinoyatning kelib chiqishiga oʻzimiz ham befarq ekanligimiz, shaxsiy mulklarimizga ehtiyot boʻlmasligimiz oqibatida jinoyatchilarga sharoit yaratib berilayotganligi koʻrilmoqda.

Bugungi kunda eng koʻp sodir etilayotgan jinoyatlardan biri bu firibgarlik jinoyati boʻlib, tuman hududida shu davrda 1 ta jinoyat qayd etildi. Sodir etilayotgan firibgarlik jinoyatlarida fuqarolar oson va tez daromad topishga intilishi uy-joy avtomashina va boshqa mulklarning oldi-sotdisidan huquqiy hujjatlarsiz munosabatlarga kirishi oqibatida sodir etilmoqda.

Koʻcha va jamoat joylarda jinoyatlarni oldini olish boʻyicha tegishli naryad va xizmatlar tashkil etib kelinayotganiga qaramay joriy yilning 3 oyi  davomida 1 ta bezorilik hamda  2 ta tan jarohati bilan bogʻliq boʻlgan jinoyatlar sodir etildi. Ushbu jinoyatlarni kelib chiqish sabablari oʻrganilganda fuqarolar bir-birlari bilan oʻzaro kelishmovchilik, pul oldi berdi masalalari, fuqarolar oʻz harakatlarini huquqiy oqibatini tushunib yetmasliq natijasida sodir etilganligi aniqlangan. Eʼtibor qaratadigan boʻlsak, jamoat joylarda fuqarolar sovuq qurollarni olib yurish holatlari koʻplab uchramoqda.

Oʻtkazilgan tigʻ tadbirlari jarayonida 20 ta fuqarolar tigʻli jismlarni yonlarida olib yurganliglari aniqlanib, 6 nafariga tegishli tartibda choralar koʻrilib, 14 nafar fuqarolar rasmiy ogohlantirilgan.

Muhim bir yoʻnalishlardin biri giyohvandlik va psixotrop moddalarining noqonuniy muomalasiga qarshi kurashishdir. Tumanimizda hamkor tashkilotlar bilan birgalikda giyohvandlik illatiga qarshi kurashish va uni yoshlar orasida keng tarqalishini oldini olish borasida bir qator tadbirlar amalga oshirmoqdamiz. Olib borilgan tadbirlar natijasida 7 ta jinoiy holatlar aniqlanib 7 kilogramdan ortiq giyohvandlik moddalar va psixotrop dorilar noqonuniy muomilasiga chek qoʻyildi. Mazkur holatlar boʻyicha 9 nafar shaxslarga nisbatan jazo muqarrarligi taʼminlandi. Albatta bir narsani unutmasligimiz kerak, bu illatga qarshi barchamiz kurashishimiz shart va lozim deb hisoblayman.

Bugungi rivojlangan davrda axborot texnologiyalari yordamida sodir etilayotgan jinoyatlar keskin ortib bormoqda. Jinoyatlarning oʻziga xos tomoni shundaki, jinoyatni sodir etayotgan shaxs uchun chegara va masofa toʻsqinlik qilmaydi. Jinoyatchi qisqa fursatda 10 lab hattoki 100 lab fuqarolarni jabrlanuvchiga aylantiradi.

Joriy yilning 3 oyi davomida bu yoʻnalishda sodir etilgan 30 ta jinoyatlar, umumiy sodir etilgan jinoyatlarni 40% ni tashkil etmoqda. Mazkur jinoyatlarning 96,7% plastik kartalardan mablagʻlarni 24 ta oʻgʻirlik holatida va 5 ta firibgarlik holati bilan talon-taroj qilingan. 71% plastik karta malumotlarni berganligi uchun, 22% ijtimoiy tarmoqda mablagʻlarni koʻpaytirib berishda aldanish, 7% esa onlayn savdo bilan shugʻullanish orqali sodir etilgan. Achinarlisi aksariyat hollarda fuqarolarning oʻzlari jinoyatchilarga osongina aldanib qolib, plastik karta kodlarini oddiy holda aytib qoʻyishi orqali mablagʻlarni topshirishmoqda.              

Shu oʻrinda ayrim fuqarolarimiz ijtimoiy tarmoq orqali tez va qisqa fursatda boyish ilinjida boʻlayotganligi tashvishli holdir. Buning oqibatida oʻzlari jinoyat qurboniga aylanmoqdalar. Jinoyatchilar tomonidan fuqarolarning 515.000.000 soʻmdan ortiq mablagʻlari oʻzlashtirib olingan. Kiberjinoyatlarni fosh etishga qaratilgan tadbirlar jarayonida 16 dan ortiq jinoyatlar fosh etilib, 220.000.000 soʻmdan ortiq miqdoridagi pullari qaytarildi.

Yoʻllarda harakat havfsizligini taʼminlash masalasi ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Tuman hududidan oʻtgan yoʻllar uzunligi 134 kilometrni tashkil etib bundan mahalliy ahamiyatga ega boʻlgan va 165 kilometr ichki xoʻjalik yoʻllarini tashkil etadi. Yoʻllarda 4 ta tezlikni oʻlchaydigan radar, 5 ta qoida buzarliklarni aniqlaydigan foto va video qayt etish kameralari oʻrnatilgan. Mazkur yoʻllarda yoʻl harakati havfsizligini taʼminlash uchun 6 nafar yoʻl patrul inspektorlari xizmatlari jalb etilib kelinmoqda. Joriy yilning 3 oy davomida 7 ta yoʻl-transport hodisalari sodir etilib, ularning barchasi tan jarohati bilan yakunlangan. Oʻlim bilan tugagan yoʻl-transport hodisalari sodir etilmagan. Yoʻl-transport hodisalarini oldini olish maqsadida mutasaddi hamkor tashkilotlar bilan birgalikda yoʻl infratuzilmasini yaxshilash chora-tadbirlari koʻrildi. Muntazam ravishda profilaktik tadbirlar olib borilmoqda. Lekin bugungi kunda haydovchilik va huquqiy madaniyatni yetarli deb boʻlmaydi. Ayrim haydovchilar yoʻl harakati qoidalariga amal qilmasdan, mensimasdan transport vositalarini boshqarish, ayrim hollarda esa ota-onalarning oʻzlari voyaga yetmagan farzandlariga transport vositalarini boshqarishga imkon berayotganliklari ogʻir oqibatli yoʻl-transport hodisalarini keltirib chiqarmoqda. Eng achinarlisi ayrim fuqarolar moddiy manfaat evaziga voyaga yetmagan maktab oʻquvchilariga transport vositalarini boshqarish, ijaraga berish oqibatida mudhish hodisalar ham kelib chiqmoqda. Tumanimizda ham bu kabi 2 ta holatda 2 ta transport vositasini boshqarish orqali voyaga yetmaganlar tomonidan qoidabuzarliklar aniqlanib, tegishli tartibda ularning ota-onalariga choralar koʻrilgan. Yuqoridagi noxush holatlarni oldini olish borasida yoʻl harakati havfsizligi boʻlimi tizimi tomonidan profilaktik tadbirlar olib borilmoqda. Joriy yilning 3 oy davomida 5 968 ta qoidabuzarliklar aniqlangan boʻlib, ularning 2 468 tasi qoʻpol qoidabuzarliklarni tashkil etadi.

Aziz tumanimiz fuqarolari, yoʻl-transport hodisalari boʻyicha bir qancha jiddiy masalalarni aytib oʻtdim, albatta barchamiz haydovchilik hurmatini saqlagan holda qoidalarga itoat qilib harakatlansak xech qanday koʻngilsiz hodisalar sodir etilmasligiga oʻzimizni hissamizni qoʻshgan boʻlamiz.

Bugungi kunda tumandagi maktablar, kasb-xunar, tenikumlar, kollejlar va litseylarda 40 993 dan ortiq oʻquvchilar taʼlim olmoqda. Voyaga yetmaganlarni barkamol inson boʻlib tarbiyalash davlatimiz siyosatining eng muhim ustivor yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi. Taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda bir qator ishlar amalga oshirildi. Lekin olib borilayotgan ishlar samaradorligi yetarli darajada boʻlmaganligi bois voyaga yetmaganlar tomonidan jinoyat sodir etilishiga yoʻl qoʻyib kelinmoqda. 3 oy davomida 3 nafar voyaga yetmaganlar tomonidan jinoyatlar sodir etilishiga yoʻl qoʻyildi. Aksariyat oʻquvchilar oʻzlari bilan birga tigʻli jismlarni olib yurishni odat qilib olganlar. Oʻtkazilgan tadbirlar davomida oʻquvchilarda 16 dona oʻtkir tigʻli buyumlar olingan. Oʻquvchilarni nazorat qilinmasligi oqibatida dars mashgʻulotlariga qatnashmaslik holatlariga yoʻl qoʻyib kelinayotganligi davomat tadbirlarida maʼlum boʻlmoqda. Taʼlim muassasalarida oʻquvchilar bilan maktab, mahalla-oila tamoyili asosida ishlash tizimi joriy etildi. Oʻquvchilar oʻrtasida qonun buzulishiga qarshi immunitetni shakllantirish, psixologik ishlarni mexanizmlarini yoʻlga qoʻyish, ularda vatanga sadoqat hislarini shakllantirish, maktablarda doimiy ravishda davomotni tekshirish, oʻquvchilarni kasbga yoʻnaltirish kabi vazifalar amalga oshirib kelinmoqda.

Aziz tumanimiz ahli, voyaga yetmagan farzandlarimizning maʼnaviy-maʼrifiy saviyasini oshirish, bilim olishlari uchun munosib sharoit yaratish, vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, hamda boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish masalalarini birgalikda amalga oshirib, manzilli ishlarni tashkil etsak oldimizga qoʻyilgan maqsadlarga erishamiz.

Tumanimizda yoshlar jinoyatchiligini oldini olish boʻyicha hamkor tashkilotlar bilan birgalikda barcha chora-tadbirlar ishlab chiqilib, tegishli ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Soʻngi yillarda xotin-qizlarning faolligini oshirish, gender tengligini taʼminlash, tazyiq va zoʻrvonliklarni oldini olish borasida keng koʻlamli ishlarni amalga oshirilmoqda. Albatta xotin-qizlarni tazyiqlar va zoʻravonliklardan himoya qilish borasida asosiy masʼuliyatni ichki ishlar organlari oʻz zimmasiga olgan. Bugungi kunda ayrim oilalarda hali ham maʼnaviy muhitni nosogʻlomligi tazyiq va zoʻravonlik natijasida jinoyatlar sodir etilishiga olib kelmoqda. Shuni inobatga olib hamkor tashkilotlar bilan birgalikda nizoli oilalarni yana bir bor oʻrganib chiqib, ularning muommolarini manzilli hal etish choralarini koʻrish lozim boʻladi. Bunda albatta mahalla masʼullari bilan birgalikda mahallalardagi nuroniy otaxon va onaxonlar, oila qadriyati tushunchasi barcha yoshlarga singdirish borasida muhim rol oʻynashlari kerak.

Hozirgi zamonda energiya resurslaridan oqilona foydalanish, hayot uchun muhim omillardan biri hisoblanadi. Energiya resurslarini ishlab chiqarish va undan samarali foydalanish muommosi global miqiyosda dolzarb masala boʻlib ularni tejash lozim. Tumanda energiya resurslarini talon-tarojini oldini olish borasida hamkor tashkilotlar bilan birgalikda qoʻshimcha reydlar va tushuntirish profilaktik tadbirlari amalga oshirib kelinmoqda.

Ichki ishlar organlarini raqamlashtirish masalasiga ham alohida eʼtibor berilmoqda. 2024-yil 12 oyi kuniga koʻra, qizil toifadagi boʻlgan A.Jomiy, Doʻstlik, Yoshlik, Chak va Qorasuv mahallalarga 87 ta chegara hududlariga 43 ta, tumanning boshqa joylariga 137 ta kuzatuv kameralari oʻrnatilib raqamlashtirildi. Albatta bundan koʻzlangan maqsad tuman aholisining havfsizligini taʼminlash barcha hududlarni qamrab olgan kuzatuvni yoʻlga qoʻyish shu orqali jinoyatning barvaqt oldini olish, jinoyatlarni issiq izidan fosh etishdir. Mahallalarda jinoyatchilikni barvaqt oldini olish maqsadida tumanimizda bugungi kunda profilaktika inspektorlari mahallalarni oʻzlarida qoʻriqlash xizmati xodimlari bilan birgalikda fuqarolarimizning tinchlik va osoyishtaligini taʼminlab kelmoqda. Hurmatli tumanimiz fuqarolari va aziz mehmonlari,  barchamiz jinoyat sodir etilgandan keyin emas, uni avvaldan barvaqt oldini olishga alohida eʼtibor qarataylik.

Bugungi kunda tumanimizni barcha  mahallalarida profilaktika inspektorlari bevosita mahalla yettiligi bilan birgalikda kunu tun xizmat olib bormoqdalar. Tuman hududida jinoyatchilikka qarshi kurashish, jinoyatlarni barvaqt oldini olish masalasini faqatgina davlat idoralarini vazifasi emas, balki butun jamiyatning vazifasi deb qarash lozim.

 

Kosonsoy tumani prokurori K.Askarov

Text to speech