Kosonsoy tuman prokurori va tuman IIB boshligʻining tuman aholisiga murojaati
Aziz yurtdoshlar, tumanimiz mehmonlari!
Muhtaram Prezidentimizning
tashabbuslari va bevosita rahbarligida barcha sohalarda misli koʻrilmagan
islohotlar amalga oshirilmoqda.
Mamlakatimizda yuz berayotgan
shiddatli oʻzgarishlarga, aholining turmush darajasi keskin oʻsib borayotganiga
har birimiz birdek guvoh ham boʻlmoqdamiz.
Prezidentimiz ana shu yangilanish,
oʻzgarishlar samarador boʻlishining kafolati sifatida mamlakatda tinchlik va
osoyishtalikni taʼminlash, buning uchun jinoyatchilikka qarshi kurashish
tizimini tubdan yaxshilashni davlat siyosatining eng ustuvor yoʻnalishlaridan
biri darajasiga koʻtardilar.
Zero, bu islohotlarning samarasi
barcha sohalarda qonun talablariga soʻzsiz rioya etishga, jinoyatchilik kabi
illatning oldini olishga bevosita bogʻliqdir.
Aziz
Kosonsoy tuman ahli!
“Yangi Oʻzbekiston”da huquqbuzarlik
va jinoyatchilikka qarshi kurashish ana shunday umummilliy dolzarb vazifaga
aylantirildi.
Kosonsoy tumanidagi kriminogen
vaziyat biznes muhitiga katta taʼsir koʻrsatadi, uning oʻziga xos, alohida
yondashuv talab etadigan xususiyatlari bor.
Tumanimizda tinchlik va
osoyishtalikni taʼminlashning yangi mexanizmlari joriy etilayapti.
Bu ishlarimiz kundalik hayotda ham
koʻrinayapti, jinoyatlar uchun jazo muqarrarligini taʼminlash vazifasi
qanchalik muhim boʻlsa, ularni keltirib chiqarayotgan sabab va omillarini
bartaraf qilish ham birdek muhimdir.
Shu bois, tumanning har bir
koʻchasida, mahallasida, bozorida, istirohat bogʻida, jamoat joyida xavfsiz
muhitni yaratish choralari koʻrilayapti.
Qadrli yurtdoshlar !
Biz jinoyatchilikni jilovlashdek
katta maqsadlarni oʻz oldimizga qoʻyganmiz.
2025-yil 3-yanvardagi “2025-yilda
respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning
barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish boʻyicha
chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 1-son Qarori asosida jinoyatlarning sabablarini
“mahallabay” va “sohabay” muhokama qilish tartibi, mahallalarni kriminogen
darajasida toifalash tizimi, “mahalla yettiligi” instituti, “ijtimoiy
profilaktika” tamoyili asosida huquqbuzarliklarning samarali profilaktikasini
amalga oshirish orqali aholida xavfsizlik hissini shakllantirish borasida qator
chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Qarorga muvofiq har bir mahallada
huquqbuzarlikning erta oldini olish, kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish boʻyicha
yangi mexanizm joriy etildi, mening rahbarligimda tuman prokuraturasida
idoralararo muvofiqlashtiruvchi shtab faoliyati yoʻlga qoʻyildi.
Qaror ijrosi doirasida tumandagi
jami 59 ta mahallaning kriminogen vaziyati ogʻir 7 tasiga masʼul rahbarlar nomma-nom
biriktirilgan.
Barcha tuman va mahallalarning
choraklik manzilli chora-tadbirlar “yoʻl xaritalari” ishlab chiqildi.
“Yoʻl xaritasi” ijrosi yuzasidan yil
boshidan mahallalardagi aholi gavjum joylarga 81 ta, koʻp qavatli uylarning
hovlisiga 360 daraja aylanuvchi 2 ta, mahallalarning asosiy kirish-chiqish
joylariga 29 ta, bozor va savdo markazlariga yuzni va avtomobil raqamini tanib
oluvchi 5 ta, jami boʻlib 189 ga yaqin kameralar, koʻp qavatli uylarning
eshiklariga 9 dan ortiq domofonlar, uylarning kirish yoʻlaklariga 3 dan ortiq
tashvish tugmalari oʻrnatildi, 18 ta savdo muassasalari va qariyb 328 ta
xonadonlar tezkor qoʻriqlovga olindi.
Mahallalarda fuqarolarni ogohlikka
chaqiruvchi “Hudud kamera nazoratida!”, “Obyekt qoʻriqlovda!” hamda “Xonadon
qoʻriqlovda!” kabi jami 385 ga yaqin stikerlar joylashtirildi, mahallalarda 13
ta “namunaviy xavfsiz koʻcha” hamda 35 ta “namunaviy xavfsiz yoʻlak” tashkil
etildi, ichki yoʻllar va koʻchalar 185 ta yoritish vositalari bilan
taʼminlandi.
Misol uchun, yil boshidan beri
tumanda oʻrnatilgan kameralar yordamida qidiruvda boʻlgan 1 nafar, jazodan
boʻyin tovlab kelayotgan probatsiya hisobidagi 1 nafar shaxslar hamda olib
qochilgan 1 ta transport vositalari ushlandi. Shuningdek, 5 ta jinoyatlar
“issiq izi”dan fosh etildi.
Qarorga asosan hududlarda kriminogen
vaziyat hamda jinoyatchilikni oldini olish boʻyicha kunlik soʻrov va oʻrganishlarni
yoʻlga qoʻydik.
Bunda, kriminogen vaziyati ogʻir
mahallalarning jinoyat oʻchoqlari joyida oʻrganilmoqda, misol uchun, tuman mahallalarida
sodir etilgan 29 ta oldini olish mumkin boʻlgan jinoyatlar sabablari tahlil
qilinib, tegishli prokuror taʼsir choralari qoʻllanildi.
Hududlarda sodir etilgan jinoyatlar
xususiyatini inobatga olgan holda, 2-chorak uchun yoʻl xaritalarni ham ishlab
chiqildi.
Tumanda jinoyatchilikni oldini olish,
korrupsiyaviy holatlarni bartaraf etish boʻyicha kuchaytirilgan ish tartibini
joriy etdik.
Bu borada viloyat prokurori
farmoyishi qabul qilib, barcha tezkor xodimlar 59 ta mahallalarga nomma-nom biriktirildi.
Har bir sohaga doir targʻibot ishlari
boʻyicha uslubiy qoʻllanmalar ishlab chiqilib, tarqatildi.
Endilikda, biriktirilgan xodimlarimiz
jinoyatlarning omil va sabablarini oʻrganishdan tashqari oʻsha hududda amaliy
tadbirlarni ham oʻtkazadi.
Biz endilikda muammoning tub
negizigacha yetib borib, “mahalla
prokurori” degan yondashuv bilan ishlaymiz.
Endi eʼtiboringizni huquqbuzarlik va
jinoyatlarning oldini olish boʻyicha dastlabki bajarilgan ishlar va
tahlillarning natijalariga qaratsam.
Birinchi, jinoyatchilikka qarshi
kurashish faoliyati samaradorligini oshirishda sohaviy nazorat kuchaytirildi.
Joriy yilning 1-choragida 28 ta
oʻrganishlar oʻtkazilib, 412 nafar shaxslarning buzilgan huquqlari tiklandi. Bu
ishlar muntazam davom etadi.
Ikkinchi, huquqni muhofaza qiluvchi
organlar ham, aholi ham koʻproq eʼtibor berishi lozim boʻlgan hamkorlik kuchaytirilishi kerak
boʻlgan bir nechta jinoiy omillarga diqqat qaratmoqchiman.
Shiddat bilan rivojlanayotgan
yurtimizda insonlar koʻproq pul topish bilan birga, noqonuniy boylik
orttirishning yangi yoʻllarini ham oʻylab topmoqdalar.
Keyingi vaqtlarda firibgarlik va
oʻgʻrilik jinoyati oshayotgani ham bunga yaqqol misol boʻladi.
Firibgarlik va oʻgʻrilik jinoyatlari
aksariyat hollarda axborot texnologiyalari va internet ijtimoiy tarmoqlari
orqali sodir etilayotganligi tashvishli holdir.
Soʻnggi vaqtlarda Oʻzbekiston huquq idoralari ilgari duch kelmagan kiber makondagi jinoyatlar salmogʻi ortishi anchagina
tashkiliy choralar koʻrishni taqozo etdi.
Maʼlumot uchun, tumandagi
jinoyatlarning 61 foizini axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarni
tashkil etmoqda. Misol uchun, joriy yilning oʻtgan davrida birgina plastik
kartalardan pul mablagʻlarini yechib olish holatlari yuzasidan 135 ta jinoyat
ishi qoʻzgʻatildi.
Kiber makonda sodir etilgan
jinoyatlarning 59 tasi yoki 43,7 foizi firibgarlik hamda 73 tasi yoki 54,1
foizi oʻgʻrilikni tashkil qilgan.
Soʻnggi yillarda bu toifadagi
jinoyatlar, bir necha baravarga koʻpaydi.
Ilgari bunday jinoyatlarga qarshi
ishlaydigan tizim boʻlmagan. Shu sababli, aholimizdan firibgarlik qurboni
boʻlmaslik uchun, internet ijtimoiy tarmoqlari orqali kelayotgan turli xil feyk
xabarlardan ehtiyot boʻlishlarini hamda bank kartalari va hisob raqamlari
toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni sir saqlashni soʻrab qolamiz.
Aziz
tumandoshlar!
Shu oʻrinda, kriminogen vaziyatga
taʼsir koʻrsatuvchi jinoyatlarning ayrim turlari borasida ham gapirmoqchiman.
Aytish kerakki, yilning dastlabki 5
oyi yakuniga koʻra, ayollar (1-0), mast holda (4-0) jinoyatini kamaytirishga
erishgan boʻlsakda, guruhlar (4-4) jinoyati teng koʻrsatgichda qolgan, voyaga
yetmaganlar (1-3), yoshlar (9-11), muqaddam sudlanganlar (1-4),
ishlamaydiganlar (0-2) jinoyati esa biroz oshgan.
Xususan, oila va turmushda sodir
etilgan huquqbuzarliklarga oilaviy-maishiy muammolar asosiy sabab boʻlganligi
aniqlandi.
Shu sababli notinch, ajrim
yoqasidagi oilalarning mavjud muammolarini bartaraf etish boʻyicha boshqa
idoralar va keng jamoatchilikni jalb qildik.
Natijada, oʻtkazilgan oʻrganishlarda
kriminogen vaziyati ogʻir mahallalarda 262 ta ijtimoiy koʻmakka muhtoj
xotin-qizlar aniqlanib, ularning muammolarini hal qilish boʻyicha 221 ta
choralar koʻrildi.
Bulardan tashqari, 2.811 nafar
ishsizlardan 1.412 nafari ishga joylashtirildi, 541 nafari kasbga oʻqitildi,
363 nafari esa, kasbga yoʻnaltirildi.
Ushbu jarayondan muqaddam sudlangan
va maʼmuriy nazoratdagi shaxslar ham chetda qolmadi.
Ularning 2 nafari kasb-hunarga
oʻqitildi, 2 nafarining bandligi taʼminlandi, 5 nafarining ijtimoiy muammolari
hal etildi.
Yoshlar oʻrtasidagi jinoyatchilik
masalasiga umummillat ishi deb yondashib, barcha birgalikda jon kuydirishi
kerak.
Faqat jinoyat uchun jazoni taʼminlash
bilan ovora boʻlib, jinoyatlarning sabab va omillarini koʻzdan qochirsak
oqibati yomon boʻladi.
Shu kabi, voyaga yetmaganlar
jinoyatiga favqulodda holat sifatida qaralib, ularga taʼlim va tarbiyani
berishda majburiyatlarini bajarmagan ota-ona hamda yashash va oʻqish
joylaridagi (mahalla yettiligi) mutasaddilarining javobgarligi kuchaytirildi.
Taʼlim muassasalari va jamoat
joylarida masʼullar profilaktik (davomat, tigʻ va reyd) tadbirlarida uzoq
muddatga ketgan 75 nafar bolalar, muntazam dars qoldiruvchi 13 nafar, tarbiyasi
ogʻir 56 nafar oʻquvchilar aniqlanib, ularning barchasi maktablarga qaytarildi.
Qolaversa,
hokimlik va mahalla faollari bilan birgalikda ota-ona qaramogʻidan mahrum
boʻlgan hamda boquvchisini yoʻqotgan bolalarning 28 ta muammosi hal qilindi.
Maktabgacha
va maktab taʼlim muassasalarining kirish-chiqish joylariga xavfsizlikni taʼminlovchi
18 ta zamonaviy kameralar oʻrnatildi.
Hurmatli fuqarolar!
Juda
koʻp masalalarda ish uslublarimiz oʻzgarishi zarur, buning ustida ishlayapmiz.
Prezidentimiz talab qilayotgan, jinoyatlarning oqibatlari emas, ularning
sabablarini, huquqbuzaliklarga imkon beruvchi shart-sharoitlarni bartaraf
qilishni ustuvor vazifa deb xalq bilan birgalikda harakat qilishimiz kerak.
Buning
uchun, har bir mahalla, xonadongacha tushib, huquqbuzarlik omillarini
aniqlashga eʼtiborimizni kuchaytiramiz, jinoyat sodir etgan va bunga moyilligi
bor fuqarolar bilan uchrashuvlar oʻtkazib, “fuqarobay” ish tizimini joriy
qilamiz.
Huquqbuzarlik
va jinoyatga sabab boʻlayotgan oilaviy, ijtimoiy, moddiy va psixologik
muammolarni hal qilishga, har bir fuqaroda “jinoyatchilikka qarshi immunitet”ni
bolalikdan shakllantirishga alohida eʼtibor qaratamiz.
Aziz
hamyurtlar!
Jinoyatlarga qarshi kurashda
prokuratura organlari, koʻmak va hamkorlikda jinoyatlarning har qanday
koʻrinishiga chek qoʻyishga kafolat beradi.
Shunday ekan aholi va keng jamoatchilikni
jinoyatlarni oldini olishga hamda ularni bartaraf etishga faol hamkorlikka
chaqiramiz.
Shuni yana bir bor alohida qayd
etamanki, jinoyatning har qanday koʻrinishiga tezkor ravishda munosabat
bildirishga, jinoyatga qoʻl urganlarga nisbatan jazoning muqarrar
taʼminlanishiga shaxsan kafolat beraman.
Eʼtiboringiz
uchun rahmat!
Kosonsoy
tuman prokurori K.Askarov va tuman IIB boshligʻi R.Karimov