18 Dekabr 2021 yil 171

Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi bakalavriatining kunduzgi ta'lim shakliga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha e'lon

O‘zbekiston Respublikasi IIV Akademiyasi kunduzgi ta'lim shaklida (bundan buyon Akademiya) o‘qish muddati 3 yil bo‘lib, bitiruvchilarga oliy ma'lumot to‘g‘risidagi diplom hamda “leytenant” maxsus unvoni beriladi.

Akademiyada “Tergov faoliyati”, “Tezkor-qidiruv faoliyati”, “Huquqbuzarliklar profil'aktikasi faoliyati”, “Ekspert-kriminalistika faoliyati”, “Jinoiy jazolarni ijro etish”, “Xizmat faoliyatini tarbiyaviy-psixologik ta'minlash” va “Tashkiliy-shtab faoliyati” mutaxassisliklari bo‘yicha kadrlar tayyorlanadi.

QABUL QILISh TARTIBI:

Akademiyaga o‘qishga qabul qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadigan Butlash rejasiga muvofiq amalga oshiriladi.

Akademiyaga yoshi o‘n yettidan kichik va yigirma beshdan katta bo‘lmagan, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional ma'lumotga ega, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari tanlov asosida o‘qishga qabul qilinadi.

2022/2023 o‘quv yilidan boshlab, Akademiyaga qabul qilish umumiy tartibda – o‘rta va o‘rta maxsus ma'lumotga ega bo‘lgan fuqarolar (o‘rta maktab va o‘rta maxsus ta'lim muassasalari bitiruvchilari) orasidan amalga oshirilishi boshlandi. Bunda, o‘qishga qabul qilish qabul kvotasining o‘n foizi bo‘yicha amalga oshiriladi.

Qabul kvotasining to‘qson foizi bo‘yicha qabul faqat O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining akademik liseylari va harbiy akademik liseylar bitiruvchilari, ichki ishlar organlarining xodimlari va harbiy xizmatchilari, shuningdek, profil'aktika (katta) inspektorlarining jamoat tartibini saqlash bo‘yicha yordamchilari orasidan amalga oshiriladi.

Akademiyaga o‘qishga kirish uchun nomzodlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 29 noyabrdagi PQ−3413-son qarori bilan tasdiqlangan Ichki ishlar organlarida xizmatni o‘tash tartibi to‘g‘risidagi nizomda belgilangan talablarga javob berishi zarur.

IIV Akademiyaga o‘qishga qabul qilish quyidagi bosqichlarda tashkil etiladi:

dastlabki tanlov;

maxsus kasbiy tanlov;

yakka tartibdagi yakuniy suhbat.

Akademiyaga o‘qishga kirish uchun nomzodlarning arizalari (Akademiyaga o‘qishga kirish uchun nomzod ichki ishlar organi xodimi bo‘lgan taqdirda, ularning bildirgilari) joriy yilning 15 noyabridan 2022 yilning 15 fevraliga qadar qabul qilinadi. Akademiyaga o‘qishga kirish istagini bildirganlar ta'lim yo‘nalishini ko‘rsatgan holda doimiy yashash joyi bo‘yicha hududiy ichki ishlar organlariga murojaat qiladi.

Dastlabki tanlov:

nomzodga tegishli hujjatlarni va uni tavsiflovchi ma'lumotlarni to‘plash, nomzod to‘g‘risidagi turli ma'lumotlarni aniqlash;

nomzodning sog‘lig‘i jihatidan o‘qishga yaroqliligini aniqlash.

Dastlabki tanlov:

fuqarolar hamda IIV akademik liseylari bitiruvchilari uchun — ularning doimiy yashash joyidagi tegishli ichki ishlar organlarida;

harbiy akademik liseylar bitiruvchilari uchun — (hujjatlarni to‘plash va o‘rganish tadbirlari) ularning doimiy yashash joyidagi tegishli ichki ishlar organlarida va (tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish tadbirlari) harbiy akademik lisey joylashgan hududdagi ichki ishlar organlarida;

ichki ishlar organlari xodimlari va harbiy xizmatchilari uchun — ularning xizmat joyi va harbiy qismlarda (muassasalarda) o‘tkaziladi.

Nomzodlar Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar organlarida tibbiy tekshiruvni tashkil etish va harbiy-tibbiy ekspertizani o‘tkazish tartibi to‘g‘risida nizomni tasdiqlash to‘g‘risida” 2017 yil 26 sentyabrdagi 764-son qaroriga muvofiq vazirlik va ichki ishlar organlarida maxsus tashkil etiladigan harbiy-tibbiy komissiyalar tomonidan tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi.

Maxsus kasbiy tanlov va yakka tartibdagi yakuniy suhbat Akademiyada o‘tkaziladi.

Maxsus kasbiy tanlov:

hujjatlarni o‘rganish;

tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish;

yozma ish (bayon yoki insho);

umumjismoniy tayyorgarlik darajasini baholash;

chet tillarini o‘zlashtirganlik darajasini baholash.

Maxsus kasbiy tanlovdan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlar yakka tartibdagi yakuniy suhbatga qo‘yiladi.

Nomzodlar maxsus kasbiy tanlov va yakka tartibdagi yakuniy suhbat natijalari asosida Akademiyaga o‘qishga qabul qilinadi.

Akademiyaga o‘qishga kirgan nomzodlar kursantlar safiga qabul qilinadi.

Akademiyaga qabul qilish bo‘yicha batafsil ma'lumotlar bilan  O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasining kunduzgi va sirtqi ta'lim shakllariga nomzodlarni tanlash va o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash haqida” 2017 yil 1 dekabrdagi 958-son qarori hamda Ichki ishlar vazirining “O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasining kunduzgi ta'lim shakliga nomzodlar tanlovini o‘tkazish bo‘yicha metodikalarni tasdiqlash haqida” 2018 yil 13 fevraldagi 35-son buyrug‘ida (O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2018 yil 29 martda ro‘yxatdan o‘tkazilgan, ro‘yxat raqami 2987) tanishish mumkin.

 

Namangan viloti IIB Axborot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech