Haydovchi inspektorga pora taklif qildi
Joriy yil 7 mart kuni, Namangan viloyat IIB YHXB 4-safarbarlik guruhi inspektori viloyat IIB boshlig‘i nomiga bildirgi bilan murojaat qilib, shu yil 6 mart kuni soat 20:30 larda, Kosonsoy tumanida xizmat olib borayotganida, Kosonsoy tumanida yashovchi, 1966 yilda tug‘ilgan fuqaro boshqaruvidagi VAZ-2101 rusumli avtomashinasini to‘xtatgan vaqtida u spirtli ichimlik iste'mol qilib, avtomashina boshqarganligini aniqlab, unga nisbatan tegishli ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirib, avtomashinasini jarima maydoniga torganligini, fuqaro esa avtomashinasini jarima maydonidan chiqarib berish va to‘plangan hujjatlarni ma'muriy sudga taqdim etmaslik evaziga 100 AQSh dollari va 500.000 so‘m pullarni pora tariqasida taklif qilayotganligini ma'lum qilib, chora ko‘rishni so‘ragan.
Mazkur bildirgiga asosan, shu kuni soat 17:30 larda, O‘z.R IIV O‘XB Namangan viloyati bo‘yicha bo‘limi xodimlari va viloyat IIB hamda tuman IIB xodimlari tomonidan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida, tuman IIB YHXB jarima maydoni oldida fuqaro YHXB inspektoriga 100 AQSh dollari va 400.000 so‘m pullarni pora tariqasida berayotgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlangan.
Ushbu holat bo‘yicha Kosonsoy tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Namangan viloyati IIB Axborot xizmati