Fuqaro mast holda ko‘rsatgan “Hunarlari” uchun jinoiy javobgarlikka tortilmoqda.
Namangan shahrida yashovchi B.N. joriy yil 30 yanvar' kuni soat 03.00 larda spirtli ichimlikdan mast holda Namangan shahar, Davlatobod tumanida joylashgan kafega kelib, kafe rahbari N.O.ga pissa yeguligini nasiyaga olib ketishini aytib, sovuq qurol va temir tayoq (bita) bilan tahdid qilgan. Kafe rahbari N.O. nasiyaga savdo qilmasligini aytgach, yonida bo‘lgan o‘tkir tig‘li jism bilan uning chap ko‘krak qafasi orqa yuzasiga urib tan jarohati yetkazgan.
Shuningdek, B.N. o‘zining jinoiy harakatlarini davom ettirib, shu kuni Spark rusumli avtomashinani boshqarib, ukasi G‘.N. bilan bir guruh bo‘lib, soat 06-30larda Namangan shahar, I.Karimov ko‘chasida joylashgan Namangan viloyati IIB YXHB binosi ro‘parasidagi chorrahada Malibu rusumli avtomashinani yo‘lini qisib to‘xtatib, hech bir sababsiz sovuq qurol va temir tayoq (bita) bilan avtomashinaning old eshik oynasi va orqani ko‘rsatuvchi yon oynalarini urib sindirib, haydovchiga tan jarohati yetkazib, bezorilik qilgan.
Mazkur holat yuzasidan Namangan shahar, Davlatobod tumani IIB huzuridagi TB tomonidan fuqaro B.N.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi 3-qismi “a,g” bandlari bilan, ukasi G‘.N.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismi “b,v” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib tergov harakatlari olib borilmoqda.
Namangan viloyati IIB Axborot xizmati