30 Iyun 2025 yil 142

Davlatobod tuman prokurorining tuman aholisiga murojaati

Assalomu alaykum hurmatli tumanimiz fuqarolari,  aziz yurtdoshlar!

Muhtaram Prezidentimizning tashabbuslari va bevosita rahbarligida barcha sohalardagi islohotlar yangi bosqichga ko‘tarildi, bunga barchamiz kundalik hayotimizda guvoh bo‘lmoqdamiz.

Bu jarayonda xalqimiz tinchlik va osoyishtaligini taʼminlash, jinoyatchilikka qarshi kurashishda preventiv choralarni amalga oshirish, jazo muqarrarligini taʼminlash muhim va dolzarb ahamiyat kasb etadi.

Hokimlik, huquqni muhofaza qilish va va mutasaddi idoralar bilan birgalikda, tumanning har bir ko‘chasida, mahallasida, bozorida, istirohat bog‘ida, jamoat joyida xavfsiz muhitni yaratish choralari ko‘rilyapti.

Aziz tumanimiz fuqarolari!

Prezidentimizning 2025 yil 3 yanvaridagi mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yana-da oshirishga qaratilgan 1-sonli Qarorlari asosida jinoyatlarning sabablarini «mahallabay» va «sohabay» muhokama qilish tartibi, mahallalarni kriminogen darajasida toifalash tizimi, “mahalla yettiligi” instituti, “ijtimoiy profilaktika” tamoyili asosida huquqbuzarliklarning samarali profilaktikasini amalga oshirish orqali aholida xavfsizlik hissini shakllantirish borasida qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Qarorga muvofiq har bir mahallada huquqbuzarlikning erta oldini olish, kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha yangi mexanizm joriy etildi, tuman prokuraturasida idoralararo muvofiqlashtiruvi shtab faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Qaror ijrosi doirasida tumandagi jami 28 ta mahallaning kriminogen vaziyati og‘ir 5 tasiga masʼul rahbarlar nomma - nom biriktirildi.

choraklik manzilli chora - tadbirlar “yo‘l xaritalari” ishlab chiqildi.

“Yo‘l xaritalari” ijrosi yuzasidan joriy yil o‘tgan davrida mahallalardagi aholi gavjum joylarga 250 ta, ko‘p qavatli uylarning hovlisiga 3600 gradus aylanuvchi 15 ta, mahallalarning asosiy kirish - chiqish joylariga 50 ta, bozor va savdo markazlariga yuzni va avtomobil raqamini tanib oluvchi 7 ta, jami bo‘lib 350 ga yaqin kameralar, uylarning kirish yo‘laklariga 25 dan ortiq tashvish tugmalari o‘rnatildi, 82 ta savdo muassasalari va qariyb 800 ta xonadonlar tezkor qo‘riqlovga olindi.

Mahallalarda fuqarolarni ogohlikka chaqiruvchi “Hudud kamera nazoratida!”, “Obyekt qo‘riqlovda!” hamda “Xonadon qo‘riqlovda!” kabi jami 1000 ga yaqin stikerlar joylashtirildi, mahallalarda 24 ta “namunaviy xavfsiz ko‘cha” hamda 60 ta “namunaviy xavfsiz yo‘lak” tashkil etildi, ichki yo‘llar va ko‘chalar 125 ta yoritish vositalari bilan taʼminlandi. Albatta bu natija beryapti.

Misol uchun, yil boshidan beri viloyatda o‘rnatilgan kameralar yordamida qochuvda yurgan 15 nafar, shu jumladan jazodan bo‘yin tovlab kelgan Probatsiya hisobidagi 2 nafar jinoyatchilar ushlangan bo‘lsa, 52 ta jinoyatlar “issiq izi”dan fosh etildi.

Amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida “qizil” toifada qolgan 28 ta mahallalarning 3 tasida kriminogen vaziyat saqlanmoqda.

Davlat rahbarining Qaroriga asosan hududlarda kriminogen vaziyat hamda jinoyatchilikni oldini olish bo‘yicha kunlik so‘rov va o‘rganishlarni yo‘lga qo‘ydik.

Bunda, kriminogen vaziyati og‘ir mahallalarning jinoyat o‘choqlari joyida o‘rganilmoqda, misol uchun, tuman mahallalarida sodir etilgan 50 ta oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar sabablari tahlil qilinib, tegishli prokuror taʼsir choralari qo‘llanildi.

Endilikda, jinoyatlarning omil va sabablarini o‘rganishdan tashqari o‘sha hududda  amaliy  tadbirlarni ham o‘tkazildi.

Endi eʼtiboringizni huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olish bo‘yicha dastlabki bajarilgan ishlar va tahlillarning natijalariga qaratsam.

Birinchi, jinoyatchilikka qarshi kurashish faoliyati samaradorligini oshirishda sohaviy nazorat kuchaytirildi.

Ikkinchi, huquqni muhofaza qiluvchi organlar ham, aholi ham ko‘proq eʼtibor berishi lozim bo‘lgan hamkorlik kuchaytirilishi kerak bo‘lgan bir nechta jinoiy omillarga diqqat qaratmoqchiman.

Shiddat bilan rivojlanayotgan yurtimizda insonlar ko‘proq pul topish bilan birga, noqonuniy boylik orttirishning yangi yo‘llarini ham o‘ylab topmoqdalar.

Keyingi vaqtlarda firibgarlik va o‘g‘rilik jinoyati oshayotgani ham bunga yaqqol misol bo‘ladi.

Firibgarlik va o‘g‘rilik jinoyatlari aksariyat hollarda axborot texnologiyalari va internet ijtimoiy tarmoqlari orqali sodir etilayotganligi tashvishli holdir.

So‘nggi vaqtlarda O‘zbekiston huquq idoralari ilgari duch kelmagan kiber makondagi jinoyatlar salmog‘i ortishi anchagina tashkiliy choralar ko‘rishni taqozo etdi.

Maʼlumot uchun, tumandagi jinoyatlarning 33,1 foizini (96 ta) axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarni tashkil etmoqda.

Misol uchun, joriy yilning o‘tgan davrida birgina plastik kartalardan pul mablag‘larini yechib olish holatlari yuzasidan 28 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Kiber makonda sodir etilgan jinoyatlarning 21 tasi firibgarlik hamda 27 tasi o‘g‘rilikni tashkil qilgan.

So‘nggi yillarda bu toifadagi jinoyatlar, bir necha baravarga ko‘paydi.

Shu sababli, aholimizdan firibgarlik qurboni bo‘lmaslik uchun, internet ijtimoiy tarmoqlari orqali kelayotgan turli xil feyk xabarlardan ehtiyot bo‘lishlarini hamda bank kartalari va hisob raqamlari to‘g‘risidagi maʼlumotlarni sir saqlashni so‘rab qolamiz.

Bundan tashqari, joriy yilning o‘tgan davrida tuman hududida 306 ta oldini olish mumkin bo‘lgan shu jumladan, mahallada olidini olish mumkin bo‘lgan 108 ta jinoyatlar sodir etilgan bo‘lib, ushbu turdagi jinoyatlarni ortishiga asosan o‘g‘rilik (73 ta), tan jarohati yetkazish (15 ta) va bezorilik (20 ta) jinoyatlar sababchi bo‘lgan.

Tuman prokuraturasi tomonidan qaror talablarini to‘liq bajarmagan masʼullarning 38 nafariga nisbatan intizomiy javobgarlikka tortilgan bo‘lsa, qayd etilgan jinoyatlar bo‘yicha qonun buzilishi, uning kelib chiqish sabablari va bunga imkoniyat yaratib berayotgan shart-sharoitlarni bartaraf etish to‘g‘risida 55 ta taqdimnomalar yuborildi va 1 ta holatda jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi.

Shunga “o‘z mulkimni o‘zim asrayman” degan har bir xonadon bo‘ladimi, tadbirkormi – asosiy shiori bo‘lib qolishini so‘raymiz.

Aziz tumanimiz fuqarolari!

Shu o‘rinda, kriminogen vaziyatga taʼsir ko‘rsatuvchi jinoyatlarning ayrim turlari borasida ham gapirmoqchiman.

Aytish kerakki, o‘tgan 6 oyi yakuniga ko‘ra, voyaga yetmaganlar (13-4), yoshlar (25-20), ishsizlar (5-0) jinoyatini kamaytirishga erishgan bo‘lsakda, muqaddam sudlanganlar (6-8), mast holda (1-4) jinoyatlari ortgan.

Xususan, oila va turmushda sodir etilgan huquqbuzarliklarga oilaviy-maishiy muammolar asosiy sabab bo‘lganligi aniqlandi.

Shu sababli notinch, ajrim yoqasidagi oilalarning mavjud muammolarini bartaraf etish bo‘yicha boshqa idoralar va keng jamoatchilikni jalb qildik.

Natijada, o‘tkazilgan o‘rganishlarda kriminogen vaziyati og‘ir mahallalarda 3.742 ta ijtimoiy ko‘makka muhtoj xotin-qizlar aniqlanib, ularning muammolarini hal qilish bo‘yicha 2.945 ta choralar ko‘rildi.

Bulardan tashqari, 4.321 nafar ishsizlardan 2.650 nafari ishga joylashtirildi, 420 nafari kasbga o‘qitildi, 550 nafari esa, kasbga yo‘naltirildi.

Ushbu jarayondan muqaddam sudlangan va maʼmuriy nazoratdagi shaxslar ham chetda qolmadi.

Ularning 2 nafari kasb-hunarga o‘qitildi, 11 nafarining bandligi taʼminlandi, 8 nafarining ijtimoiy muammolari hal etildi.

Yoshlar o‘rtasidagi jinoyatchilik masalasiga umummillat ishi deb yondashib, barcha birgalikda jon kuydirishi kerak.

Faqat jinoyat uchun jazoni taʼminlash bilan ovora bo‘lib, jinoyatlarning sabab va omillarini ko‘zdan qochirsak oqibati yomon bo‘ladi.

Shu kabi, voyaga yetmaganlar jinoyatiga favqulodda holat sifatida qaralib, ularga taʼlim va tarbiyani berishda majburiyatlarini bajarmagan ota-ona hamda yashash va o‘qish joylaridagi (mahalla yettiligi) mutasaddilarining javobgarligi kuchaytirildi.

Taʼlim muassasalari va jamoat joylarida masʼullar profilaktik (davomat, tig‘ va reyd) tadbirlarida uzoq muddatga ketgan 98 nafar bolalar, muntazam dars qoldiruvchi, tarbiyasi og‘ir 21 nafar o‘quvchilar aniqlanib, maktablarga qaytarildi.

Qolaversa, hokimlik va mahalla faollari bilan birgalikda ota-ona qarmog‘idan mahrum bo‘lgan hamda boquvchisini yo‘qotgan bolalarning 7 ta muammosi hal qilindi.

Maktabgacha va maktab taʼlim muassasalarining kirish-chiqish joylariga xavfsizlikni taʼminlovchi 27 ta zamonaviy kameralar o‘rnatildi.

Hurmatli fuqarolar!

Jamiyatimizda korrupsiya illatiga qarshi murosasizlik bilan qarshi kurashni kuchaytirish choralari ko‘rilmoqda.

Buning uchun, mutasaddi idoralarda korrupsiya holatlarining barvaqt oldini olishga alohida eʼtibor qaratiladi.

Shu sababli, korrupsiyaning har qanday ko‘rinishiga barham berish yo‘lida qatʼiy murosasiz kayfiyatni shakllantirish, unga qarshi kurashishda o‘z hissangizni qo‘shishga chaqiraman.

Hurmatli fuqarolar!

Juda ko‘p masalalarda ish uslublarimiz o‘zgarishi zarur, buning ustida ishlayapmiz. Prezidentimiz talab qilayotgan,  jinoyatlarning oqibatlari emas, ularning sabablarini, huquqbuzarliklarga imkon beruvchi shart-sharoitlarni bartaraf qilishni ustuvor vazifa deb xalq bilan birgalikda harakat qilishimiz kerak.

Buning uchun, har bir mahalla, xonadongacha tushib, huquqbuzarlik omillarini aniqlashga eʼtiborimizni kuchaytiramiz, jinoyat sodir etgan va bunga moyilligi bor fuqarolar bilan uchrashuvlar o‘tkazib, «fuqarobay» ish tizimini joriy qilamiz.

Huquqbuzarlik va jinoyatga sabab bo‘layotgan oilaviy, ijtimoiy, moddiy va psixologik muammolarni hal qilishga, har bir fuqaroda “jinoyatchilikka qarshi immunitet”ni bolalikdan shakllantirishga alohida eʼtibor qaratamiz.

Aziz hamyurtlar!

Jinoyatlarga qarshi kurashda prokuratura organlari, ko‘mak va hamkorlikda jinoyatlarning har qanday ko‘rinishiga chek qo‘yishga kafolat beradi.

Shunday ekan aholi va keng jamoatchilikni jinoyatlarni oldini olishga hamda ularni bartaraf etishga faol hamkorlikka  chaqiramiz.

Zero, sodir etilayotgan jinoyatlarni fosh etilishi va oldi olinishida xalqimizdan masʼuliyat, tashabbuskorlik hamda daxldorlik hissi bilan yondoshishni so‘rayman.

Shuni yana bir bor alohida qayd etamanki, jinoyatning har qanday ko‘rinishiga tezkor ravishda munosabat bildirishga, jinoyatga qo‘l urganlarga nisbatan jazoning muqarrar taʼminlanishiga kafolat beraman.

Barchamiz  jinoyatdan holi yangi O‘zbekiston uchun birlashaylik!!!

 Davlatobod tuman prokurori M.E.Qirg‘izboyev

Text to speech