Davlatobod tuman prokurorining tuman aholisiga murojaati
Assalomu alaykum
xurmatli tumanimiz fuqarolari, aziz
yurtdoshlar!
Muhtaram Prezidentimizning tashabbuslari va bevosita
rahbarligida barcha sohalardagi islohotlar yangi bosqichga koʻtarildi, bunga
barchamiz kundalik hayotimizda guvoh boʻlmoqdamiz.
Bu jaryonda xalqimiz tinchlik va osoyishtaligini taʼminlash,
jinoyatchilikka qarshi kurashishda preventiv choralarni amalga oshirish, jazo
muqarrarligini taʼminlash muhim va dolzarb ahamiyat kasb etadi.
Xokimlik, huquqni muxofaza qilish va va mutasaddi idoralar
bilan birgalikda, tumanning har bir koʻchasida, mahallasida, bozorida,
istirohat bogʻida, jamoat joyida xavfsiz muhitni yaratish choralari
koʻrilayapti.
Aziz tumanimiz fuqarolari!
Prezidentimizning 2025-yil 3-yanvardagi
mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini
olish tizimi samaradorligini yanada oshirishga qaratilgan 1-sonli Qarorlari asosida jinoyatlarning sabablarini
“mahallabay” va “sohabay” muhokama qilish tartibi, mahallalarni kriminogen
darajasida toifalash tizimi, “mahalla yettiligi” instituti, “ijtimoiy
profilaktika” tamoyili asosida huquqbuzarliklarning samarali profilaktikasini
amalga oshirish orqali aholida xavfsizlik hissini shakllantirish borasida qator
chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Qarorga muvofiq har bir mahallada huquqbuzarlikning erta
oldini olish, kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish boʻyicha yangi mexanizm
joriy etildi, tuman prokuraturasida idoralararo muvofiqlashtiruvchi shtab
faoliyati yoʻlga qoʻyildi.
Qaror ijrosi doirasida tumandagi jami 28 ta mahallaning
kriminogen vaziyati ogʻir 5 tasiga masʼul rahbarlar nomma-nom biriktirildi.
Choraklik manzilli chora-tadbirlar
“yoʻl xaritalari” ishlab chiqildi.
“Yoʻl xaritalari” ijrosi
yuzasidan joriy yil oʻtgan davrida mahallalardagi aholi gavjum joylarga 250 ta,
koʻp qavatli uylarning hovlisiga 3600 gradus aylanuvchi 15 ta, mahallalarning
asosiy kirish-chiqish joylariga 50 ta, bozor va savdo markazlariga yuzni va
avtomobil raqamini tanib oluvchi 7 ta, jami boʻlib 350 ga yaqin kameralar,
uylarning kirish yoʻlaklariga 25 dan ortiq tashvish tugmalari oʻrnatildi, 82 ta
savdo muassasalari va qariyb 800 ta xonadonlar tezkor qoʻriqlovga olindi.
Mahallalarda fuqarolarni
ogohlikka chaqiruvchi “Hudud kamera nazoratida!”, “Obyekt qoʻriqlovda!” hamda
“Xonadon qoʻriqlovda!” kabi jami 1000 ga yaqin stikerlar joylashtirildi,
mahallalarda 24 ta “namunaviy xavfsiz koʻcha” hamda 60 ta “namunaviy xavfsiz
yoʻlak” tashkil etildi, ichki yoʻllar va koʻchalar 125 ta yoritish vositalari
bilan taʼminlandi. Albatta bu natija beryapti.
Misol uchun, yil boshidan beri
viloyatda oʻrnatilgan kameralar yordamida qochuvda yurgan 15 nafar, shu
jumladan jazodan boʻyin tovlab kelgan probatsiya hisobidagi 2 nafar
jinoyatchilar ushlangan boʻlsa, 52 ta jinoyatlar “issiq izi”dan fosh etildi.
Amalga oshirilgan
chora-tadbirlar natijasida “qizil” toifada qolgan
28 ta mahallalarning 3 tasida kriminogen vaziyat saqlanmoqda.
Davlat rahbarining Qaroriga
asosan hududlarda kriminogen vaziyat hamda jinoyatchilikni oldini olish
boʻyicha kunlik soʻrov va oʻrganishlarni yoʻlga qoʻydik.
Bunda, kriminogen vaziyati
ogʻir mahallalarning jinoyat oʻchoqlari joyida oʻrganilmoqda, misol uchun,
tuman mahallalarida sodir etilgan 50 ta oldini olish mumkin boʻlgan jinoyatlar
sabablari tahlil qilinib, tegishli prokuror taʼsir choralari qoʻllanildi.
Endilikda, jinoyatlarning omil
va sabablarini oʻrganishdan tashqari oʻsha hududda amaliy
tadbirlarni ham oʻtkazildi.
Endi eʼtiboringizni
huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olish boʻyicha dastlabki bajarilgan
ishlar va tahlillarning natijalariga qaratsam.
Birinchi, jinoyatchilikka
qarshi kurashish faoliyati samaradorligini oshirishda sohaviy nazorat
kuchaytirildi.
Ikkinchi, huquqni muhofaza
qiluvchi organlar ham, aholi ham koʻproq eʼtibor berishi lozim boʻlgan
hamkorlik kuchaytirilishi kerak boʻlgan bir nechta jinoiy omillarga diqqat
qaratmoqchiman.
Shiddat bilan rivojlanayotgan
yurtimizda insonlar koʻproq pul topish bilan birga, noqonuniy boylik
orttirishning yangi yoʻllarini ham oʻylab topmoqdalar.
Keyingi vaqtlarda firibgarlik
va oʻgʻrilik jinoyati oshayotgani ham bunga yaqqol misol boʻladi.
Firibgarlik va oʻgʻrilik
jinoyatlari aksariyat hollarda axborot texnologiyalari va internet ijtimoiy
tarmoqlari orqali sodir etilayotganligi tashvishli holdir.
Soʻnggi vaqtlarda Oʻzbekiston huquq idoralari ilgari duch kelmagan kiber makondagi jinoyatlar salmogʻi ortishi
anchagina tashkiliy choralar koʻrishni taqozo etdi.
Maʼlumot uchun, tumandagi
jinoyatlarning 33,1 foizini (96ta) axborot texnologiyalari sohasidagi
jinoyatlarni tashkil etmoqda.
Misol uchun, joriy yilning
oʻtgan davrida birgina plastik kartalardan pul mablagʻlarini yechib olish
holatlari yuzasidan 28 ta jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.
Kiber makonda sodir etilgan
jinoyatlarning 21 tasi firibgarlik hamda 27 tasi oʻgʻrilikni tashkil qilgan.
Soʻnggi yillarda bu toifadagi
jinoyatlar, bir necha baravarga koʻpaydi.
Shu sababli, aholimizdan
firibgarlik qurboni boʻlmaslik uchun, internet ijtimoiy tarmoqlari orqali
kelayotgan turli xil feyk xabarlardan ehtiyot boʻlishlarini hamda bank
kartalari va hisob raqamlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni sir saqlashni soʻrab
qolamiz.
Bundan tashqari, joriy yilning
oʻtgan davrida tuman hududida 306 ta oldini olish mumkin boʻlgan shu jumladan,
mahallada olidini olish mumkin boʻlgan 108 ta jinoyatlar sodir etilgan boʻlib,
ushbu turdagi jinoyatlarni ortishiga asosan oʻgʻrilik (73 ta), tan jarohati
yetkazish (15 ta) va bezorilik (20 ta) jinoyatlar sababchi boʻlgan.
Aziz tumanimiz fuqarolari!
Shu oʻrinda, kriminogen
vaziyatga taʼsir koʻrsatuvchi jinoyatlarning ayrim turlari borasida ham
gapirmoqchiman.
Aytish kerakki, oʻtgan 5 oyi yakuniga koʻra, voyaga
yetmaganlar (13-4), yoshlar (25-20), ishsizlar (5-0) jinoyatini kamaytirishga erishgan boʻlsakda, muqaddam sudlanganlar (6-8), mast holda (1-4) jinoyatlari
ortgan.
Xususan, oila va turmushda
sodir etilgan huquqbuzarliklarga oilaviy-maishiy muammolar asosiy sabab
boʻlganligi aniqlandi.
Shu sababli notinch, ajrim
yoqasidagi oilalarning mavjud muammolarini bartaraf etish boʻyicha boshqa
idoralar va keng jamoatchilikni jalb qildik.
Natijada, oʻtkazilgan
oʻrganishlarda kriminogen vaziyati ogʻir mahallalarda 3.742 ta ijtimoiy
koʻmakka muhtoj xotin-qizlar aniqlanib, ularning muammolarini hal qilish
boʻyicha 2.945 ta choralar koʻrildi.
Bulardan tashqari, 4.321 nafar
ishsizlardan 2.650 nafari ishga joylashtirildi, 420 nafari kasbga oʻqitildi,
550 nafari esa, kasbga yoʻnaltirildi.
Ushbu jarayondan muqaddam
sudlangan va maʼmuriy nazoratdagi shaxslar ham chetda qolmadi.
Ularning 2 nafari kasb-hunarga
oʻqitildi, 11 nafarining bandligi taʼminlandi, 8 nafarining ijtimoiy muammolari
hal etildi.
Yoshlar oʻrtasidagi
jinoyatchilik masalasiga umummillat ishi deb yondashib, barcha birgalikda jon
kuydirishi kerak.
Faqat jinoyat uchun jazoni
taʼminlash bilan ovora boʻlib, jinoyatlarning sabab va omillarini koʻzdan
qochirsak oqibati yomon boʻladi.
Shu kabi, voyaga yetmaganlar
jinoyatiga favqulodda holat sifatida qaralib, ularga taʼlim va tarbiyani
berishda majburiyatlarini bajarmagan ota-ona hamda yashash va oʻqish
joylaridagi (mahalla yettiligi) mutasaddilarining javobgarligi kuchaytirildi.
Taʼlim muassasalari va jamoat
joylarida masʼullar profilaktik (davomat, tigʻ va reyd) tadbirlarida uzoq
muddatga ketgan 98 nafar bolalar, muntazam dars qoldiruvchi, tarbiyasi ogʻir 21
nafar oʻquvchilar aniqlanib, maktablarga qaytarildi.
Qolaversa, hokimlik va mahalla
faollari bilan birgalikda ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan hamda
boquvchisini yoʻqotgan bolalarning 7 ta muammosi hal qilindi.
Maktabgacha va maktab taʼlim
muassasalarining kirish-chiqish joylariga xavfsizlikni taʼminlovchi 27 ta
zamonaviy kameralar oʻrnatildi.
Hurmatli
fuqarolar!
Jamiyatimizda korrupsiya illatiga qarshi murosasizlik bilan
qarshi kurashni kuchaytirish choralari koʻrilmoqda.
Buning uchun, mutasaddi idoralarda korrupsiya holatlarining
barvaqt oldini olishga alohida eʼtibor qaratiladi.
Shu sababli, korrupsiyaning har qanday koʻrinishiga barham
berish yoʻlida qatʼiy murosasiz kayfiyatni shakllantirish, unga qarshi
kurashishda oʻz hissangizni qoʻshishga chaqiraman.
Hurmatli fuqarolar!
Juda koʻp masalalarda ish uslublarimiz oʻzgarishi zarur,
buning ustida ishlayapmiz. Prezidentimiz talab qilayotgan, jinoyatlarning
oqibatlari emas, ularning sabablarini, huquqbuzaliklarga imkon beruvchi
shart-sharoitlarni bartaraf qilishni ustuvor vazifa deb xalq bilan birgalikda
harakat qilishimiz kerak.
Buning uchun, har bir mahalla, xonadongacha tushib,
huquqbuzarlik omillarini aniqlashga eʼtiborimizni kuchaytiramiz, jinoyat sodir
etgan va bunga moyilligi bor fuqarolar bilan uchrashuvlar oʻtkazib, “fuqarobay”
ish tizimini joriy qilamiz.
Huquqbuzarlik va jinoyatga sabab boʻlayotgan oilaviy,
ijtimoiy, moddiy va psixologik muammolarni hal qilishga, har bir fuqaroda
“jinoyatchilikka qarshi immunitet”ni bolalikdan shakllantirishga alohida
eʼtibor qaratamiz.
Aziz hamyurtlar!
Jinoyatlarga qarshi kurashda prokuratura organlari, koʻmak va
hamkorlikda jinoyatlarning har qanday koʻrinishiga chek qoʻyishga kafolat
beradi.
Shunday ekan aholi va keng jamoatchilikni jinoyatlarni oldini
olishga hamda ularni bartaraf etishga faol hamkorlikka chaqiramiz.
Zero, sodir etilayotgan jinoyatlarni fosh etilishi va oldi
olinishida xalqimizdan masʼuliyat, tashabbuskorlik hamda daxldorlik hissi bilan
yondoshishni soʻrayman.
Shuni yana bir bor alohida qayd etamanki, jinoyatning har
qanday koʻrinishiga tezkor ravishda munosabat bildirishga, jinoyatga qoʻl
urganlarga nisbatan jazoning muqarrar taʼminlanishiga kafolat beraman.
Davlatobod tuman prokurori M.E.Qirgʻizboyev