Chust tuman prokurori va IIB boshlig‘ining tuman aholisiga murojaati
Aziz yurtdoshlar, tumanimiz mehmonlari!
Muhtaram Prezidentimizning tashabbuslari va bevosita rahbarligida barcha sohalarda misli ko‘rilmagan islohotlar amalga oshirilmoqda.
Mamlakatimizda yuz berayotgan shiddatli o‘zgarishlarga, aholining turmush darajasi keskin o‘sib borayotganiga har birimiz birdek guvoh ham bo‘lmoqdamiz.
Prezidentimiz ana shu yangilanish, o‘zgarishlar samarador bo‘lishining kafolati sifatida mamlakatda tinchlik va osoyishtalikni taʼminlash, buning uchun jinoyatchilikka qarshi kurashish tizimini tubdan yaxshilashni davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri darajasiga ko‘tardilar.
Zero, bu islohotlarning samarasi barcha sohalarda qonun talablariga so‘zsiz rioya etishga, jinoyatchilik kabi illatning oldini olishga bevosita bog‘liqdir.
Aziz Chust tuman ahli!
“Yangi O‘zbekiston”da huquqbuzarlik va jinoyatchilikka qarshi kurashish ana shunday umummilliy dolzarb vazifaga aylantirildi.
Chust tumanidagi kriminogen vaziyat biznes muhitiga katta tasir ko‘rsatadi, uning o‘ziga xos, alohida yondashuv talab etadigan xususiyatlari bor.
Tumanimizda tinchlik va osoyishtalikni taʼminlashning yangi mexanizmlari joriy etilayapti.
Bu ishlarimiz kundalik hayotda ham ko‘rinayapti, jinoyatlar uchun jazo muqarrarligini taminlash vazifasi qanchalik muhim bo‘lsa, ularni keltirib chiqarayotgan sabab va omillarini bartaraf qilish ham birdek muhimdir.
Shu bois, tumanning har bir ko‘chasida, mahallasida, bozorida, istirohat bog‘ida, jamoat joyida xavfsiz muhitni yaratish choralari ko‘rilayapti.
Qadrli yurtdoshlar!
Biz jinoyatchilikni jilovlashdek katta maqsadlarni o‘z oldimizga qo‘yganmiz.
2025-yil 3-yanvardagi “2025-yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 1-son Qarori asosida jinoyatlarning sabablarini “mahallabay” va “sohabay” muhokama qilish tartibi, mahallalarni kriminogen darajasida toifalash tizimi, “mahalla yettiligi” instituti, “ijtimoiy profilaktika” tamoyili asosida huquqbuzarliklarning samarali profilaktikasini amalga oshirish orqali aholida xavfsizlik hissini shakllantirish borasida qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Qarorga muvofiq har bir mahallada huquqbuzarlikning erta oldini olish, kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha yangi mexanizm joriy etildi, mening rahbarligimda tuman prokuraturasida idoralararo muvofiqlashtiruvchi shtab faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Qaror ijrosi doirasida tumandagi jami 72 ta mahallaning kriminogen vaziyati og‘ir 13 tasiga masʼul rahbarlar nomma-nom biriktirilgan.
Barcha tuman va mahallalarning choraklik manzilli chora-tadbirlar “yo‘l xaritalari” ishlab chiqildi.
“Yo‘l xaritasi” ijrosi yuzasidan yil boshidan 200 ta ko‘p qavatli va yakka tartibdagi xonadonlar texnik qo‘riqlovga olindi, 7 ta ko‘p qavatli uylarning kirish yo‘laklari “tashvish tugmalari”ni o‘rnatildi, 43 ta zamonaviy “domofon”lar o‘rnatildi, 200 ta videokauzatuv kameralari, 50 ta yuzni va avtoraqamlarni tanib oluvchi kameralar, 5 ta savdo markazlari va bozorlarga yuzni va avtoraqamni tanib oluvchi kameralar, 6 ta ko‘p qavatli uylarning hovlilariga PTZ-kameralari, 24 ta maktab va maktabgacha taʼlim muassasalari kirish chiqish-joylariga, 9 ta maktablarning ochiq sport maydonlariga kameralar o‘rnatilishi taʼminlandi.
Mahallalarda fuqarolarni ogohlikka chaqiruvchi “Hudud kamera nazoratida!”, “Obyekt qo‘riqlovda!” hamda “Xonadon qo‘riqlovda!” kabi jami 420 ga yaqin stikerlar joylashtirildi, mahallalarda 40 ta “namunaviy xavfsiz ko‘cha” hamda 100 ta “namunaviy xavfsiz yo‘lak” tashkil etildi, ichki yo‘llar va ko‘chalar 214 ta yoritish vositalari bilan taʼminlandi.
Misol uchun, yil boshidan beri tumanda o‘rnatilgan kameralar yordamida qidiruvda bo‘lgan 3 nafar, jazodan bo‘yin tovlab kelayotgan probatsiya hisobidagi 1 nafar shaxslar hamda olib qochilgan 2 ta transport vositalari ushlandi. Shuningdek, bedarak yo‘qolgan 2 nafar shaxslar topilib, 6 ta jinoyatlar “issiq izi”dan fosh etildi.
Qarorga asosan hududlarda kriminogen vaziyat hamda jinoyatchilikni oldini olish bo‘yicha kunlik so‘rov va o‘rganishlarni yo‘lga qo‘ydik.
Bunda, kriminogen vaziyati og‘ir mahallalarning jinoyat o‘choqlari joyida o‘rganilmoqda, misol uchun, tuman mahallalarida sodir etilgan 65 ta oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar sabablari tahlil qilinib, tegishli prokuror taʼsir choralari qo‘llanildi.
Hududlarda sodir etilgan jinoyatlar xususiyatini inobatga olgan holda, 3-chorak uchun yo‘l xaritalarni ham ishlab chiqildi.
Tumanda jinoyatchilikni oldini olish, korrupsiyaviy holatlarni bartaraf etish bo‘yicha kuchaytirilgan ish tartibini joriy etdik.
Bu borada viloyat prokurori farmoyishi qabul qilib, barcha tezkor xodimlar 69 ta mahallalarga nomma-nom biriktirildi.
Har bir sohaga doir targ‘ibot ishlari bo‘yicha uslubiy qo‘llanmalar ishlab chiqilib, tarqatildi.
Endilikda, biriktirilgan xodimlarimiz jinoyatlarning omil va sabablarini o‘rganishdan tashqari o‘sha hududda amaliy tadbirlarni ham o‘tkazadi.
Biz endilikda muammoning tub negizigacha yetib borib, “mahalla prokurori” degan yondashuv bilan ishlaymiz.
Endi eʼtiboringizni huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olish bo‘yicha dastlabki bajarilgan ishlar va tahlillarning natijalariga qaratsam.
Birinchi, jinoyatchilikka qarshi kurashish faoliyati samaradorligini oshirishda sohaviy nazorat kuchaytirildi.
Joriy yilning 6 oyi davomida 25 ta o‘rganishlar o‘tkazilib, 415 nafar shaxslarning buzilgan huquqlari tiklandi. Bu ishlar muntazam davom etadi.
Ikkinchi, huquqni muhofaza qiluvchi organlar ham, aholi ham ko‘proq eʼtibor berishi lozim bo‘lgan hamkorlik kuchaytirilishi kerak bo‘lgan bir nechta jinoiy omillarga diqqat qaratmoqchiman.
Shiddat bilan rivojlanayotgan yurtimizda insonlar ko‘proq pul topish bilan birga, noqonuniy boylik orttirishning yangi yo‘llarini ham o‘ylab topmoqdalar.
Keyingi vaqtlarda firibgarlik va o‘g‘rilik jinoyati oshayotgani ham bunga yaqqol misol bo‘ladi.
Firibgarlik va o‘g‘rilik jinoyatlari aksariyat hollarda axborot texnologiyalari va internet ijtimoiy tarmoqlari orqali sodir etilayotganligi tashvishli holdir.
So‘nggi vaqtlarda O‘zbekiston huquq idoralari ilgari duch kelmagan kiber makondagi jinoyatlar salmog‘i ortishi anchagina tashkiliy choralar ko‘rishni taqozo etdi.
Maʼlumot uchun, axborot texnologiyalari yordamida sodir etilgan jinoyatlar soni 182 taga (7/189) yoki 100 foizga oshgan bo‘lib, ushbu jinoyatlarning asosiy salmog‘ini (98,94%) o‘g‘irlik (189 tadan 97 ta, 51,32 %) va firibgarlik (189 tadan 90 ta, 47,62 %) orqali sodir etilgan.
So‘nggi yillarda bu toifadagi jinoyatlar, bir necha baravarga ko‘paydi.
Ilgari bunday jinoyatlarga qarshi ishlaydigan tizim bo‘lmagan. Shu sababli, aholimizdan firibgarlik qurboni bo‘lmaslik uchun, internet ijtimoiy tarmoqlari orqali kelayotgan turli xil feyk xabarlardan ehtiyot bo‘lishlarini hamda bank kartalari va hisob raqamlari to‘g‘risidagi maʼlumotlarni sir saqlashni so‘rab qolamiz.
Aziz tumandoshlar!
Shu o‘rinda, kriminogen vaziyatga taʼsir ko‘rsatuvchi jinoyatlarning ayrim turlari borasida ham gapirmoqchiman.
Aytish kerakki, yilning dastlabki 6 oyi yakuniga ko‘ra, ayollar jinoyati 49,9 foizga (7/10), voyaga yetmaganlar jinoyati 42,9 foizga (7/10), ishsizlarlar jinoyati 14,3 foizga (7/8) oshgan biroq, yoshlarlar jinoyati 11,1 foizga (38/31), guruhlar jinoyati 58,3 foizga (12/5), mastlar tomonidan 22,2 foizga (9/7), muqaddam sudlanganlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar 11,1 foizga (9/8) kamaygan.
Xususan, oila va turmushda sodir etilgan huquqbuzarliklarga oilaviy-maishiy muammolar asosiy sabab bo‘lganligi aniqlandi.
Shu sababli notinch, ajrim yoqasidagi oilalarning mavjud muammolarini bartaraf etish bo‘yicha boshqa idoralar va keng jamoatchilikni jalb qildik.
Natijada, o‘tkazilgan o‘rganishlarda kriminogen vaziyati og‘ir mahallalarda 275 ta ijtimoiy ko‘makka muhtoj xotin-qizlar aniqlanib, ularning muammolarini hal qilish bo‘yicha 226 ta choralar ko‘rildi.
Bulardan tashqari, 2.910 nafar ishsizlardan 1.585 nafari ishga joylashtirildi, 580 nafari kasbga o‘qitildi, 371 nafari esa, kasbga yo‘naltirildi.
Ushbu jarayondan muqaddam sudlangan va maʼmuriy nazoratdagi shaxslar ham chetda qolmadi.
Ularning 2 nafari kasb-hunarga o‘qitildi, 3 nafarining bandligi taʼminlandi, 5 nafarining ijtimoiy muammolari hal etildi.
Yoshlar o‘rtasidagi jinoyatchilik masalasiga umummillat ishi deb yondashib, barcha birgalikda jon kuydirishi kerak.
Faqat jinoyat uchun jazoni taʼminlash bilan ovora bo‘lib, jinoyatlarning sabab va omillarini ko‘zdan qochirsak oqibati yomon bo‘ladi.
Shu kabi, voyaga yetmaganlar jinoyatiga favqulodda holat sifatida qaralib, ularga taʼlim va tarbiyani berishda majburiyatlarini bajarmagan ota-ona hamda yashash va o‘qish joylaridagi (mahalla yettiligi) mutasaddilarining javobgarligi kuchaytirildi.
Taʼlim muassasalari va jamoat joylarida masʼullar profilaktik (davomat, tig‘ va reyd) tadbirlarida 158 marotaba “tig‘” tadbirlari o‘tkazilib, 8 ta pichoq va o‘tkir tig‘li kesuvchi buyumlar, 9 ta qo‘lga taqib yurishga mo‘ljallangan buyumlar (kastet) va 20 ta inson hayoti va sog‘lig‘i uchun zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan boshqa buyumlar olinib, 26 ta holatda ota-onalariga MJtKning 47-moddasi bo‘yicha maʼmuriy choralar ko‘rilib, 6 ta taʼlim muasasalariga taqdimnomalar kiritilgan.
Maktabgacha va maktab taʼlim muassasalarining kirish-chiqish joylariga xavfsizlikni taʼminlovchi 23 ta zamonaviy kameralar o‘rnatildi.
Hurmatli fuqarolar!
Juda ko‘p masalalarda ish uslublarimiz o‘zgarishi zarur, buning ustida ishlayapmiz. Prezidentimiz talab qilayotgan, jinoyatlarning oqibatlari emas, ularning sabablarini, huquqbuzaliklarga imkon beruvchi shart-sharoitlarni bartaraf qilishni ustuvor vazifa deb xalq bilan birgalikda harakat qilishimiz kerak.
Buning uchun, har bir mahalla, xonadongacha tushib, huquqbuzarlik omillarini aniqlashga eʼtiborimizni kuchaytiramiz, jinoyat sodir etgan va bunga moyilligi bor fuqarolar bilan uchrashuvlar o‘tkazib, “fuqarobay” ish tizimini joriy qilamiz.
Huquqbuzarlik va jinoyatga sabab bo‘layotgan oilaviy, ijtimoiy, moddiy va psixologik muammolarni hal qilishga, har bir fuqaroda “jinoyatchilikka qarshi immunitet”ni bolalikdan shakllantirishga alohida eʼtibor qaratamiz.
Aziz hamyurtlar!
Jinoyatlarga qarshi kurashda prokuratura organlari, ko‘mak va hamkorlikda jinoyatlarning har qanday ko‘rinishiga chek qo‘yishga kafolat beradi.
Shunday ekan aholi va keng jamoatchilikni jinoyatlarni oldini olishga hamda ularni bartaraf etishga faol hamkorlikka chaqiramiz.
Shuni yana bir bor alohida qayd etamanki, jinoyatning har qanday ko‘rinishiga tezkor ravishda munosabat bildirishga, jinoyatga qo‘l urganlarga nisbatan jazoning muqarrar taʼminlanishiga shaxsan kafolat beraman.
Eʼtiboringiz uchun rahmat!
Chust tuman prokurori X.U.Xakimov va Chust tuman IIB boshlig‘i M.I.Dadajanov