5 Avgust 2025 yil 405

Chortoq tuman prokurori va IIB boshlig‘ining tuman aholisiga murojaati

Qadrli yurtdoshlar, tumanimiz mehmonlari!

Mamlakatimizda davlatimiz rahbari boshchiliklarida barcha sohalarda keng ko‘lamli islohotlar  amalga  oshirilmoqda.

Bu islohotlar inson va uning qadrini ulug‘lash, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini ro‘yobga chiqarish, halqimizni tinchligi va osoyishtaligini taʼminlashga  qaratilgani bilan ham ahamiyatlidir.

Aziz Chortoqliklar!

Xalqimiz bilan birgalikda barcha sohalarda qonuniylikni taʼminlash, jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurash borasida  muayyan  ishlar  amalga oshirilmoqda.

Islohotlarning tub zamirida huquq tartibotni mustahkamlash nafaqat huquqni muhofaza qiluvchi organlar, balki boshqa idoralar va keng jamoatchilikning umummilliy ishi va vazifasiga aylandi.

Tumanimizda jinoyatlarning oldini olish va kriminogen vaziyat barqarorligini taʼminlash borasida kuchaytirilgan ish tartibi joriy etilib, barcha kuch-vositalar jinoyatlarning oqibatlari bilan emas, balki ularni keltirib chiqarayotgan sabab - omillarni aniqlab, bartaraf etishga safarbar etildi.

Buning natijasi o‘laroq, tumanimizning har bir ko‘chasi, mahallasi, bozorlari, istirohat bog‘lari hamda boshqa jamoat joylarida xavfsiz muhitni yaratish  bo‘yicha barcha choralar ko‘rilmoqda.

Ayniqsa, voyaga yetmaganlar, yoshlar, xotin - qizlar, muqaddam sudlanganlar, alohida toifadagi shaxslar bilan turli yo‘nalishlarda profilaktik tadbirlar olib borilib, targ‘ibot  ishlariga  jiddiy  eʼtibor  qaratilmoqda.

Qadrli  yurtdoshlar!

Belgilangan ustuvor vazifalardan kelib chiqib, biz o‘z oldimizga jinoyatchilikni barvaqt aniqlash, ularni sodir etilishiga zamin yaratayotgan sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish orqali jinoyatchilikni jilovlashni maqsad qilganmiz.

Muhtaram Prezidentimizning joriy yil 3-yanvardagi “2025-yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-1-son Qarorlari asosida sodir etilgan har bir jinoyat “mahallabay” va “sohabay” muhokama qilib kelinmoqda.

Har  bir mahalla  va  xonadongacha  tushib, huquqbuzarliklar omillarini  aniqlashga  eʼtiborimizni  kuchaytirib  bormoqdamiz.

Jinoyat sodir etgan va unga moyilligi bo‘lgan fuqarolar bilan bevosita uchrashuvlar o‘tkazib, ular bilan samarali profilaktik  ishlarni  olib  borilishini  yo‘lga  qo‘yganmiz.

Qaror ijrosi doirasida tumandagi jami 55 ta mahallaning kriminogen vaziyati og‘ir 5 tasiga masʼul rahbarlar nomma - nom biriktirilgan edi.

Shuningdek, tuman va barcha mahallalarning choraklik manzilli  “yo‘l  xaritalari” ishlab  chiqilib, ijroga qaratilgan.

Joriy yilning o‘tgan davrida “Yo‘l xaritasi” ijrosi bo‘yicha aholi gavjum joylarga 490 ta, ko‘p qavatli uylarning hovlisiga 360 daraja aylanuvchi 10 ta, mahallalarning asosiy kirish-chiqish joylariga 95 ta, bozor va savdo markazlariga yuzni va avtomobil raqamini tanib oluvchi 15 ta, jami bo‘lib 610 ta kameralar, ko‘p qavatli uylarning eshiklariga 128 ta damofonlar, uylarning kirish yo‘laklariga 24 ta tashvish tugmalari o‘rnatildi, 150 ta savdo muassasalari va 484 ta xonadonlar tezkor qo‘riqlovga olindi.

Mahallalarda fuqarolarni ogohlikka chaqiruvchi “Hudud kamera nazoratida!”, “Obyekt qo‘riqlovda!” hamda “Xonadon qo‘riqlovda!” kabi jami 540 dan ortiq stikerlar joylashtirildi, mahallalarda 62 ta “namunaviy xavfsiz ko‘cha” hamda 135 ta “namunaviy xavfsiz yo‘lak” tashkil etildi, ichki yo‘llar va ko‘chalar 300 dan ortiq  yoritish  vositalari  bilan  taʼminlandi.

Qarorga asosan hududlarda kriminogen vaziyat hamda jinoyatchilikni oldini olish bo‘yicha kunlik so‘rov va o‘rganishlarni  yo‘lga  qo‘ydik.

Bundan tashqari, tumanda jinoyatchilikni oldini olish, korrupsiyaviy  holatlarni bartaraf etish bo‘yicha viloyat prokurori farmoyishi bilan 55  ta  mahallalarga  xodimlar  biriktirildi.

Endilikda, biriktirilgan xodimlarimiz jinoyatlarning omil va sabablarini o‘rganishdan tashqari o‘sha hududda amaliy tadbirlarni ham o‘tkazmoqdalar.

Biz endilikda muammoning tub negizigacha yetib borib, har bir fuqaroda “jinoyatchilikka qarshi immunitet”ni shakllantirishga alohida eʼtibor qaratmoqdamiz.

Amaliy ishlar natijasida joriy yil 7 oyida oldini olish lozim bo‘lgan jinoyatlar bir muncha kamayishiga erishildi.

Shu kabi jinoyatlarning ayrim turlari mast holda (17-6), muqaddam sudlanganlar (14-6), voyaga yetmaganlar (6-5), yoshlar (34-21) va guruhlar (16-8) jinoyatini kamaytirishga erishdik.

Biroq, ayollar (8-12) hamda ishsizlar (3-7) tomonidan sodir etilgan jinoyatlar birmuncha oshib ketdi.

Shuningdek, bugungi globallashuv jarayonida huquqbuzarlar noqonuniy boylik orttirishning  yangi  yo‘llarini  ham  o‘ylab topmoqdalar.

Ayniqsa, raqamli iqtisodiyot keng joriy etilayotganligi natijasida firibgarlik va o‘g‘rilik jinoyatining yangi - yangi turlari paydo bo‘lmoqda va ularning aksariyati axborot texnologiyalari hamda internet ijtimoiy tarmoqlari orqali  sodir  etilmoqda.

Bugungi rivojlanayotgan zamonda jinoyatlarning yangi turi sifatida kirib kelgan kiber jinoyatlarning salmog‘i kundan – kunga ortishi  bunga qarshi jiddiy tashkiliy  choralar  ko‘rishni  taqozo  etmoqda.

Ayniqsa, so‘nggi yillarda bu toifadagi jinoyatlar bir necha baravarga  ko‘payib, jami jinoyatlarning salmoqli qismini tashkil qilmoqda.

Firibgarlik hamda o‘g‘irlik qurboni bo‘lmaslik uchun avvalambor, ogoh bo‘lish, intenret ijtimoiy tarmqolaridagi har xil provakatsiyalarga uchmaslik, shubhali maʼlumotlarni ochmaslik, begona shaxslar bilan shaxsiy maʼlumotlar haqida gaplashmaslik, shuningdek pul, avtomashina, uy-joy oldi-berdi, mulk o‘tkazish, ishga va o‘qishga kiritish, kredit olish va boshqa masalalarni hal etishda amaldagi qonun talablariga rioya qilish maqsadga  muvofiqdir.

Shuni ham qayd etib o‘tish lozimki, oila va turmushda sodir etilayotgan huquqbuzarliklarga oilaviy-maishiy muammolar asosiy sabab  bo‘layotganligi ham ayni haqiqat.

Shu sababli notinch, ajrim yoqasidagi oilalarning mavjud muammolarini bartaraf etish bo‘yicha boshqa idoralar va  keng jamoatchilikni  jalb  qildik.

Natijada, o‘tkazilgan o‘rganishlarda kriminogen vaziyati og‘ir mahallalarda 425 ta ijtimoiy ko‘makka muhtoj xotin-qizlar aniqlanib, ularning muammolarini hal qilish bo‘yicha 400 dan ortiq choralar  ko‘rildi.

Ayniqsa, yoshlar o‘rtasidagi jinoyatchilik masalasiga umummillat ishi  deb  yondashib,  har birimiz birgalikda  jon  kuydirishimiz lozim.

Zero, davlatimiz kelajagi aynan shu yoshlarning qo‘lida!

Shu kabi, voyaga yetmaganlar jinoyatiga favqulodda holat sifatida qaralib, ularga taʼlim va tarbiyani berishda majburiyatlarini bajarmagan ota-onalar hamda yashash va o‘qish joylaridagi (mahalla yettiligi) mutasaddilarning javobgarligi kuchaytirildi.

Hurmatli fuqarolar!

Jinoyatlarning oqibatlari emas, ularning sabablarini, huquqbuzaliklarga imkon beruvchi shart-sharoitlarni bartaraf qilishni ustuvor vazifa deb xalq bilan  birgalikda  harakat qilishimiz  lozim.

Huquqbuzarlik va jinoyatlarga sabab bo‘layotgan oilaviy, ijtimoiy, moddiy va psixologik muammolarni hal qilishga, har bir fuqaroda “jinoyatchilikka qarshi immunitet”ni bolalikdan  shakllantirishga  alohida  eʼtibor  qaratamiz.

Shunday ekan, aholi va keng jamoatchilikni tumanimizda jinoyatlarni oldini olishga hamda ularni bartaraf etishga faol hamkorlikka, jinoyatchilikka qarshi murosasiz kurashishga, doimo ogoh bo‘lishga chaqiraman.

Zero ogohlik – davr talabidir!

Eʼtiboringiz uchun rahmat!

Chortoq tuman prokurori Z.Boyzoqov va tuman IIB boshlig‘i M.Nuʼmanov

Text to speech