Toʻraqoʻrgʻon tuman prokurori va tuman IIB boshligʻining tuman aholisiga murojaati
Assalomu alaykum hurmatli tumanimiz fuqarolari, aziz yurtdoshlar!
Muhtaram
Prezidentimizning tashabbuslari va bevosita rahbarligida barcha sohalardagi
islohotlar yangi bosqichga koʻtarildi, bunga barchamiz kundalik hayotimizda
guvoh boʻlmoqdamiz.
Bu
jaryonda xalqimiz tinchlik va osoyishtaligini taʼminlash, jinoyatchilikka
qarshi kurashishda preventiv choralarni amalga oshirish, jazo muqarrarligini
taʼminlash muhim va dolzarb ahamiyat kasb etadi.
Xokimlik,
huquqni muhofaza qilish va va mutasaddi idoralar
bilan birgalikda, tumanning har bir koʻchasida, mahallasida, bozorida,
istirohat bogʻida, jamoat joyida xavfsiz muhitni yaratish choralari
koʻrilayapti.
Aziz tumanimiz fuqarolari!
Prezidentimizning 2025-yil 3-yanvardagi
mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini
olish tizimi samaradorligini yanada oshirishga qaratilgan 1-sonli Qarorlari
asosida jinoyatlarning sabablarini “mahallabay” va “sohabay” muhokama qilish
tartibi, mahallalarni kriminogen darajasida toifalash tizimi, “mahalla
yettiligi” instituti, “ijtimoiy profilaktika” tamoyili asosida
huquqbuzarliklarning samarali profilaktikasini amalga oshirish orqali aholida
xavfsizlik hissini shakllantirish borasida qator chora-tadbirlar amalga
oshirilmoqda.
Qarorga muvofiq har bir mahallada
huquqbuzarlikning erta oldini olish, kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish
boʻyicha yangi mexanizm joriy etildi, tuman prokuraturasida idoralararo
muvofiqlashtiruvchi shtab faoliyati yoʻlga qoʻyildi.
Qaror ijrosi doirasida tumandagi jami
67 ta mahallaning kriminogen vaziyati ogʻir 8 tasiga masʼul rahbarlar nomma-nom
biriktirildi.
Choraklik manzilli chora-tadbirlar “yoʻl
xaritalari” ishlab chiqildi.
“Yoʻl xaritalari” ijrosi yuzasidan
joriy yil oʻtgan davrida mahallalardagi aholi gavjum joylarga 169 ta, koʻp
qavatli uylarning hovlisiga 360o gradus aylanuvchi 5 ta,
mahallalarning asosiy kirish-chiqish joylariga 46 ta, bozor va savdo markazlariga yuzni va
avtomobil raqamini tanib oluvchi 6 ta, jami boʻlib 227 ga yaqin kameralar,
uylarning kirish yoʻlaklariga 21 dan ortiq tashvish tugmalari oʻrnatildi, 45 ta
savdo muassasalari va qariyb 330 ta xonadonlar tezkor qoʻriqlovga olindi.
Mahallalarda fuqarolarni ogohlikka
chaqiruvchi “Hudud kamera nazoratida!”, “Obyekt qoʻriqlovda!” hamda “Xonadon qoʻriqlovda!”
kabi jami 1000 ga yaqin stikerlar joylashtirildi, mahallalarda 34 ta “namunaviy
xavfsiz koʻcha” hamda 68 ta “namunaviy xavfsiz yoʻlak” tashkil etildi, ichki
yoʻllar va koʻchalar 316 ta yoritish vositalari bilan taʼminlandi. Albatta bu
natija beryapti.
Misol uchun, yil boshidan beri
viloyatda oʻrnatilgan kameralar yordamida qochuvda yurgan 12 nafar, shu
jumladan jazodan boʻyin tovlab kelgan probatsiya hisobidagi 2 nafar
jinoyatchilar ushlangan boʻlsa, 37 ta jinoyatlar “issiq izi”dan fosh etildi.
Amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida “qizil” toifada qolgan 67 ta
mahallalarning 1 tasida kriminogen vaziyat saqlanmoqda.
Davlat rahbarining Qaroriga asosan
hududlarda kriminogen vaziyat hamda jinoyatchilikni oldini olish boʻyicha
kunlik soʻrov va oʻrganishlarni yoʻlga qoʻydik.
Bunda, kriminogen vaziyati ogʻir
mahallalarning jinoyat oʻchoqlari joyida oʻrganilmoqda, misol uchun, tuman
mahallalarida sodir etilgan 50 ta oldini olish mumkin boʻlgan jinoyatlar
sabablari tahlil qilinib, tegishli prokuror taʼsir choralari qoʻllanildi.
Endilikda, jinoyatlarning omil va
sabablarini oʻrganishdan tashqari oʻsha hududda amaliy tadbirlarni ham oʻtkazildi.
Endi eʼtiboringizni huquqbuzarlik va
jinoyatlarning oldini olish boʻyicha dastlabki bajarilgan ishlar va tahlillarning
natijalariga qaratsam.
Birinchi, jinoyatchilikka qarshi
kurashish faoliyati samaradorligini oshirishda sohaviy nazorat kuchaytirildi.
Ikkinchi, huquqni muhofaza qiluvchi
organlar ham, aholi ham koʻproq eʼtibor berishi lozim boʻlgan hamkorlik kuchaytirilishi
kerak boʻlgan bir nechta jinoiy omillarga diqqat qaratmoqchiman.
Shiddat bilan rivojlanayotgan
yurtimizda insonlar koʻproq pul topish bilan birga, noqonuniy boylik
orttirishning yangi yoʻllarini ham oʻylab topmoqdalar.
Keyingi vaqtlarda firibgarlik va
oʻgʻrilik jinoyati oshayotgani ham bunga yaqqol misol boʻladi.
Firibgarlik va oʻgʻrilik jinoyatlari
aksariyat hollarda axborot texnologiyalari va internet ijtimoiy tarmoqlari
orqali sodir etilayotganligi tashvishli holdir.
Soʻnggi vaqtlarda Oʻzbekiston huquq idoralari ilgari duch kelmagan kiber makondagi jinoyatlar salmogʻi ortishi anchagina tashkiliy choralar koʻrishni
taqozo etdi.
Maʼlumot uchun, tumandagi
jinoyatlarning 41,6 foizini (89 ta) axborot texnologiyalari sohasidagi
jinoyatlarni tashkil etmoqda.
Misol uchun, joriy yilning oʻtgan
davrida birgina plastik kartalardan pul mablagʻlarini yechib olish holatlari
yuzasidan 89 ta jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.
Kiber makonda sodir etilgan
jinoyatlarning 33 tasi firibgarlik hamda 54 tasi oʻgʻrilikni tashkil qilgan.
Soʻnggi yillarda bu toifadagi
jinoyatlar, bir necha baravarga koʻpaydi.
Shu sababli, aholimizdan firibgarlik
qurboni boʻlmaslik uchun, internet ijtimoiy tarmoqlari orqali kelayotgan turli
xil feyk xabarlardan ehtiyot boʻlishlarini hamda bank kartalari va hisob
raqamlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni sir saqlashni soʻrab qolamiz.
Bundan tashqari, joriy yilning oʻtgan
davrida tuman hududida 214 ta oldini olish mumkin boʻlgan shu jumladan,
mahallada olidini olish mumkin boʻlgan 74 ta jinoyatlar sodir etilgan boʻlib,
ushbu turdagi jinoyatlarni ortishiga asosan oʻgʻrilik (27 ta), tan jarohati
yetkazish (6 ta) jinoyatlar sababchi boʻlgan.
Shunga “oʻz mulkimni oʻzim asrayman”
degan har bir xonadon boʻladimi, tadbirkormi, asosiy shiori boʻlib
qolishini soʻraymiz.
Aziz tumanimiz fuqarolari!
Shu oʻrinda, kriminogen vaziyatga
taʼsir koʻrsatuvchi jinoyatlarning ayrim turlari borasida ham gapirmoqchiman.
Aytish kerakki, oʻtgan 5 oyi
yakuniga koʻra, voyaga yetmaganlar (3-2), yoshlar (20-14), guruhlar (7-3),ishsizlar
(7-0) jinoyatini kamaytirishga erishgan boʻlsakda, muqaddam sudlanganlar (3-5),
mast holda (1-2) jinoyatlari ortgan.
Xususan, oila va turmushda sodir
etilgan huquqbuzarliklarga oilaviy-maishiy muammolar asosiy sabab boʻlganligi
aniqlandi.
Shu sababli notinch, ajrim
yoqasidagi oilalarning mavjud muammolarini bartaraf etish boʻyicha boshqa
idoralar va keng jamoatchilikni jalb qildik.
Natijada, oʻtkazilgan oʻrganishlarda
kriminogen vaziyati ogʻir mahallalarda 142 ta ijtimoiy koʻmakka muhtoj xotin-qizlar
aniqlanib, ularning muammolarini hal qilish boʻyicha 91 ta choralar koʻrildi.
Ushbu jarayondan muqaddam sudlangan
va maʼmuriy nazoratdagi shaxslar ham chetda qolmadi.
Ularning 5 nafari kasb-hunarga
oʻqitildi, 10 nafarining bandligi taʼminlandi, 6 nafarining ijtimoiy
muammolari hal etildi.
Yoshlar oʻrtasidagi jinoyatchilik
masalasiga umummillat ishi deb yondashib, barcha birgalikda jon kuydirishi
kerak.
Faqat jinoyat uchun jazoni
taʼminlash bilan ovora boʻlib, jinoyatlarning sabab va omillarini koʻzdan
qochirsak oqibati yomon boʻladi.
Shu kabi, voyaga yetmaganlar
jinoyatiga favqulodda holat sifatida qaralib, ularga taʼlim va tarbiyani
berishda majburiyatlarini bajarmagan ota-ona hamda yashash va oʻqish
joylaridagi (mahalla yettiligi) mutasaddilarining javobgarligi kuchaytirildi.
Taʼlim muassasalari va jamoat
joylarida masʼullar profilaktik (davomat, tigʻ va reyd) tadbirlarida uzoq
muddatga ketgan 48 nafar bolalar, muntazam dars qoldiruvchi, tarbiyasi
ogʻir 6 nafar oʻquvchilar aniqlanib, maktablarga qaytarildi.
Qolaversa, hokimlik va mahalla
faollari bilan birgalikda ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan hamda
boquvchisini yoʻqotgan bolalarning 11 ta muammosi hal qilindi.
Maktabgacha va maktab taʼlim
muassasalarining kirish-chiqish joylariga xavfsizlikni taʼminlovchi 29 ta zamonaviy kameralar
oʻrnatildi.
Hurmatli fuqarolar!
Jamiyatimizda korrupsiya illatiga qarshi murosasizlik
bilan qarshi kurashni kuchaytirish choralari koʻrilmoqda.
Buning uchun, mutasaddi idoralarda korrupsiya
holatlarining barvaqt oldini olishga alohida eʼtibor qaratiladi.
Shu sababli, korrupsiyaning har qanday koʻrinishiga
barham berish yoʻlida qatʼiy murosasiz kayfiyatni shakllantirish, unga qarshi
kurashishda oʻz hissangizni qoʻshishga chaqiraman.
Hurmatli fuqarolar!
Juda koʻp masalalarda ish uslublarimiz oʻzgarishi
zarur, buning ustida ishlayapmiz. Prezidentimiz talab qilayotgan,
jinoyatlarning oqibatlari emas, ularning sabablarini, huquqbuzaliklarga imkon
beruvchi shart-sharoitlarni bartaraf qilishni ustuvor vazifa deb xalq bilan
birgalikda harakat qilishimiz kerak.
Buning uchun, har bir mahalla, xonadongacha tushib,
huquqbuzarlik omillarini aniqlashga eʼtiborimizni kuchaytiramiz, jinoyat sodir
etgan va bunga moyilligi bor fuqarolar bilan uchrashuvlar oʻtkazib, “fuqarobay”
ish tizimini joriy qilamiz.
Huquqbuzarlik va jinoyatga sabab boʻlayotgan oilaviy,
ijtimoiy, moddiy va psixologik muammolarni hal qilishga, har bir fuqaroda
“jinoyatchilikka qarshi immunitet”ni bolalikdan shakllantirishga alohida
eʼtibor qaratamiz.
Aziz hamyurtlar!
Jinoyatlarga qarshi kurashda prokuratura organlari,
koʻmak va hamkorlikda jinoyatlarning har qanday koʻrinishiga chek qoʻyishga
kafolat beradi.
Shunday ekan aholi va keng jamoatchilikni jinoyatlarni
oldini olishga hamda ularni bartaraf etishga faol hamkorlikka chaqiramiz.
Zero, sodir etilayotgan jinoyatlarni fosh etilishi va
oldi olinishida xalqimizdan masʼuliyat, tashabbuskorlik hamda daxldorlik hissi
bilan yondoshishni soʻrayman.
Shuni yana bir bor alohida qayd etamanki, jinoyatning
har qanday koʻrinishiga tezkor ravishda munosabat bildirishga, jinoyatga qoʻl
urganlarga nisbatan jazoning muqarrar taʼminlanishiga kafolat beraman.
Barchamiz jinoyatdan holi yangi Oʻzbekiston
uchun birlashaylik !!!
Toʻraqoʻrgʻon tuman prokurori A.Yusupov va tuman IIB boshligʻi J.Xusaynov