Vazifalar, funktsiyalar va huquqlar
O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi to'g'risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi (keyingi o'rinlarda – Vazirlik) ichki ishlar organlari tizimi faoliyatiga umumiy rahbarlik qiladigan va muvofiqlashtiradigan respublika davlat boshqaruv organi hisoblanadi.
Vazirlik bevosita O'zbekiston Respublikasi Prezidentiga, qonunda ko'zda tutilgan ayrim masalalar bo'yicha esa O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga bo'ysunadi.
O'zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri o'z maqomiga ko'ra O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tarkibiga kiradi.
2. Vazirlik o'z faoliyatida O'zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, O'zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining buyruqlari va farmoyishlariga, shuningdek ushbu Nizomga amal qiladi.
3. Vazirlik o'z faoliyatini bevosita hamda ichki ishlar organlari orqali, shu jumladan davlat organlari, fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari, boshqa tashkilotlar va fuqarolar, shuningdek ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikda amalga oshiradi.
4. Vazirlikning faoliyati ochiq va oshkora hisoblanadi, qonunda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Vazirlik davlat organlari, fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari va aholini mamlakatdagi kriminogen vaziyat, huquq-tartibotni muhofaza qilish va jamoat xavfsizligini ta'minlash holati, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish bo'yicha ko'rilayotgan chora-tadbirlar, shuningdek Vazirlik va ichki ishlar organlari zimmasiga yuklatilgan boshqa vazifalarning amalga oshirilishi to'g'risida tizimli ravishda xabardor qilib boradi.
5. Vazirlik yuridik shaxs hisoblanadi va O'zbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasviri tushirilgan va o'zining nomi yozilgan muhrga ega bo'ladi, shuningdek Vazirlik faoliyatining o'ziga xos xususiyatlarini aks ettiradigan va belgilangan tartibda tasdiqlanadigan o'z ramziga ega bo'lishi mumkin.
2-bob. Vazirlikning asosiy vazifalari va funktsiyalari
6. Quyidagilar Vazirlikning asosiy vazifalari hisoblanadi:
fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari, jismoniy va yuridik shaxslarning mol-mulki, konstitutsiyaviy tuzum himoya qilinishini, qonun ustuvorligini, shaxs, jamiyat va davlat xavfsizligini ta'minlash;
xalq bilan tizimli manzilli muloqotni, fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan yaqin hamkorlikni o'rnatish, aholining eng muhim muammolarini hal etishga har tomonlama ko'maklashish;
voyaga etmaganlar va yoshlarni Vatanga muhabbat, vatanparvarlik, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni hurmat qilish ruhida tarbiyalash, o'sib kelayotgan avlodni terrorizm, diniy ekstremizm, zo'ravonlik va shafqatsizlik g'oyalaridan himoya qilishga qaratilgan samarali ishlarni tashkil etish;
barcha darajadagi ichki ishlar organlari bo'linmalarining zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarishi bo'yicha, avvalambor, huquqbuzarliklar profilaktikasi va ularning oldini olish, jinoyatchilikka qarshi kurashish, tezkor-qidiruv va ekspert-kriminalistika faoliyati, surushtiruv va dastlabki tergovni amalga oshirish sohasidagi faoliyatini nazorat qilish, muvofiqlashtirish va samaradorligini ta'minlash;
jamoat tartibini saqlash va jamoat xavfsizligini himoya qilishni ta'minlash, muomalada bo'lishi taqiqlangan yoki qonun bilan cheklangan qurol-yarog', boshqa predmetlar va moddalarni sotib olish, hisobga olish, saqlash va ulardan foydalanish qoidalariga rioya etilishini nazorat qilishni tashkil etish;
yo'l harakati xavfsizligi va yong'in xavfsizligini ta'minlash, aholi migratsiyasi va pasport tizimi sohasidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan nazoratni tashkil etish;
jinoiy jazolar va boshqa jinoiy-huquqiy ta'sir choralari ijrosini, mahkumlarni tuzatish va qayta tarbiyalash, shuningdek shaxslarni qidirish ishlarini tashkil etish;
huquqbuzarliklar sodir etilishining sabablari va bunga imkon yaratadigan shart-sharoitlarni tizimli tahlil qilish, ularni, shu jumladan qonunchilik va huquqni qo'llash amaliyotini takomillashtirishga doir takliflar ishlab chiqish orqali bartaraf etish chora-tadbirlarini ko'rish;
jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish, fuqarolarda qonun buzilishiga murosasizlik munosabatini shakllantirish, ularga qonunga itoatkorlik xulq-atvorini hamda inson huquq va erkinliklarini hurmat qilish hissini singdirish;
ichki ishlar organlari kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash, malakasini oshirish, tanlash va joy-joyiga qo'yish, shuningdek xodimlarini huquqiy hamda ijtimoiy himoya qilishning samarali tizimini tashkil etish.
7. Zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun Vazirlik quyidagi funktsiyalarni amalga oshiradi:
a) fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari, jismoniy va yuridik shaxslarning mol-mulki, konstitutsiyaviy tuzum himoya qilinishini, qonun ustuvorligi, shaxs, jamiyat va davlat xavfsizligini ta'minlash sohasida:
ichki ishlar organlarining inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning buzilish sabablari va shart-sharoitlarini aniqlash hamda o'z vaqtida bartaraf etish borasidagi faoliyati samarali tashkil etilishini ta'minlash;
inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, qonuniylikni va qonun ustuvorligini ta'minlashga doir respublika va idoraviy dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirish, ichki ishlar organlarining ushbu yo'nalishdagi faoliyatini tizimli va kompleks tahlil qilish;
shaxs, jamiyat va davlat xavfsizligini ta'minlashga doir chora-tadbirlarni amalga oshirish, mamlakat suvereniteti va hududiy yaxlitligini himoya qilish, jamiyatda fuqarolar totuvligi va ahilligini saqlashda ishtirok etish;
xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlarning vakolatli organlari bilan xavfsizlik, inson huquqlari va qonun ustuvorligini ta'minlashning dolzarb masalalari yuzasidan hamkorlikni amalga oshirish, shuningdek ushbu sohadagi xalqaro shartnomalarga rioya etish;
davlatga qarashli, alohida muhim, toifalangan va boshqa ob'ektlar, shuningdek jismoniy va yuridik shaxslar mol-mulkini himoya qilishni tashkil etish;
xorijiy davlatlar, xalqaro tashkilotlarning diplomatik, konsullik va o'zga turdagi vakolatxonalari, boshqa ob'ektlar hamda yuklarni qonunchilikka muvofiq qo'riqlanishini tashkil etish;
fuqarolarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlariga rioya etmaslik, qonun buzilishi holatlari bo'yicha xizmat tekshiruvlarini o'tkazish va ichki ishlar organlari xodimlarini javobgarlikka tortish to'g'risida qarorlar qabul qilish;
b) xalq bilan tizimli manzilli muloqotni, fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan yaqin hamkorlikni o'rnatish, aholining eng muhim muammolarini hal etishga har tomonlama ko'maklashish sohasida:
ichki ishlar organlarining jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko'rib chiqish, ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini amalga oshirish bo'yicha ishini samarali tashkil etish, murojaatlarda ko'tarilayotgan muammolarga yuzaki munosabatda bo'lishga yo'l qo'ymaslik choralarini ko'rish;
ichki ishlar organlarining jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlarini ko'rib chiqish sohasidagi faoliyatini, shu jumladan joylarga chiqib, murojaatlarda ko'tarilayotgan muammolar bo'yicha zudlik bilan tegishli choralarni ko'rish orqali nazorat qilish hamda muvofiqlashtirishni amalga oshirish;
jismoniy va yuridik shaxslarning murojaati uchun asos bo'lgan qonun buzilishi holatlari va boshqa muammolarni kompleks va tizimli tahlil qilishni amalga oshirish, shuningdek qonun buzilishlarini bartaraf etish va muammolarni hal etishga doir takliflar ishlab chiqish;
jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari bilan ishlashni takomillashtirish, fuqarolarni tashvishga solayotgan muammolarni hal etish bo'yicha aholi bilan tizimli manzilli muloqotni yo'lga qo'yish, shuningdek aholining ichki ishlar organlariga bo'lgan ishonchini mustahkamlashga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;
yuklatilgan vazifalarning lozim darajada bajarilishi bo'yicha jamoatchilik nazoratini kengaytirish va ichki ishlar organlari mansabdor shaxslarining shaxsiy javobgarligini kuchaytirishga oid chora-tadbirlarni, xususan, jamoatchilikka o'z faoliyati to'g'risida hisobotlarni tizimli taqdim etib borishi orqali amalga oshirish;
davlat organlari va tashkilotlari, fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan aholining kundalik muammolarini hal etishda to'g'ridan-to'g'ri va yaqindan hamkorlikni yo'lga qo'yish;
aholiga uning kundalik muammolarini hal etishga har tomonlama ko'maklashish maqsadida ichki ishlar organlari faoliyatida ijtimoiy va davlat-xususiy sherikchilikni rivojlantirishni ta'minlash;
v) voyaga etmaganlar va yoshlarni Vatanga muhabbat, vatanparvarlik, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni hurmat qilish ruhida tarbiyalash, o'sib kelayotgan avlodni terrorizm, diniy ekstremizm, zo'ravonlik va shafqatsizlik g'oyalaridan himoya qilishga qaratilgan samarali ishlarni tashkil etish sohasida:
ichki ishlar organlarining voyaga etmaganlar va yoshlar, ayniqsa, ularning uyushmagan qismi o'rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi hamda boshqa g'ayriijtimoiy xatti-harakatlarning oldini olish, o'sib kelayotgan avlodni qonunga zid faoliyatga jalb etilishiga yo'l qo'ymaslik borasidagi faoliyatini samarali tashkil etish;
voyaga etmaganlar va yoshlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini ta'minlash, ularning umumiy o'rta, o'rta maxsus va kasb-hunar ta'limini olishlariga, ishga joylashishlariga ko'maklashish, shuningdek, manmunli dam olishlarini tashkil etish;
o'sib kelayotgan yosh avlodning ongida vatanparvarlik, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni, xalqning an'ana va urf-odatlarini hurmat qilish, shuningdek mustaqillik g'oyalariga sadoqat tuyg'usini chuqur singdirishga toptirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirish;
yoshlarni terrorizm, diniy ekstremizm, zo'ravonlik va shafqatsizlik g'oyalaridan, “ommaviy madaniyat”ning buzg'unchi ta'siri, shuningdek boshqa axborot va mafkuraviy tahdidlardan himoya qilishni tashkil etish;
voyaga etmaganlar tomonidan huquqbuzarliklar yoki boshqa g'ayriijtimoiy xatti-harakatlar sodir etilishining sabablari va shart-sharoitlarini bartaraf etishda davlat organlari va tashkilotlari, fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan yaqin hamkorlikni yo'lga qo'yish;
g) barcha darajadagi ichki ishlar organlari bo'linmalarining zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarishi bo'yicha, avvalambor, huquqbuzarliklar profilaktikasi va ularning oldini olish, jinoyatchilikka qarshi kurashish, tezkor-qidiruv va ekspert-kriminalistika faoliyati, surushtiruv va dastlabki tergovni amalga oshirish sohasidagi faoliyatini nazorat qilish, muvofiqlashtirish va samaradorligini ta'minlash sohasida:
ichki ishlar organlarining huquqbuzarliklar profilaktikasi, jinoyatchilik, terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish, shuningdek jinoyat ishlarini tergov qilish, kriminogen vaziyatni prognoz qilish amaliyotiga doir faoliyatining samaradorligini kompleks hamda tizimli tahlil qilishni tashkil etish;
ichki ishlar organlari faoliyatida huquqbuzarliklar profilaktikasi, jinoyatchilik, terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish, ularni sodir etish sabablari va buning uchun imkon yaratadigan shart-sharoitlarni bartaraf etishga doir chora-tadbirlarni rejalashtirish va amalga oshirish;
ichki ishlar organlarining jinoyatlar oldini olish, aniqlash, bartaraf etish va fosh qilish borasidagi faoliyatini tashkil etish va muvofiqlashtirish, terrorizm, ekstremizm va noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish;
davlat, jamoat va boshqa tashkilotlar rahbarlariga huquqbuzarliklarni sodir etish sabablari va buning uchun imkon yaratadigan shart-sharoitlarni bartaraf etishga doir taqdimnomalar, shuningdek huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish bo'yicha takliflar kiritish;
jinoyatlar, ayniqsa, voyaga etmaganlar va yoshlar o'rtasida uyushgan jinoiy guruhlar va hamjamiyatlar faoliyatining oldini olish, aniqlash va bartaraf etishga qaratilgan tezkor-qidiruv tadbirlarini tashkil etish;
qonunchilikka muvofiq ichki ishlar organlari tergoviga tegishli bo'lgan jinoyatlarni o'z vaqtida va to'liq fosh etish hamda har tomonlama tergov qilishni ta'minlash;
ichki ishlar organlarida surishtiruv va dastlabki tergovni amalga oshirish jarayonida qonuniylik, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga so'zsiz rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish;
tezkor-qidiruv tadbirlari va tergov harakatlarini texnik-kriminilastik ta'minlash, axborot-ma'lumotnoma va kriminalistika hisobi, kartoteka hamda kollektsiyalar yuritilishini tashkil etish;
ma'muriy huquqbuzarliklarga oid ishlarni yuritish, qonunda nazarda tutilgan hollarda ma'muriy jazoni qo'llash to'g'risidagi qarorlar bajarilishini tashkil etish;
d) jamoat tartibini saqlash va jamoat xavfsizligini himoya qilishni ta'minlash, muomalada bo'lishi taqiqlangan yoki qonun bilan cheklangan qurol-yarog', boshqa predmetlar va moddalarni sotib olish, hisobga olish, saqlash va ulardan foydalanish qoidalariga rioya etilishini nazorat qilishni tashkil etish sohasida:
ko'chalar va boshqa jamoat joylarida sodir bo'ladigan voqea-hodisalar, huquqbuzarliklarni, jamoat tartibini saqlash va jamoat xavfsizligini ta'minlash samaradorligini kompleks va tizimli tahlil qilishni tashkil etish;
jamoat tartibini saqlash va jamoat xavfsizligini ta'minlash, shuningdek shartnomaviy-huquqiy asosda jamoat tartibini saqlash va jamoat xavfsizligini ta'minlash xizmatlarini ko'rsatishni tashkil etish;
ichki ishlar organlari vakolatiga kiritilgan masalalar yuzasidan o'rnatilgan tartibda litsenziyalash va ruxsatnoma turidagi hujjatlarni berish, shuningdek litsenziya hamda ruxsat berish talablari va shartlariga rioya etilishini nazorat qilish;
ommaviy tadbirlarga tayyorgarlik ko'rish va ularni o'tkazishda, shuningdek aholi gavjum bo'ladigan joylarda jamoat tartibini saqlash va fuqarolar xavfsizligini himoya qilishga doir chora-tadbirlar amalga oshirilishini nazorat qilish, vazirlik va idoralarning bu boradagi faoliyatiga tashkiliy-uslubiy rahbarlik qilish hamda muvofiqlashtirish;
fuqarolarga tegishli va xizmat qurollari hamda ularning o'q-dorilari, sanoat uchun mo'ljallangan portlovchi materiallar, shuningdek pirotexnika buyumlari, giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va ular prekursorlarining muomalada bo'lishi sohasidagi huquqbuzarliklarning oldini olish, aniqlash hamda bartaraf etish;
davlat organlari va tashkilotlari, fuqarolik jamiyati institutlari hamda aholi bilan jamoat tartibini saqlash va jamoat xavfsizligini ta'minlash masalalari bo'yicha o'zaro hamkorlikni tashkil etish;
e) yo'l harakati xavfsizligi va yong'in xavfsizligini ta'minlash, aholi migratsiyasi va pasport tizimi sohasidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan nazoratni tashkil etish sohasida:
yo'l harakati xavfsizligi, yong'in xavfsizligini ta'minlash, shuningdek migratsiyani nazorat qilish va pasport tizimi talablariga rioya etilishi samaradorligini kompleks hamda tizimli tahlil qilish;
yo'l harakati xavfsizligini, shu jumladan yo'l-transport hodisalari va yo'l harakati qoidalari buzilishi profilaktikasi, shuningdek ularga qarshi kurashishni ta'minlash, huquqbuzarliklarni sodir etishga daxldor bo'lganlarni va ularning shaxsini aniqlash;
yong'inlarning oldini olish va profilaktikasi, aholi punktlari va iqtisodiyot tarmoqlari ob'ektlarida yong'in xavfsizligini ta'minlashga doir dasturlar hamda boshqa kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;
yong'indan saqlash bo'linmalarini o't o'chirish texnikasi va boshqa texnika vositalari bilan ta'minlash sohasida yagona texnika siyosatini amalga oshirish;
yong'inlarni o'chirishni, yong'in hududida qolgan odamlarni, jismoniy va yuridik shaxslar mol-mulkini qutqarishni tashkil etish hamda amalga oshirish, shuningdek yong'inlar va ular oqibatlari hisobini yuritish;
davlat yong'in nazoratini amalga oshirish;
davlat va xo'jalik boshqaruvi organlari, joylardagi davlat hokimiyati organlari, fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari, tashkilotlar va fuqarolarga aniqlangan huquqbuzarliklarni bartaraf etish hamda yong'inlarning oldini olish tadbirlarini o'tkazish to'g'risida ko'rsatmalar kiritish;
pasport tizimi qoidalari va O'zbekiston Respublikasida bo'lish tartibiga rioya etilishi ustidan nazoratni tashkil etish;
O'zbekiston Respublikasiga kirish va chiqish uchun zarur hujjatlar, doimiy va vaqtinchalik yashash uchun ruxsatnomalarni berish va rasmiylashtirish ishlarini tashkil etish hamda amalga oshirish;
O'zbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo'lmagan shaxslarning O'zbekiston Respublikasi fuqaroligi masalasi bo'yicha murojaatlari ko'rib chiqilishini tashkil etish;
j) jinoiy jazolar va boshqa jinoiy-huquqiy ta'sir choralari ijrosini, mahkumlarni tuzatish va qayta tarbiyalash, shuningdek shaxslarni qidirish ishlarini tashkil etish sohasida:
belgilangan tartibda jinoiy jazolar va boshqa jinoiy-huquqiy ta'sir choralari ijrosini, shuningdek mahkumlarni tuzatish va qayta tarbiyalash ishlarini tashkil etish;
jazoni ijro etish muassasalari va tergov hibsxonalarida huquqbuzarliklar profilaktikasi va ularning oldini olish, jinoyatlarni bartaraf etish va fosh etish, huquq-tartibot hamda qonuniylikni ta'minlashga doir tadbirlarni amalga oshirish;
jazoni ijro etish muassasalarining ishlab chiqarish, moddiy-texnik bazasini rivojlantirish va takomillashtirish, mahkumlar bandligini ta'minlash uchun yangi ish o'rinlari yaratishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish;
surishtiruv, tergov organlaridan va suddan yashirinib, jinoiy jazodan qochib yurgan shaxslarni, bedarak yo'qolgan va qonunchilikda nazarda tutilgan holatlarda boshqa shaxslarni qidirishni, shuningdek shaxsi aniqlanmagan murdalar shaxsini aniqlashni tashkil etish;
xorijiy davlatlarning vakolatli organlari bilan belgilangan tartibda shaxslarni xalqaro qidirish, hisbga olinganlarni olib kelishni ta'minlashda hamkorlikni muvofiqlashtirish va amalga oshirish;
z) huquqbuzarliklar sodir etilishining sabablari va bunga imkon yaratuvchi shart-sharoitlarni tizimli tahlil qilish, ularni, shu jumladan, qonunchilik va huquqni qo'llash amaliyotini takomillashtirishga doir takliflar ishlab chiqish orqali bartaraf etish chora-tadbirlarini ko'rish sohasida:
ichki ishlar organlari faoliyatini yuridik ta'minlash va ularning qonun ijodkorligi hamda huquqni qo'llash amaliyotida qonuniylikka rioya etishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish;
qonunchilik va huquqni qo'llash amaliyotida huquqbuzarliklarni sodir etish sabablari va shart-sharoitlari bo'lgan omillarni aniqlashni ta'minlash, shuningdek ularning tizimli tahlilini amalga oshirish;
qonunchilik va huquqni qo'llash amaliyotini takomillashtirish, huquqbuzarliklarni sodir etish sabablari va shart-sharoitlarini bartaraf etishga doir takliflar ishlab chiqish hamda amalga oshirish, shuningdek ularni davlat hokimiyati va boshqaruvi organlariga belgilangan tartibda kiritish;
ichki ishlar organlari faoliyatini takomillashtirish, ular zimmasiga yuklatilgan vazifa va funktsiyalarni amalga oshirish masalalari bo'yicha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish;
normativ-huquqiy hujjatlarning tizimlashtirilgan hisobini yuritish;
i) jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish, fuqarolarda qonun buzilishiga murosasizlik munosabatini shakllantirish, ularga qonunga itoatkorlik xulq-atvorini hamda inson huquq va erkinliklarini hurmat qilish hissini singdirish sohasida:
jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish, fuqarolarda qonun buzilishiga murosasizlik munosabatini shakllantirish, ularga qonunga itoatkorlik xulq-atvorini hamda inson huquq va erkinliklarini hurmat qilish hissini singdirish maqsadida aholi o'rtasida huquqiy targ'ibot va ma'rifat bo'yicha ichki ishlar organlarining muvofiqlashtirilgan ishini tashkil etish;
davlat organlari va tashkilotlari, O'zbekiston “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, “Nuroniy” jamg'armasi va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini ichki ishlar organlarining aholi o'rtasidagi huquqiy targ'ibot va ma'rifat ishlariga jalb qilish;
aholi o'rtasida huquqiy bilimni targ'ib qilish va qonunchilik normalari mazmun-mohiyatini, shuningdek mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarning maqsad va vazifalarini tushuntirishda ishtirok etish;
huquqbuzarliklardan jabrlangan shaxslar, g'ayriijtimoiy xulqli, huquqbuzarliklarni sodir etishga moyil va sodir etgan shaxslarning ijtimoiy reabilitatsiya hamda ijtimoiy moslashtirish chora-tadbirlarini amalga oshirish;
jismoniy shaxslar va yuridik shaxslar vakillarini qabul qilishni amalga oshirish va tashkil etish, ularning murojaatlarini qonunchilikda belgilangan tartibda ko'rib chiqish va hal etishni ta'minlash;
aholi o'rtasida huquqiy targ'ibot va ma'rifat bo'yicha axborot, tashkiliy va boshqa chora-tadbirlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirilishini ta'minlash;
aholi o'rtasida huquqiy targ'ibot va ma'rifat ishlarini amalga oshirishda ommaviy axborot vositalari, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanishni tashkil qilish;
k) ichki ishlar organlari kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash, malakasini oshirish, tanlash va joy-joyiga qo'yish, shuningdek xodimlarini huquqiy hamda ijtimoiy himoya qilishning samarali tizimini tashkil etish sohasida:
ichki ishlar organlari xodimlarini tanlash, o'rganish va joy-joyiga qo'yishni, rahbar kadrlar zaxirasini shakllantirish va ular bilan ishlashni tashkil etish;
kadrlar bilan ishlash holatini tahlil qilish va baholash, uni yanada takomillashtirish va ichki ishlar organlarining kadrlar salohiyatini kuchaytirish bo'yicha ustuvor yo'nalishlarni begilash;
ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan mansab vakolatlarini suiiste'mol qilish, koruptsiya holatlari va qonunga zid boshqa xatti- harakatlar sodir etilishini o'z vaqtida aniqlash, bartaraf etish va profilaktikasini amalga oshirish;
ichki ishlar organlari xodimlarining kasbiy, jismoniy va jangovar tayyorgarligini tashkil etish;
ichki ishlar organlari xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish jarayonini tashkil etish;
ichki ishlar organlari ta'lim muassasalarida ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlashni ta'minlash;
ichki ishlar organlari xodimlari bilan ma'naviy-tarbiyaviy ishlarni, ularni rag'batlantirish va intizomiy javobgarlikka tortishni tashkil etish;
ichki ishlar organlari xodimlarining qonuniy faoliyatiga aralashish holatlariga barham berish choralarini ko'rish;
ichki ishlar organlari xodimlarining sog'lig'ini saqlash, mehnatiga haq to'lash, ularni uy-joy bilan ta'minlash, xizmat majburiyatlarini bajarish munosabati bilan ichki ishlar xodimlari yoki ularning yaqin qarindoshlari mol-mulkiga etkazilgan zararni qoplash, davlat pensiya ta'minoti, davlat sug'urtasini, shuningdek xodimlar va ularning oilasiga qonunga muvofiq ijtimoiy yordam ko'rsatilishini tashkil etish;
ichki ishlar organlarining jangovar va safarbarlik tayyorgarligini ta'minlash;
ichki ishlar organlarining davolash-profilaktika, sport, sog'lomlashtirish, maktabgacha ta'lim muassasalari faoliyatini tashkil etish.
Vazirlik qonun hujjatlarida belgilangan boshqa funktsiyalarni ham amalga oshirishi mumkin.
3-bob. Vazirlikning huquqlari va javobgarligi
8. Vazirlik zimmasiga yuklatilgan vazifalar va funktsiyalarni bajarish uchun quyidagi huquqlarga ega:
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti, O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va boshqa davlat organlariga ko'rib chiqish uchun qonunchilik va huquqni qo'llash amaliyotini takomillashtirish masalalari bo'yicha o'rnatilgan tartibda takliflar kiritish;
fuqarolarni ularning roziligi bilan hamkorlikka jalb etish, shuningdek ichki ishlar organlariga yordam bergan va jamoat tartibini saqlash, jamoat xavfsizligini ta'minlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va korruptsiyaga qarshi kurashishda o'rnak ko'rsatgan fuqarolarni rag'batlantirish;
davlat organlari, boshqa tashkilotlar yoki manfaatdor shaxslarga huquqbuzarliklarni, shuningdek ularning sodir etilishiga imkon yaratgan sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish to'g'risida bajarilishi majburiy bo'lgan taqdimnomalarni kiritish;
boshqa vazirliklar, davlat qo'mitalari va idoralari bilan hamkorlikda qarorlar va boshqa hujjatlar chiqarish;
jinoyatlar tafsilotlari, ularni sodir etgan shaxslarni aniqlash hamda shaxslarni qidirish uchun davlat organlari tomonidan ta'sis etilgan ommaviy axborot vositalarining imkoniyatlaridan bepul foydalanish;
tashkilotlar va fuqarolardan ichki ishlar organlari faoliyatini amalga oshirish uchun zarur bo'lgan ma'lumotni bepul olish, qonunda boshqacha tartib o'rnatilgan hollar bundan mustasno;
jinoyatlar, boshqa huquqbuzarliklarni oldini olish va fosh etish maqsadida texnika va maxsus vositalardan foydalangan holda axborot tizimlari hamda ma'lumotlar bazasini yaratish;
ichki ishlar organlari faoliyatini yoritish, normativ-huquqiy hujjatlar, rasmiy e'lonlarni chop etish, ichki ishlar organlari zimmasiga yuklatilgan vazifalar bo'yicha boshqa materiallarni joylashtirish uchun qonunga muvofiq bosma va elektron ommaviy axborot vositalarini ta'sis etish;
ikki tomonlama va ko'p tomonlama kelishuvlar asosida xorijiy mamlakatlarning huquqni muhofaza qilish organlari, jamoat birlashmalari va xalqaro tashkilotlar bilan xalqaro hamkorlikni amalga oshirish;
huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish bilan bog'liq tadbirlarni o'tkazish uchun vazirlik va idoralarning mutaxassislarini jalb etish;
jismoniy va yuridik shaxslarga davlat xizmatlari ko'rsatish tartibini takomillashtirish uchun davlat unitar korxonalari tashkil etish to'g'risida takliflar kiritish;
ichki ishlar organlari bo'linmalarining ramzlarini, shu jumladan farqlovchi ko'krak nishonlarini ta'sis etish.
Vazirlik qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo'lishi mumkin.
9. Vazirlik ichki ishlar organlari zimmasiga yuklatilgan vazifalar va funktsiyalarning samarali bajarilishi uchun javobgardir.
4-bob. Vazirlik faoliyatini tashkil etish
10. Vazirlikka O'zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan O'zbekiston Respublikasining Bosh vaziri taqdimnomasiga binoan tasdiqlanadigan va O'zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimidan ozod etiladigan O'zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri (keyingi o'rinlarda – vazir) boshchilik qiladi.
11. Vazir:
ichki ishlar organlari tizimiga umumiy rahbarlikni ta'minlaydi;
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti, O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ko'rib chiqishi uchun tashkiliy-shtatlar, moliyaviy-iqtisodiy, moddiy-texnik va ichki ishlar organlari zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish bilan bog'liq bo'lgan boshqa masalalar yuzasidan takliflarni o'rnatilgan tartibda kiritadi;
Vazirlik va uning bo'linmalari tuzilmasiga ularning jami cheklangan shtatlar soni doirasida belgilangan tartibda o'zgartirishlar kiritadi;
mol-mulk va ob'ektlarni qo'riqlash, jamoat xavfsizligini ta'minlash va qonunda nazarda tutilgan boshqa faoliyat yo'nalishlari bo'yicha xizmat ko'rsatish to'g'risidagi shartnomalar asosida tushadigan mablag'lar hisobidan Moliya vazirligi bilan kelishgan holda Vazirlikning tegishli bo'linmalari xodimlarining qo'shimcha shtat birliklarini kiritadi;
o'z vakolati doirasida Vazirlik bo'linmalarining tashkiliy tuzilmalarini tasdiqlaydi;
o'z vakolati doirasida Vazirlik bo'linmalari to'g'risidagi nizomlarni, shuningdek hududiy ichki ishlar organlari to'g'risidagi namunaviy nizomlarni tasdiqlaydi;
davlat organlari, tashkilotlari va aholi, shuningdek xalqaro tashkilotlar bilan o'zaro munosabatlarda Vazirlik nomidan ish ko'radi;
Vazirlikka berilgan vakolatlar doirasida buyruqlar, farmoyishlar va boshqa hujjatlar chiqaradi, ularning bajarilishi nazoratini tashkil etadi;
o'zining o'rinbosarlari vakolatlarini belgilaydi, ular o'rtasida majburiyatlarni taqsimlaydi, Vazirlik tizimining boshqa mansabdor shaxslari vakolatlarini, Vazirlikning ayrim uchastkalari faoliyati va ichki ishlar organlari ishiga rahbarlik qilish uchun o'z o'rinbosarlari hamda boshqa mansabdor shaxslarning javobgarlik darajalarini belgilaydi;
hududiy ichki ishlar organlari boshliqlarining qonunchilik talablarini buzgan holda qabul qilgan qarorlarini (yozma ko'rsatmalarini) bekor qiladi;
ichki ishlar organlari xodimlariga o'rnatilgan tartibda maxsus unvonlar beradi, O'zbekiston Respublikasi Prezidentiga ichki ishlar organlari generallari tarkibiga unvonlar berish haqida taqdimnoma kiritadi;
Vazirlik stipendiyasini ta'sis etadi, Vazirlikning oliy ta'lim muassasalari tinglovchilari va kursantlariga bunday stipendiya miqdorini va to'lash shartlarini belgilaydi;
ichki ishlar organlari xodimlari, Vazirlikning oliy ta'lim muassasalari tinglovchilari va kursantlarini rag'batlantirish hamda ularga nisbatan intizomiy jazolar qo'llash masalalarini hal etadi, O'zbekiston Respublikasining faxriy unvonlari va davlat mukofotlariga taqdim etadi;
Vazirlik zimmasiga yuklangan vazifalar va funktsiyalarning bajarilishi uchun shaxsan javob beradi;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
12. Vazir O'zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadigan va ozod etiladigan etti nafar o'rinbosar, shu jumladan bir nafar birinchi o'rinbosarga ega.
Vazir bo'lmagan hollarda uning vazifasini birinchi o'rinbosar bajaradi.
Majburiyatlar taqsimotiga muvofiq vazir o'rinbosarlari Vazirlik faoliyatining aniq yo'nalishlariga rahbarlik qiladi.
Vazirning topshirig'i bo'yicha uning o'rinbosarlari o'z vakolatlari doirasida farmoyishlar va ko'rsatmalar chiqaradi.
13. Vazirlikda vazir (hay'at raisi), uning o'rinbosarlari (lavozimi bo'yicha), shuningdek Vazirlikning asosiy faoliyat yo'nalishlarini amalga oshiruvchi tarkibiy bo'linmalari rahbarlaridan iborat tarkibda hay'at tashkil etiladi.
Hay'at a'zolarining soni va shaxsiy tarkibi Vazirning taqdimnomasiga binoan O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Hay'at ushbu Nizomda belgilangan asosiy vazifalarni amalga oshirish bilan bog'liq masalalarni ko'rib chiqadi.
Hay'at majlislariga Vazirlik vakolatiga kiradigan masalalarni ko'rib chiqish uchun boshqa vazirliklar, davlat qo'mitalari, idoralar, joylardagi davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlarning rahbarlari taklif etilishi mumkin.
Hay'at uning majlisda tarkibining yarmidan ko'pi qatnashgan taqdirda vakolatli bo'ladi. Ko'rib chiqilayotgan masalalar bo'yicha qarorlar oddiy ko'pchilik ovoz bilan qabul qilinadi.
Vazir va hay'at a'zolari o'rtasida kelishmovchilik paydo bo'lgan taqdirda vazir mustaqil ravishda qaror qabul qiladi, kelib chiqqan kelishmovchiliklar to'g'risida O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga axborot beradi.
Hay'atning faoliyati tartibi uning hay'at tasdiqlaydigan reglamentida belgilanadi.
14. Vazirlikda ichki ishlar organlari faoliyatini takomillashtirish masalalarini kompleks hal etish uchun kengashlar va komissiyalar tuzilishi mumkin. Kengashlar va komissiyalar tarkibi, shuningdek ularning nizomlari Vazir tomonidan tasdiqlanadi.
15. Hududiy ichki ishlar organlari yuridik shaxs hisoblanadi va o'z faoliyatini Vazir tomonidan tasdiqlanadigan nizomlarga asosan amalga oshiradi.
Hududiy ichki ishlar organlariga Vazir tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan boshliqlar rahbarlik qiladi, Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi tomonidan vazir bilan kelishilgan holda lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan Qoraqalpog'iston Respublikasi ichki ishlar vaziri bundan mustasno.
Hududiy ichki ishlar organlari joylardagi davlat hokimiyati organlaridan mustaqil va bevosita Vazirlikka bo'ysunadi.