10 Noyabr 2025 yil 116

Namangan viloyati hokimining yoshlar bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi

Hozirgi kunda yoshlar bilan ishlash, ularni zamonaviy kasb va yo‘nalishlarga to‘g‘ri yo‘naltirish, ularning shaxsiy rivojlanishi, intellektual salohiyati hamda iqtidor va isteʼdodini ro‘yobga chiqarish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Shuningdek, rahbarlar tomonidan yoshlar bilan muntazam uchrashuvlar o‘tkazilib, ularning taklif va muammolari tinglanmoqda hamda aniq choralar orqali ijobiy hal etilmoqda. Bu yo‘nalishda yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, taʼlim va kasbga o‘qitish dasturlari, innovatsion tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash choralari dolzarb vazifa sifatida belgilanib, ularning jamiyatda munosib o‘rnini topishiga zamin yaratmoqda.

Namangan viloyati IIB Jamoat tartibini saqlash boshqarmasida Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov, viloyat IIB boshlig‘i hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar rahbarlarining otaliqqa olingan yoshlar bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda 100 nafardan ortiq yoshlar ishtirok etib, ularning murojaatlari, taklif va muammolari tinglandi. Shu asosda kelib tushgan murojaatlarni ijobiy hal etish bo‘yicha masʼullarga tegishli topshiriqlar berilib, ularning ijrosi qatʼiy nazoratga olindi.

Maʼlumot uchun, viloyatda jami 3 987 nafar yosh huquq-tartibot va mudofaa idoralarining 403 nafar masʼul xodimiga biriktirilgan. Shuningdek, yoshlar tomonidan ko‘tarilgan 1 805 ta muammoning 96,6 foizi ijobiy hal etilgan.

Namangan viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech