Namangan viloyati IIB boshlig‘i Pop tumanidagi 7552-sonli harbiy qism faoliyatini o‘rgandi
Namangan viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i tomonidan viloyat hududida joylashgan ichki ishlar organlariga qarashli obyektlar, sohaviy xizmatlar hamda u yerdagi xodimlarning xizmat faoliyati tizimli ravishda o‘rganilib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va amaliy yordam ko‘rsatish ishlari izchil davom ettirilmoqda.
Shu doirada, boshqarma rahbari navbatdagi o‘rganish davomida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Qorovul qo‘shinlariga qarashli 7552-sonli harbiy qism faoliyatini o‘rgandi. O‘rganish jarayonida harbiy xizmatchilarning xizmat faoliyati, ularga yaratilgan shart-sharoitlar, shuningdek, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holati atroflicha ko‘zdan kechirildi.
Xususan, harbiy qism hududidagi “Maʼnaviyat markazi”, oshxona, avtosaroy, yotoqxona va boshqa obyektlar bilan yaqindan tanishildi. Shu bilan birga, harbiy qism rahbariyatiga xizmat intizomini mustahkamlash, xodimlarning o‘z xizmat vazifalarini bajarishda qonuniylik va tartib-intizomga qatʼiy rioya etishini taʼminlash yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.
Mazkur o‘rganishlar tizimning barcha sohalarida olib borilib, ichki ishlar organlari tizimida xizmat faoliyatini yana-da takomillashtirish, xodimlar uchun zarur sharoitlarni yaratish va kuz-qish mavsumiga puxta tayyorgarlikni taʼminlashga xizmat qilmoqda.
Namangan viloyati IIB Axborot xizmati