7 Noyabr 2025 yil 244

Namangan viloyati IIB boshlig‘i Pop tumanidagi 6-sonli jazoni ijro etish koloniyasi faoliyati bilan tanishdi

Namangan viloyati IIB rahbariyati tomonidan viloyatdagi ichki ishlar organlari, sohaviy xizmatlar hamda ularning moddiy-texnik bazasi holati muntazam nazoratdan o‘tkazilib, aniqlangan masalalar bo‘yicha amaliy yordam ko‘rsatilib kelinmoqda.

Shu doirada, boshqarma boshlig‘i Pop tumani hududida joylashgan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamentining 2-mintaqaviy hududiga qarashli 6-sonli jazoni ijro etish koloniyasi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

O‘rganish jarayonida xodimlar uchun yaratilgan mehnat va dam olish sharoitlari, jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlar hamda ularning yaqinlari uchun yaratilgan qulayliklar, mahkumlar oshxonasi, yotoqxonalar, xizmat ko‘rsatish binolari va yordamchi xonalar holati ko‘zdan kechirildi.

Shuningdek, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari ham o‘rganilib, isitish tizimlarining holati, yoqilg‘i zahiralari, sanitariya va gigiyena talablari bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Mazkur o‘rganish davomida mahkumlar bilan ham suhbat o‘tkazilib, ularning muammo va takliflarini tingladi, mavjud masalalar bo‘yicha tegishli mas‘ullarga topshiriqlar berdi. Shuningdek, koloniyada faoliyat yuritayotgan kasb-hunar o‘qitish markazining ish jarayoni o‘rganilib, mahkumlarni foydali kasblarga o‘qitish va mehnatga jalb etish samaradorligini oshirish topshiriq berildi.

O‘rganishlarda koloniya rahbariyatiga xodimlarning xizmat intizomini mustahkamlash, qonuniylikka qatʼiy amal qilish, mahkumlar uchun yaratilgan shart-sharoitlarni doimiy ravishda yaxshilab borish yuzasidan aniq topshiriqlar berildi.

Bunday o‘rganishlar tizimning barcha sohalarida izchil olib borilmoqda va ichki ishlar organlarining faoliyat samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda.

Namangan viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech